Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashhur shoir hayotidagi ayollar: muhabbat va tahlikalar arosati

Mashhur shoir hayotidagi ayollar: muhabbat va tahlikalar arosati

O‘lmas asarlari bilan rus adabiyotiga haykal qo‘yib ketgan Pushkin juda mashhur edi. Biroq ulkan shon-shuhratga erishgan shoir oilaviy baxtga sazovor bo‘la olmadi. Uning hayoti ola-tasir, qiyinchilik bilan o‘tdi. Har qancha harakat qilmasin, o‘ziga munosib ayolni topishga juda qiynaldi. Pushkinga oshufta ayollar nihoyatda ko‘p, ammo ularning birortasi unga mos ravishda umr yo‘ldoshi bo‘la olmadi.

1817-yil yozda litseyni tugatgan Pushkin Peterburg shahriga ko‘chib keldi. Yekaterina Semyonova bilan teatrda tanishdi. Bu aktrisa nafaqat go‘zalligi, balki iste’dodi bilan ham shoirni maftun qilgan edi. Shoir unga moyillik bildirdi, biroq aktrisadan tayinli javob bo‘lmadi. Shundan so‘ng Aleksandr o‘zidan yigirma yosh katta knyagina Yevdokiya Go­litsinaga yuragidan joy berdi. Knyazning uyiga kazo-kazolar mehmon bo‘lib kelishar, katta-katta ziyofatlar uyushtirilardi. Pushkin puldor yoki amaldor bo‘lmasa-da, bu xona­don­ning eng qadrli mehmoni edi. Shoirni judayam hurmat qilishar, qadrlashardi.

Pushkinning obro‘si kundan-kun oshib bordi. Shaharda unga ergashuvchilar ko‘p edi, shoir deka­bristlar bilan yaqin aloqada edi. Hukumat xavotirga tushdi. 1820-yi­li xizmat taqozosi bahonasi bilan Pushkin boshqa shaharga jo‘natib yuborildi. 1824-yili esa vazifasi­dan bo‘sha­tilib, 1826-yilgacha politsiya nazora­tida Mixaylovsk qish­log‘iga yuborildi. Shoir sur­gunda general Rayevning 22 yoshli Yekaterina, 16 yoshli Yelena va 14 yoshli Marina ismli qiz­lari bilan tanishdi. Pushkin ularga she’rlar o‘qib berar, birga sayohatlarga chiqishardi. Bu uzoqqa cho‘zilmadi.

Kishinyovga tashrifi chog‘ida Pushkin bessara­biya­lik boy po­meshchikning xotini Lyudmila Inglezini sevib qoldi. Lyudmila go‘zalligi bilan dong tarat­gan edi. Shoir hissiyotlarini jilovlay olmasdi. Lyudmila ham shoirga nisbatan befarq bo‘lmadi. Ularning siri ochilib qoldi. Oqibatda Lyudmilaning eri Pushkinni du­elga chaqirdi. Bunday og‘ir va qaltis va­zi­yat­dan shoirni do‘sti qutqarib qoldi.

Pushkin shundan keyin ham tinch yurmadi. U grek qi­zi Ka­lipso Polixron bilan tanishdi. Bu qizning ajoyib ovozi bor edi. Shoir unga atab «Sadoqatli grek qizi, yig‘­la­ma» degan she’rini yozdi...

Kiyevning Levashov ko‘chasidagi guberniya uyida ha­yot qay­nardi. Kechqurunlari ko‘chalar odam­lar bi­lan gavjum bo‘lardi. Ular orasida sayr uchun chiq­qan Pushkinni ham tez-tez uchratish mumkin edi. 1820-yilning may oyi edi o‘shanda. Polshalik graf Rayevskiylar uyi shoir qo‘­nim topgan gubernator xonadoni­ning bog‘i bilan tutash edi.

Pushkin Rjevskiyning ik­ki na­far turmushga chiqqan qizi − Evelina va Karolina­ bilan tanishdi. Karolina Pushkindan olti yosh katta edi. Bu ayollar go‘zalligi bilan bar­chani maftun etgan, oshiqlari ko‘p edi. Push­kin shunday erkaklardan biri bo‘lish­ni istardi. Ammo shoir ular­ni birdan yo‘qotib qo‘ydi va ko‘p o‘tmay Karo­li­na­ni Odessada uchratib qoldi.

Karolina bilan Aleksandrning uchrashuvida bir ma’no bor edi. Buni ular­ning bir-birlariga intilishlari, xatti-harakatlari va qa­rash­laridan ham sezish mumkin edi. Bir yildan so‘ng Pushkin shunday degandi: «Men bu qizni deb aql-hushimni yo‘­qo­tgan ekanman. Butun ix­tiyorimni unga berib qo‘­yibman. Bu qanday sodir bo‘lga­ni­ni hech eslolmayapman».

Oradan ancha yillar o‘tgach, Pushkin Karolinani Peterburgda uchratdi. Eski dard­lari qo‘zg‘aldi, his-tuyg‘ulari qayta jonlandi. Biroq natija kutilga­nidek bo‘lmadi. Chunki Karolinaga «Pushkin uylanibdi» degan mish-mishlar yetib kelgan edi.

1823-yili shoirni Kishinyovdan notinch Odessa shah­riga o‘tkazishdi. Shoir bu shaharda ham bir xonimning yuragiga cho‘g‘ tashladi. U boy tijoratchining xotini Amaliya Riznich edi. Ivan Riznichning uyi doi­mo mehmonlar bilan gavjum bo‘lardi. Ana shunday meh­mon­dorchiliklardan birida Pushkin Amaliya bilan ta­nishib qoldi. U nihoyatda go‘zal, ko‘rgan er­kaklar darhol mahliyo bo‘lishardi. Amaliya sho­irga o‘z inon-ix­tiyorini topshirdi. Ammo sevishganlarning uchrashuvi uzoqqa cho‘zilmadi. Ivan Riznich buni sezib qolib, bevafo xo­tinini barcha moddiy boyliklardan mahrum qildi va Ita­liyaga jo‘natib yubordi. Aleksandr ayriliqdan qat­tiq azi­yat chekdi. U Amaliyaga bag‘ishlab she’rlar yozdi.

Shundan so‘ng Pushkin o‘z nigohini Yelizaveta Vo­ron­sovaga qaratdi. U olov bilan o‘ynashayotganini bilmasdi. Yelizaveta salobatli va qahri qattiq general-gubernator, graf Voron­sov­ning rafiqasi edi. Shoirning za­mondoshi Vigel o‘ttiz yoshli Yelizaveta haqida shunday yozgan: «Polshalik xonim har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, shoirga yoqishga harakat qilardi. Shu paytgacha sho­irga bironta ayol bunday iltifot ko‘rsat­ma­gandi». Pushkin Yelizavetaga she’rlari bilan javob berdi. Sevishganlar pinhona uchrashishga hara­kat qi­lish­di. Graf Pushkinni Xerson uyezdiga maxsus top­shi­riq bilan jo‘natish uchun buyruq chiqardi. Shoir bu­­ni haqorat deb tushundi va iste’foga chiqishga ariza berdi.

«Omadsiz sevgilar bobi»da gangigan Pushkin o‘zidan nafratlana boshladi. Xizmatdan bo‘­sha­gach, u Mixaylovskka ketdi. Dast­labki oylarda Odes­sada yashayotgan Yelizavetaning xayollari bi­lan yashab, ko‘plab she’rlar yozdi. Ammo vaqt o‘tgan sayin uni ham unutdi. Shundan so‘ng shoir butun alamini she’r yozishdan oldi. Biroq...

Bo‘m-bo‘sh yurak yana ayollar ish­qi­da yona boshladi. Yon qish­loq Trigorskda Praskovya Alek­sand­rovna Osipova eri bilan yashardi. Ular bilan birinchi eridan Anna va Yevpraksiya, o‘gay qizi Aleksandra Ivanovna hamda jiyani Anna Ivanovnalar birga turishardi. Push­kinning bu qo‘shnilari bilan munosabati yaxshi, ular shoirni intiq kutishardi. Yoshlar bekorchi vaqt­larini ko‘ngilxushlik bilan o‘tkazishardi. Shoir qiz­larni xafa qilib qo‘yishdan cho‘chirdi. Shu bois, ular­ga ehtiyot bo‘lib mu­omala qilardi. Uy bekasi Pushkinni yoqtirib qoldi. U shoirdan o‘n besh yosh katta edi. Pushkin esa o‘n besh yoshli Yevpraksiyani sevib qoldi. Uni ha­zil­la­shishib Zizi deb chaqirishardi. Ajoyib kunlarning birida, ikkalasi yolg‘iz qoldi va bir-biriga ko‘n­gil izhor etdi. Yoshlarning bu ahd-pay­moni Tri­gor­skliklarga ma’lum bo‘ldi va ularning to‘y­i haqida gap-so‘zlar tarqaldi.

Agar Aleksandrning qa­rindoshi Anna Kern kelmaganida, balki to‘y ham bo‘lib o‘tarmidi?.. Pushkin qachonlardir A.Kernni Peter­burg­da uch­ratgandi. Shundan so‘ng yoshlar olti yil ko‘ri­shish­madi. Sho­ir Annani uchratgach, halovatini yo‘­qotgan edi. Il­garigi muhabbat dardi unga tinchlik ber­madi.

Anna Rigaga ketishidan oldin Aleksandr unga to‘rt va­­raq she’r yozib berdi. Anna Pet­rovna Kern qirq yildan so‘ng o‘z esdaliklarida shunday deb yoz­gan: «Men Pushkinning she’riy tuhfasini kichkina qutichaga yashirayotganimda u menga uzoq tikildi. Keyin qo‘­limdan tor­tib oldi-da, boshqa bermadi. Men she’rni qay­tarib berishini yalinib so‘radim... Shoir nima deb o‘ylagan, bilmayman».

Anna Kern va uning qarindoshi Anna Vulf ham Push­­kinni yoqtirib qolishgan. Shundan so‘ng ular Ri­gaga ke­tishdi. Pushkin ikkala Annaga ham maktub bit­di. An­na Kern Rigada turmushga chiqdi. Pushkin unga oilasini tashlab, o‘zining oldiga, Ps­kovga kelishini bot-bot so‘radi. Anna xuddi shunday qildi – oilasidan qochib ketdi. Eri uni aldagani uchun mablag‘siz qoldirdi. Anna bir burda non topish uchun korrektura o‘qi­di, fransuzchadan tar­ji­malar qildi. Bir amallab qiyinchilik bilan ku­nini o‘tkazib yurdi. U Pushkinni kutdi. An­naning boshi ochiq, endi ular uchrashishlari mumkin edi. Ammo 1826-yili Mi­xay­lovskdan qaytgan shoir Anna bilan yolg‘iz uchrashishni istamadi. Shunga qaramay, ular juda yaqin bo‘lib qolishdi. Anna Kern Moskvada yashay boshladi. U Mixay­lov­sk­dan keladigan xatlarni o‘qir va shoirning ehtirosli mak­tubla­rini sotib pul ishlardi. Bu ajoyib durdonalarni Kern Glin­kaga romans yozish uchun berardi. Pushkin kimga atab she’rlar yozgan bo‘lsa, shu asosdagi romanslar mashhur bo‘ldi.
 Shoir Moskvaga qaytgach, uni turli ada­biy ke­chalarga taklif eta boshlashdi. 1826 yil kuzda poy­taxtda sevimli Pushkin bilan shunday uchrashuvlar­dan birini tash­kil etishdi. Nashriyotlar unga eng yuqori qalam haqi to‘lardi. Shoir esa bu mablag‘larni ayamay, orqa-oldini o‘ylamasdan sarflab yuborardi.

Nihoyat, Aleksandr Sergeyevich bu notinch hayotdan charchadi. U sokinlik izlab qoldi. Xuddi shunday paytda Anna Alek­seyevna Oleninani uchratib qoldi va ko‘n­gil qo‘ydi. Ammo uning onasidan rad javobini eshitgach, il­ga­rigi tanishi Yekaterina Ushakovaning qo‘lini so‘rab bordi. Biroq endi kech bo‘lgandi. Yeka­te­ri­na unashti­ril­gan ekan. To‘la-to‘­kis baxtga erisholmagan shoir: «Men endi qaysi os­to­naga bosh uray», deya alam bilan so‘zladi.

1828-yilning qish oyida Aleksandr Pushkin Moskva­da­gi ballardan birida 16 yoshli Natalya Gon­charova bilan tanishdi. Natalya bu yerga yaqinda kelgan bo‘lsa-da, ij­ro etgan romanslari barchani lol qol­dir­di. Uni Moskvadagi eng go‘zal qiz deb tilga olishdi. Pushkin qizga sevgi izhor etdi. Bi­­roq javob mujmal bo‘ldi. Mo‘min-qobil, tartib-intizomli bu qiz shoirning ha­lo­va­tini o‘g‘irlagan edi. Nihoyat u Pushkin bilan oila qurishga qat’iy ahd qildi.

Ularning unashtirilishi ikki yilga cho‘zildi. Ni­hoyat, 1830 yil aprelida qiz tomon to‘yga rozilik bildirdi. «Bo‘ldi, tamom, endi uylanaman. Uni topganimga ikki yil to‘ladi. Qayerda bo‘lmayin, ko‘zlarim doimo shu go‘zalni qidiradi. Hayotim usiz kemtik, mazmunsiz. Men baxt ha­qida bunchalik uzoq o‘ylamagandim. bal­ki bu shun­chaki ko‘n­gil ishidir, o‘tib ketar, degandim. Endi o‘y­la­sam, xato qil­gan ekanman». 1830 yil bahoridagi unashtirish marosimidan keyin Pushkin ana shunday yoz­gan edi.
 To‘y har xil bahonalar sabab orqaga surib kelina­yot­­gandi. «Alek­sandr tezroq nikohdan o‘tishga un­dasa, Natalya mablag‘i yo‘qligini ochiq-oydin aytardi. Sho­ir bahonalarga chek qo‘yib, sevgilisining nikoh ko‘y­lagini tiktirishi uchun pul topib keldi. To‘yga tayyor­gar­lik va nikoh bazmi uchun juda ko‘p mablag‘ ketdi», deb es­lagandi knyaz Dolgorukov.

Shoir to‘y tashvishlaridan zerikdi. Bunday payt­lar­da u asabiylashar, siqilar va do‘stlariga qo‘n­g‘iroq qilardi. To‘ydan bir hafta oldin Pushkin o‘rtog‘i N.Kriv­sovga shunday deb yozgan: «Men uylanish arafasidaman. Bo‘ydoqlik davrida nima degan bo‘lsang, hammasini o‘y­la­yapman. Tanlagan yo‘lim to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini yana bir bor xayolimdan o‘tkazyapman. Yoshligim hayajonli va samarasiz o‘tdi. Qanday yashagan bo‘lsam, hali­gacha shun­day­man. Menda baxt yo‘q edi... Yoshim o‘ttizga bo­rib qol­di. Men tengilar allaqachon uyla­ngan. Endi men ham o‘rtoqlarim kabi oila qu­rayapman. Bundan afsus­lan­mayman, deb o‘ylayman. Endi yosh­ligim qolmadi. Jid­diy­lashyapman. Qat’iy turib kelajagimni o‘zim qura­man...»

To‘y nihoyatda tantana bilan o‘tdi. Natalya yanada go‘zal va chiroyli bo‘lishga harakat qildi. Alek­sandr to‘ydan keyin mahbubasini ko‘proq sevdi.

Xo‘sh, Pushkin baxtli edimi? Uni yoshligidan ikki ayol telbalarcha sevib kelardi. Biroq Pushkin ular­ga e’tiborsiz bo‘ldi. Uning qaynoq qoni jo‘sh urib tu­rar, hayoti muhabbat va tahlikalar orasida o‘tardi. Shoir «sevgi bobida» ko‘plarni uchratdi. Rang-barang «muhabbat»dan uning yuragini bi­rortayam go‘zal jiz etkazmagandi. Nihoyat, u Natalyasini topdi. Baxt deb bilganing qayerlarda, bilolmaysan, kutilmaganda topasan. Aleksandr Pushkin taqdirida ham shunday bo‘lgan edi.

Izzat Ahmedov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring