Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amir Temur lashkarlari orasida ayollar ham bo‘lgan

Amir Temur lashkarlari orasida ayollar ham bo‘lgan

Vatanga sodiqlik va jangovarlik g‘oyalari shu darajada barq urganki, hatto ayollarni ham xuddi To‘maris davridagidek, jangga otlantirgan.

Foto: «sam-celitel.ru»

Buyuk bobomiz Amir Temur va temuriylar davri bo‘yicha istiqlol sharofati tufayli talay tadqiqotlar qilinganiga qaramay, bu mavzuda hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjudligini rad etib bo‘lmaydi. Masalan, Amir Temur asos solgan davlatning mafkurasi, uning ildizlarini o‘rganish bugungi milliy mafkuramiz asos­larini mustahkamlashga xizmat qila oladi, deb bemalol aytishimiz mumkin.

Tarixdan ma’lumki, Amir Temur adolatli hukmdor sifatida xalqni zulmdan ozod qilishni muqaddas burch deb bilgan. «Movarounnahr aholisi, — deb yozadi u o‘z «tuzuk»larida, — mening bu ishimdan xabar topishi bilanoq, tezda bosqinchilarga qarshi hujum qilishim kerakligi haqida istak bildirdilar. Chunki ularning qalbi zolim mo‘g‘ullar toifasidan butunlay bezgan edi. Aholining kattayu kichigi menga ergashdi. Mamlakatning ulamo va mashoyixlari ham mo‘g‘ullar ­toifasini yo‘q qilish haqida fatvo chiqazib berdilar. Ulus amirlari va qo‘shin boshliqlarining ba’zilari ham bu ishga qo‘shilib bizga birlashdilar».

Shu bois, jamoa ahlining barcha toifalari Amir Temurni o‘zining xaloskori va hukmdori sifatida qadr­lagan hamda u haqda bitilgan ahdnoma va fatvolarda shunday ko‘rsatmalar berishni o‘z burchlari deb bilishgan edi: «To‘g‘ri yo‘l tutgan xalifalardan Alloh taolo hamisha mamnun bo‘lsin, tutgan yo‘llariga va qilgan ishlariga muvofiq Movarounnahrdagi butun ahli islom, sipohu raiyat yoxud ulamoyu kiromlar bo‘lsin, Amir Temurga izzatu ikrom ko‘rsatib, uni qutbi saltanati oliy deb atasinlar. Uni Allohning yerdagi qudrati — saltanat taxtiga loyiq ko‘rsinlar. Musulmonlarning yeri, nomus-ori, mol-mulki hamda joniga zulm-sitam qo‘lini cho‘zgan mo‘g‘ullar toifasini daf’ qilishda va umuman, yo‘qotishda Amir Temurga o‘z mol va jonlarini ayamay, tirishib harakat qilsinlar. Biz o‘z ahdu bay’atimizga sodiq qolurmiz. Agar bergan ahd paymonimizdan qaytsak, Allohning qudrati-yu quvvati va yordamidan chiqib, shayton qudrati-yu yordami yo‘liga kirgan bo‘laylik».

«Bu fatvoni menga ko‘rsatganlaridan so‘ng jangu jadal bayrog‘ini baland ko‘tarib, mo‘g‘ullar ustiga lashkar tortishga qaror qildim, — deydi Amir Temur. — Mazlumlar haqini zolimlardan olmoqchi bo‘ldim. Lekin bir necha razil, sotqin kishilar bu harakatimni dushmanga bildirib, fosh qilib qo‘ydilar».

Shundan keyin Amir Temur o‘lkaning goh u ­joyida, goh bu joyida dushmanga qarshi kurashib, ko‘p jafolarni ko‘rdi. Hatto u bir necha bor halokat yoqasiga kelib qoldi. Shunga qaramay, ozodlik g‘oyalaridan bir qadam ham chekinmadi.

«Saltanat jig‘asini taqqach, — deydi Amir Temur, — tinchligu, halovatim ketdi. O‘z o‘rnimda rohatda uxlash huzur-halovatidan voz kechdim. Hayotim davomida turli diyorlarni kezdim, ranju alamlar ham tortdim. Har xil tadbirlar qo‘llab, dushman hujumlarini qaytardim. Amirlar va sipohiylarning isyonlarini ko‘rdim. Ulardan achchiq dashnomlar ham eshitdim. Lekin sabr-bardosh bilan o‘zimni eshitmaganga, ko‘rmaganga solib, ularni tinchitdim. Qilich yalang‘ochlab, jang maydoniga otildim va shul tariqa dunyoga nom chiqardim».

«Amir Temur tarixi» kitobining muallifi Ibn Arabshoh Sohibqironning fazilatlarini sharhlab shunday deydi: «Temur tengi yo‘q fe’l-atvorli, chuqur mulohazali kishi bo‘lib, uning tafakkuri dengizning qa’ridek edi. Uning qo‘llagan tadbirlariga tekisligu, g‘adir-budurliklar orqali yo‘l topish mumkin edi».

Millat dardi Amir Temur siymosi va faoliyatida o‘z ifodasini topgani tufayli u dunyoning ko‘p qismini o‘ziga qaratgan saltanat tuza olishga erishdi. Xalq mafkurasi buyuk sohibqiron davlatining mohiyati va yo‘nalishini belgilab, o‘ziga xos siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy asoslarga ega bo‘ldi.

1370 yilda Amir Temurning mustaqillikni tiklash haqidagi da’vati amalga oshirildi. Markazlashgan va qudratli davlatni yuzaga keltirish mafkuraning asosiy yo‘nalishiga aylandi. Bunga erishish uchun, avvalo, o‘zaro kelishmovchiliklar va urushlarga barham berib, davlatni ichki tarafdan mustahkamlash zarur edi. Bu haqda Sohibqironning o‘z so‘zlarini keltirib o‘tish o‘rinlidir: «Turon viloyatini zabt etib, Movarounnahrni mo‘g‘ullar vujudining xas-xashagidan tozalaganimdan keyin, ba’zi uluslar­ning amirlari menga itoat etib, bosh egishni istamadilar. Ularning ba’zilari o‘z qabilalari oldida noz qilib turdilar. Amirlarimdan ba’zilari ularning yonini olib, menga «bu davlatga barimiz sherik bo‘lganimizdan keyin, ularni ham shu davlatga sherik deb bilaylik» dedilar. Lekin ularning gaplari mening saltanat yuritishimdagi g‘ayratimga ta’sir qilmadi. O‘zimcha kengashdimki, xudo bitta, uning sherigi yo‘qdir. Shunday ekan, Alloh taoloning muqaddas mulki — yer yuziga egalik qiladigan kishi ham bitta bo‘lishi kerak. Davlatchilikda sira shirkatga yo‘l qo‘yish yaramaydi».

Amir Temur o‘zining bunday siyosatini hokimiyatni qo‘lga olguncha va keyin ham izchillik bilan olib borishi tufayli butun mamlakatda markazlashgan kuchli davlatni ta’minladi. Bunda qo‘shinning kuch-qudratini va jangovorligini oshirish muhim o‘rin egalladi. Avvalo, sarkardaning o‘zi mohir jangchi va lashkarboshi hamda sipohlarning jonu dili bo‘lib, ular bilan birga jang maydonlarida qahramonlik namunalarini namoyish etdi. «Sipohlarning ko‘ngliga nima o‘tirsa, shuni qildim, — deydi Sohibqiron. — Boshimga po‘lat dubulg‘a, egnimga Dovudiy sovut kiydim, belimga Misr qilichini bog‘lab, bahodirligu kurash taxtiga o‘zimni urdim».

Amir Temur sipohlarni yarog‘-aslahalar, maosh va boshqa zarur narsalar bilan ta’minlashga alohida e’tibor berdi. Jangchilarning xizmatlarini qadrladi va o‘zini ko‘rsatganlarga «Bahodur» unvonini ta’sis etdi.

Hatto, harbiy xizmatga bir necha ming ayollarni ham jalb qilib, ularga urush texnikasidan saboqlar berdi. Bu haqda jonli guvoh bo‘lgan Ibn Arabshoh shunday yozadi: «Temur lashkarlari orasida ayollar ham bo‘lib, ular dushman bilan bo‘lgan to‘qnashuvlarda matonat ko‘rsatardilar. Nayza sanchishda, qilich o‘ynatishda va kamondan mo‘ljalga olishda mohir erkaklardan ko‘ra ham ortiqroq ish qilardilar. Agar ulardan biri homilador bo‘lib yo‘lda ketayotgan payt­­da uni dard tutsa, yo‘ldan chetga chiqardi. U tezda yig‘ishtirinib olgach, tag‘in uloviga minib jangga kirardi».

Ko‘rinib turibdiki, gap yuritilayotgan davrda vatanga sodiqlik va jangovorlik g‘oyalari shu darajada barq urganki, hatto ayollarni ham xuddi To‘maris davridagidek, jangga otlantirgan.

Ayollarning urush maydonlaridagi qahramonona kurashlari kishini hayratga soladi. Ayniqsa, ko‘zi yorigan ayollarni tez jangga qayta shaylanishi shoyon diqqatga sazovordir. Amir Temur o‘zi yuksak axloq-odob egasi bo‘lganligi uchun qo‘shini ham shunga monand, nihoyatda tartibli va insofli bo‘lgan. Ibn Arabshoh bu masalada yana jonli guvoh bo‘ladi: «Temur askarlari ichida olijanob, ibodatli, taqvodor, saxovatli, serhimmat kishilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular ezgulikda cheksiz bo‘lib, ularning bu xayrlik­lari odamlarga manfaat yetkazib turardi. Asirlarni ozod qilish, yetishmovchiliklarni to‘ldirish, yong‘inni bartaraf qilish, cho‘kayotganlarni qutqarish, o‘zgalarga xayr-ehson ko‘rsatish, boshiga kulfat tushganga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, lashkarlarning odatlaridandir».

Mafkuraning keng ma’noda umumxalq harakati sifatida gavdalanishi va uning Amir Temur tomonidan bilimdonlik bilan boshqarilishi oqibatida, jangovor va yengilmas milliy qo‘shin tashkil etildi. Endilikda mamlakatni tashqi dushmanlardan saqlash zaruriyati tug‘ildi.

Tarixdan ma’lumki, chet ellik bosqinchilar hamisha Turon yurtiga bostirib kirishni orzu qilganlar. Bu yerga kelgach, qirg‘inbarot, talon-taroj ishlarini avj oldirganlar. Amir Temur bularga chek qo‘yib, dushmanlarning o‘z yerida zarba berib, o‘lkani jahonga tanitib qo‘ydi. Natijada ulug‘ davlatchilik g‘oyasi Amir Temur imperiyasi tashkil topishiga olib keldi va uni olamga tanitdi. Bunday siyosat keyinchalik dunyo bo‘ylab ­yoyilib, zamonaviy tus oldi. Shu sababli, Amir Temur davlatining mafkurasi o‘ziga xos ijobiy xususiyatlari bilan ajralib turadi. Uning o‘zi davlat qonunini (tuzukini) yozdi va izchillik bilan hayotga tadbiq etdi. «Davlat ishlarini saltanat qonun-qoidalariga asoslangan holda boshqardim, — deydi u. — Amirlar, vazirlar, sipoh, raiyat har biri o‘z lavozim va martabasidan mamnun holda xizmatimda bo‘lib, undan ortig‘iga da’vogarlik qila olmadi. Adolat va insof bilan tangrining yaratgan bandalarini o‘zimdan rozi qildim. Gunohkorga ham, begunohga ham rahm qilib, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlar ko‘nglidan joy oldim. Zolimlardan mazlumlar haqini oldim. Ular yetkazgan ashyoviy va jismoniy zararlarni isbot etganimdan keyin, ularni ­sharoitga muvofiq odamlar o‘rtasida muhokamaga qo‘ydim. Bu gunohkorning o‘rniga ­boshqasiga jabr-zulm o‘tkazmadim».

Sohibqiron davrida mamlakatda qurultoylar chaqirilib, muhim masalalar bo‘yicha munozaralar o‘tkazilgani, ayniqsa, diqqatga ­sazovordir. Shuningdek, uning saroyida «kengash» ta’sis etilishi va unda har bir masalaning muhokama qilinishi, hozirgi til bilan aytganda, demokratiyaning ko‘rinish­laridan biri edi. U kengashgan masalalarni yana bir bor o‘z safdoshlari bilan birgalikda ko‘rib, keyin ularni so‘zsiz qattiqqo‘llik bilan amalga oshirgan.

Ayonki, xalq mafkurasining asosiy tayanchi hokimiyatdir. Shu bois taxt xavfsizligi va kuch-qudratini ta’minlash hukmdorning muqaddas burchi hisoblanadi. Sohibqiron davlatining mafkurasida mamlakatning jahondagi mavqeini ta’minlash ham o‘z aksini topdi. U Sharq davlatlari bilangina emas, balki Ovro‘po davlatlari bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalar o‘rnatishga harakat qildi. Uning davrida sun’iy sug‘orish ishlari, yangi yerlarni o‘zlashtirish, dehqonchilik, chorvachilik keng ko‘lamda rivoj­lantirildi. Uning farmoni bo‘yi­­cha davlat dehqonlarni mablag‘, ishlab chiqarish qurollari va boshqa narsalar bilan ta’minlab turdi. Ichki va tashqi savdo rivojlanib, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Xitoy, Arabiston va bosh­­qa mamlakatlar bilan aloqalar yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Natijada mamlakatda mo‘l-ko‘lchilikka erishildi.

Ispan elchisi Klavixo Samarqand haqida o‘zi ko‘rganlarini shunday ta’riflaydi: «Bu zaminda hamma narsa mo‘l-ko‘l bo‘lib, g‘alla, go‘sht, mevalar, parrandalarning go‘shti juda serob. Qo‘ylar juda yirik. Ularning go‘shti juda arzon. Non shu darajada arzonki, undan ortiq arzon bo‘lishi mumkin emas. Guruch ham nihoyatda serob. Bu shahar shu darajada boy va yerlari unumliki, hayratda qoladi kishi. Bu shaharning boyligini faqat oziq-ovqat mahsulotlaridagina emas, balki ipak, paxta, gazlamalar, oltin buyumlarning ko‘pligidan ham ko‘rish mumkin».

U Buxoroda ham farovon turmushning guvohi bo‘lganligi haqida yozgan. Umuman, Amir Temur davlatida mafkuraning iqtisodiy asoslari o‘z samarasini berib, barqaror mo‘l-ko‘lchilik hukm suradi. Bu davrda ilm-fan, me’morchilik, san’at sohalari ham rivojlanib, ma’naviy hayot yuqori bosqichga ko‘tarildi.

Mahmud NAZAROV, filologiya fanlari nomzodi

ishonch.uz saytidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring