Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aks-sado: «Qayerdasiz, «Zulfiyachi»lar?»

Aks-sado: «Qayerdasiz, «Zulfiyachi»lar?»

Foto: O‘zA

«Adolat» gazetasining navbatdagi sonida «Xabar.uz»da e’lon qilingan maqolaga javob tariqasida «Qayerdasiz, «Zulfiyachi»lar?» nomli maqola e’lon qilindi. Uni quyida e’tiboringizga havola etamiz.


Yaqinda «Xabar.uz» saytida Nurbek Alimovning «Nega Zulfiyachi deganda Tetcher va Kyuri kabi intellektuallar ko‘z oldimizga kelmaydi?» sarlavhali maqolasini o‘qib qoldim. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlarini biryoqlama tasvirlagan mulohazalarni o‘qib, ochig‘i, ushbu «qalam sohibi»ning ayrim fikrlari ko‘nglimda g‘alayon uyg‘otgan bo‘lsa, «qog‘oz qoralash»ga arzimaydigan ayrim fikrlarga biroz achindim ham.

Maqola «Zulfiyachi» qizlarning dunyoni boshqacha ko‘z bilan ko‘rishi, ularning hammasi bir xil odamchalarga o‘xshashi va ularning qo‘lidan faqat chiroyli gapirishgina kelishi haqidagi fikrlar bilan boshlangan. «Shu qizlarning ichida jiddiyroq, mushohadali, oqim bilan suzuvchi bo‘lmagan, o‘z pozitsiyasida mustahkam turuvchi haqiqiy intellektual shaxs bormi? Nega Zulfiyachi deganda telbanamo, jo‘shqin hissiyotli, aqldan ozar darajada super shoiraga aylanib ketgan qiz ko‘z oldimga keladi? Nega Zulfiyachi qiz deganda Mariya Kyuri yoki Margaret Tetcher kabi o‘ta intellektual ayollarni ko‘z oldimga keltira olmayman? Faqatgina trans holatiga tushganday ko‘zlari yarim yumuq, boshlarini chayqab, balandparvoz gaplar bilan kimnidir ulug‘layotgan qizlar yodimga kelaveradi? Nega Zulfiya mukofoti har xil nominatsiyalarda berilsa ham bu klishe, shablon miyamga o‘rnashib qolgan? Faqat menda shunaqami?». Muallif o‘ziga shunchalar ko‘p savol beradiki, go‘yo bu bilan o‘quvchini jalb qilishga harakat qiladi.

To‘g‘ri, har kim o‘zicha fikrlaydi. Ammo ommaviy axborot vositasi orqali o‘zining shaxsiy va yuzaki nuqtai nazarini bildirish, ayniqsa, bugun davlatimiz ishonch bildirib, mukofotga sazovor bo‘lgan qizlarni «telbanamo» deb tasvirlash to‘g‘rimikan? Muallif maqolani yozish uchun biroz izlanib, keyin fikrlarini qog‘ozga tushirganida, maqolada aytilganidek, o‘zi bilgan ikki qiz bilan 300 nafarga yaqin davlat mukofoti sovrindoriga bunday noxolis baho bermagan bo‘lardi.

Shu o‘rinda muallif qalamga olgan mashhur intellektual ayollar hayotiga bir qur nazar solishni joiz bildik. Dunyoga mashhur Margaret Tetcher «Men ijtimoiy va siyosiy hayotda nimagaki erishgan bo‘lsam, hammasiga qattiqqo‘l va talabchan otamning sharofati bilan erishdim» degan ekan. XX asrning eng yorqin siymolaridan hisoblangan ushbu ayol dunyoga mashhur siyosatchi bo‘lib tanilganida 40 yoshga yaqinlashib qolgan edi. Otasining tarbiyasi, qattiqqo‘lligi uning shu darajaga yetishiga imkon yaratdi. U universitetni tamomlagach, plastmassa ishlab chiqaruvchi firmada ishlagani, keyinchalik turmush qurib, farzandli bo‘lib, undan keyingina siyosatda o‘zini sinab ko‘rganidan xabarimiz bor. Muallif «yoshgina qizaloq, ammo buyuk demagog» deb ta’riflagan qizlar ham yillar o‘tib, mana shunday yutuqlarni qo‘lga kiritar balki.

Ta’kidlash joiz, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti 1999-yilda ta’sis etilgan. Har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan a’lo xulqi, noyob iste’dodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari hamda ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport sohalarida va jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun 14 nafar qiz mazkur mukofot bilan taqdirlanib keladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 2-fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan bu yildan e’tiboran Zulfiya nomidagi davlat mukofotini o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga berish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi. Bu yil 28 nafar iste’dodli qizimiz ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi.

«Zulfiya qizlari» deganda faqat kecha mukofotni olgan litsey yoki kollej o‘quvchisini tushunmaslik kerak. Bu mukofot iqtidorli qizlar, bo‘lajak Zulfiyaxonim, Uvaysiy, Nodirabegim, To‘maris va, qo‘yingki, siz aytgan Tetcher va Kyurilar uchun bir rag‘bat va turtki.

Insonning qay darajada tarbiya topishi, kasb-hunar egallashi, hayotiy pozitsiyasiga ega bo‘lishida oilada olgan tarbiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Men ham 2004-yili ta’lim yo‘nalishida ushbu mukofotga sazovor bo‘lganman. Bolaligimda ota-onamning qo‘llab-quvvatlashi, talabchanligi, kitobga, bilim olishga rag‘batlantirishi katta yutuqlarni qo‘lga kiritish orzusini uyg‘otgan. Kechagidek esimda, otam davlat tashkilotlaridan birida ishlardi. To‘rt farzandining bilim olishi, bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishi, fan to‘garaklariga qatnashi uchun har kunlik mablag‘ni taqsimlab, o‘zi piyoda ishga ketardi. Fan olimpiadalari, kitobxonlik tanlovlarida ishtirokim uchun barcha sharoitni yaratib berar, tanlovlarda men bilan birga hayajonlanardi, g‘olib bo‘lsam, o‘zini g‘olib hisoblardi. Tug‘ilgan kunlarimizda kitob sovg‘a qilishni odat qilgan otam keyinchalik oylik maoshini oldindan olib, men va ukalarimga kompyuter sotib olganida otalik mas’uliyatining naqadar kuchli ekanini bola ko‘nglim to‘la anglamagandir balki. Lekin o‘zim farzandli bo‘lib, farzandimning kichik yutuqlaridan ham faxrlanishni boshlaganimdan keyin bu mukofotga sazovor bo‘lganimda ota-onamning his-tuyg‘ulari va mehnatlarini to‘la anglab yetdim.

Oliy ta’limning bakalavr, magistratura bosqichlarini tamomlab, avval matbuot, hozir esa siyosiy partiya tizimida ishlayapman. Asosiy ishim bilan bir qatorda «Siyosiy publitsistika: mavzu dolzarbligi va talqin xilma-xilligi muammolari» mavzusida doktorlik dissertatsiyasi uchun mustaqil ilmiy izlanish olib bormoqdaman. Jurnalistika yo‘nalishida ko‘plab yutuqlarga erishdim, ilmiy-ommabop maqolalar bilan matbuotda muntazam ishtirok etaman. Maqsadlarim juda ko‘p. Yillar o‘tadi, vaqt, tajriba, olingan bilimlar samara beraveradi. Bu birgina mening ish, ijodiy va ilmiy faoliyatimning bir qismi xolos. Vaholanki, mukofot sovrindorlarining har biri o‘z yo‘nalishida bosqichma-bosqich turli yutuqlarga erishib kelmoqda. Men bu mulohazani o‘zim uchun emas, balki 300 ga yaqin safdoshim nomidan yozayapman. Bugun siz «yosh qizaloq», «singlim» deb murojaat qilgan qizlar allaqachon katta bo‘lib ulgurishdi. Mukofot olganda siz aytgan intellektga to‘la erishmagan bo‘lsa-da, bugun ular orasida fan nomzodi va doktorlari, yosh izlanuvchilar, deputatlar, rahbar ayollar bor. Bugun ular tajribali shifokor, qalami o‘tkir jurnalist, malakali o‘qituvchi, xalqaro munosabatlar bilimdoni, tadbirkor, fermer va faol talaba sifatida jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotir. Adabiyot, san’at, fan, ta’limda o‘z so‘zini ayta olayotgan qizlar, nahotki, maqola muallifining e’tiboriga tushmadi? Muallif «shaxsan tanigan ikki qiz»dan boshqasini tanishga vaqt yoki e’tibor ajrata olmagani mukofot sovrindorlarining aybi emas.

Fikrimni misollar bilan davom ettirmoqchiman. Fan yo‘nalishida mukofotga sazovor bo‘lgan qizlar orasida Yorqinoy Ernazarova, Bonu Azizova, Xurshida Xoliqova, Hulkaroy Sulaymonova, Qumar Begniyozova yosh olim sifatida fanning dolzarb muammolarini yechishga, doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. San’at yo‘nalishida sovrindor bo‘lgan qoraqalpog‘istonlik Gulbahor Aximbetova «O‘zbekiston xalq baxshisi» unvoniga sazovor bo‘ldi. Oydin Abdullayeva bastakorlik sohasida ustoz darajasiga erishdi, ilmiy izlanishlar olib bormoqda, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati. Adabiyot yo‘nalishida mukofotning ilk sovrindorlaridan bo‘lgan Guljamol Asqarova bugun o‘zbek she’riyatida o‘z ovoziga ega shoira. Dilnoza Kattaxonova Yoshlar ittifoqi yetakchilaridan biri sifatida yoshlar muammolari yechimida bosh-qosh bo‘layotgan bo‘lsa, navoiylik Muhabbat Temirova Navoiy shahar hokimining o‘rinbosari sifatida hudud ayollariga xotin-qizlar masalalarida hamfikr.

Bugungi kunda iqtidorli qizlarimiz ijtimoiy-siyosiy hayotda ham faol va tashabbuskor. Xususan, mukofot sovrindorlaridan 8 nafari xalq deputatlari mahalliy kengashlar deputati etib saylangan.

Oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan mukofot sovrindorlaridan 9 nafari O‘zbekiston prezidenti stipendiyasi, 11 nafari Navoiy va Ibn Sino stipendiyalari sovrindori, shuningdek, sportchi qizlarimizdan 87 nafari Osiyo va jahon chempionatlari, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalar g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Ayni paytda sovrindorlar turli sohalarda faoliyat yuritib kelmoqda. 240 nafar mukofot sohibining 109 nafari turli kasblarda samarali faoliyat olib bormoqda. O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim tizimida tahsil olayotganlar 108 nafarni tashkil qiladi.

«Oddiy holat: shaharda ishdan, o‘qishdan kelgan har qanday normal ayol bemalol yuvinib chiqib, sochini bemalol quritib damini olayotgan davrda qishloqdagi qizlar qishda pechkada suv isitib, sham yorug‘ida tog‘orada boshini yuvishini bilasanmi? Fen ishlatgani svet bo‘lmasa sochlarini pechkaning oldida yoyib quritishini-chi? Yosh kelinchaklar oddiy bitta choy damlash uchun tashqariga chiqib, o‘tin chopib, o‘choqda suv qaynatishini bilasanmi?».

Mening ham bu borada ko‘plab savollarim bor. O‘sha siz aytgan qishda pechkada suv isitib, sham yorug‘ida soch quritayotgan, tashqariga chiqib, o‘tin yorib choy damlayotgan qishloq qizlari bu mukofotning aksariyat sovrindorlari ekanini bilasizmi? Hatto poytaxt Toshkent shahri nomidan bu mukofotga sazovor bo‘lgan qizlar ham ko‘pchiligi poytaxtga uzoq qishloqlardan kelib o‘qiyotgan, ish yuritayotgan qizlar ekanini-chi? O‘sha siz kuyunib qalamga olgan voqea-hodisa bevosita ularning hayotida ro‘y bergan desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Shu o‘rinda bugun odamlarda «Zulfiya qizlari»ga nisbatan bu kabi fikrlarning qanday paydo bo‘layotgani haqida ham to‘xtalib o‘tsam. 2000-yildan buyon ushbu nufuzli mukofotga 283 nafar qiz sazovor bo‘lgan. O‘nlab, yuzlab qizlar erisholmagan bu yutuqqa erishgan qizlar bugun nima bilan mashg‘ul? Nega televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalarida asosan bir xil chehralar namoyon bo‘ladi?

Bu savollarga javobni o‘zim bersam. Zulfiya mukofoti sovrindorlari deganda faqat she’r yozadigan yoki sportchi qizlar emas, balki ilm-fan, san’at va madaniyat sohasida faoliyat olib borayotgan qizlar haqida ham maqolalar, ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlash kerak. «Men davlat mukofoti sovrindoriman, meni ommaviy axborot vositasida ko‘rsating» deb qizlarning o‘zi o‘zini ko‘z-ko‘z qilmaydi-ku.

Ikkinchidan, Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan «Zulfiyaxonim qizlari» klubi faoliyatini jonlantirish zarur. Ushbu klub qizlar faoliyatini monitoring qilib, ularning o‘zaro tajriba va fikr-mulohaza almashishi uchun ijodiy muhit yaratib berishi lozim.

O‘zaro suhbatlarda aksariyat qizlarimiz oilali bo‘lib, farzand tarbiyasi bilan band degan gaplarni eshitib qolamiz. Ammo farzand tarbiyasi ta’tili ijodiy, ilmiy faoliyatning to‘xtab qolishiga sabab bo‘larmikan? Biz doim hayoti va ijodini o‘zbek qizlariga namuna qilib ko‘rsatadigan Zulfiya yoki sevimli shoiramiz Halima Xudoyberdiyeva ham ayolning barcha vazifalarini ado etgan va hech qachon ijodni tashlab qo‘ymagan.

Aytmoqchi bo‘lganimiz, prezident qarori bilan bu yuksak mukofot yuzlab qizlar orasidan bizga nasib qilgan ekan, bu mas’uliyatni dildan his qila olish, unga munosib bo‘lish va davlatimiz rahbari ishonchini oqlash birdan-bir vazifamiz. Bu vazifani ado etishda hech qanday sabab, bahona bo‘lmasligi kerak. Mukofot sohiblari haqidagi turli fikrlarning yaxshi tomonga o‘zgarishida Zulfiya mukofoti sovrindorlari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlarining hamkorlikdagi loyihalari muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, mukofot sohiblari faoliyatini to‘g‘ri va samarali targ‘ib qilish, qizlarning o‘z ustida tinimsiz ishlashi, faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarishi, tengdoshlari bilan ochiq muloqotlarini tashkil etish «Zulfiya qizlari»ga nisbatan noto‘g‘ri fikrlarning barham topishiga xizmat qiladi. Har bir mukofot sohibi ishidan tashqari o‘z hududidagi xotin-qizlar muammolarini aniqlab, ularning yechimini topishga hissa qo‘shsagina xalqimizning «otangga rahmat», «bekorga mukofot olmagan-da» degan e’tirofiga musharraf bo‘ladi.

Mashhur aktyor Charli Chaplinning qiziga yozgan maktublari qulog‘ingizga chalingandir balki. U qiziga shunday yozadi: «Qizalog‘im, sen jahonni larzaga soladigan aktrisasan. Kun kelib bundan ham yuqori marralarni zabt etasan. Ammo o‘shanda ham esingdan chiqarma, sen sahnada o‘ynasang, chekka-chekka qishloqlarda, tuproq ko‘chalarni changitib yurgan qizlarning orasida sendan ham chiroyli rol o‘ynaydiganlari bo‘ladi. Sen sahnada o‘ynasang, ular yalangoyoq oy nurida o‘ynaydi. Sendan chiroyliroq o‘ynaydigan shu qizlar taqdir sabab odamlar nazaridan chetda bo‘ladi».

Ha, biz bilmagan minglab iste’dodlar, iqtidorlar yurtimizning chekka-chekka joylarida topiladi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Ammo bugun yurtimizning chekka qishloqlaridagi iste’dodlar kashf etilib, ular munosib rag‘batlantirilmoqda. Biz mana shu e’tiborni unutmaylik! Chekka hududlardan bizni kashf qilib, butun mamlakat qizlariga namuna qilib ko‘rsatayotgan, bizni yangi yutuqlarga rag‘batlantirayotgan yurt uchun, davlat mukofoti uchun munosib bo‘laylik. Shundagina bizning yaratgan ijodiy asarimiz, biz tadqiq qilayotgan muammo, bizning yuzlab odamlar orasida gapirayotgan gapimizni «Vatan uchun bir chaqaga arzimaydi» deyishga uyalishar balki...

Shohida Damanova,
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring