O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan ozarbayjonlik san’atkor Toshkentda konsert beradi
Ozarbayjon va O‘zbekiston xalq artisti Gulyanaq Mammadova 14-15 sentyabr kunlari Toshkentda «Ulug‘lardan ulug‘imsan Vatanim» nomli konsert dasturini namoyish etadi. Bu – G.Mammadovaning O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgandan keyin mamlakatimizdagi ilk konsertidir.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining xabar berishicha, opa-singil Gulyanaq va Gulyaz Mammadovalar Toshkentda bo‘lib o‘tadigan «Ipak yo‘lining durdonasi» xalqaro kinofestivalda ishtirok etish bilan birga, markaz tomonidan tashkil etiladigan katta konsert dasturida o‘z mahoratini namoyish etadi. Buxoro shahridagi markaziy saroyda ham ozarbayjonlik san’atkorlarning konsert dasturi o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, R.Beybutov nomidagi Ozarbayjon davlat musiqa teatri vokalisti Gulyanaq Mammadova prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30 avgustdagi farmoni bilan «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Yevropa va Osiyo mamlakatlarida konsert dasturlarini namoyish etgan taniqli xonanda G.Mammadova yurtimizda bir necha bor mehmon bo‘lgan. Jumladan, 2018 yil – Toshkent shahri, 2021 yil – Nukus shahri va Xorazm viloyati, 2022 yil Toshkent shahri va Surxondaryo viloyati sahnalarida qo‘shiqlar ijro etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter