Ekspert: «Endi Rossiya Ozarbayjonga katta og‘alik qilolmaydi»

Xabaringiz bor, so‘nggi kunlarda Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi.
Diplomatik taranglikning ortishiga 27-iyun kuni Yekaterinburgda ozarbayjon millatiga mansub 50 dan ortiq shaxs qo‘lga olingani, hibsga olish payti ikki kishi halok bo‘lgani, yana bir necha kishi jarohatlangani sabab bo‘ldi.
Aslida, Rossiya huquq-tartibot idoralarining postsovet davlatlari fuqarolarini hibsga olish chog‘i qonun talablarini namoyishkorona buzishi avval ham ko‘p kuzatilgan. Ammo bu gal Ozarbayjon Rossiya tomoniga keskin e’tiroz bildirdi va holat bo‘yicha aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qildi.
Ozarbayjon sog‘liqni saqlash vazirligi Yekaterinburgdagi migratsion reydda halok bo‘lgan ikki ozarbayjonlikning o‘limiga og‘ir tan jarohatlari sabab bo‘lgani haqida bayonot berdi. Ozarbayjon bosh prokuraturasi holat yuzasidan jinoiy ish ham qo‘zg‘atdi.
Bu orada Ozarbayjon rasmiy idoralari Rossiyaning yetakchi propaganda agentligi — «Sputnik Ozarbayjon»ning Bokudgi ofisida tezkor tadbir o‘tkazdi va ikki kishini qo‘lga oldi. Ozarbayjon matbuoti qo‘lga olinganlarni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) agentlari deb yozdi.
O‘z navbatida, Rossiyada ham ozarbayjon diasporasiga mansub bir necha shaxs qo‘lga olindi.
Moskva va Boku o‘rtasida diplomatik munozara davom etmoqda.
Albatta, Moskvaga bir paytlar o‘z nazoratida bo‘lgan Ozarbayjonning qat’iy ravishda e’tiroz bildirayotgani yoqmasligi tabiiy. Hozir ham Rossiya rasmiylari Ozarbayjonning harakatlarini «demarsh» deb baholamoqda. Tahlilchilar esa tobora geosiyosiy jihatdan mustaqil siyosat yuritishga urinayotgan Ozarbayjon Rossiyaning «katta og‘alik» qilishiga ortiq toqat qilmasligini aytmoqda.
DW tahlillariga qaraganda, sirtdan qaraganda Ozarbayjon iqtisodiy jihatdan Rossiyaga bog‘liq. 2024 yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 4,8 milliard dollarni tashkil etgan.
Bunda Ozarbayjon eksporti 1,2 milliard dollar, Rossiya importi esa 3,6 milliard dollarga to‘g‘ri kelgan. Shu tariqa Rossiya Ozarbayjonning asosiy savdo hamkorlari ro‘yxatida Italiya (11,39 milliard dollar) va Turkiyadan (6,13 milliard dollar) keyin uchinchi o‘rinni egallagan.
Rossiyaning Ozarbayjon tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 10 foizni tashkil etsa, Ozarbayjonning Rossiya tashqi savdosidagi ulushi atigi 0,6 foizni tashkil etadi.
Moskvadagi Xalqaro savdo tadqiqotlari markazi direktori Aleksandr Knobelning fikricha, agar Rossiya bozorini yopgudek bo‘lsa, Ozarbayjon o‘z mahsulotlarini sotish uchun yangi bozorlar qidirishga majbur bo‘lishi, qishloqlarda ishsizlik ortishi mumkin.
Mintaqaviy tahlilchi Kirill Krivosheyev esa misli ko‘rilmagan sanksiyalarga mahkum etilgan Rossiya uchun Ozarbayjon bilan savdo aloqalari o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi deb hisoblaydi.
«Rossiya Ukraina bosqini ortidan Yevropaning katta qismiga mahsulot eksporti imkonini yo‘qotgach, rus neft va gazini Ozarbayjon orqali sotish hajmi oshdi», — dedi K.Krivosheyev.
Rossiya sanksiyaga uchragan harbiy-sanoat majmuasi uchun zarur tovarlarni olishda ham Ozarbayjon ko‘magiga muhtoj.
Moskva Eron va Fors ko‘rfazi davlatlariga mahsulotlarini o‘tkazishda ham Ozarbayjon hududidan foydalanadi.
«Shimol-Janub» transport koridoridan o‘tuvchi temiryo‘lni rivojlantirishda ham Moskva va Boku hamkorligi muhim o‘rin tutadi.
Savdo-iqtisodiy omillar ko‘p, albatta. Ammo tahlilchilar hozirgi ziddiyatga savdo-iqtisodiyot prizmasidan emas, balki Ozarbayjonning geosiyosiy mustaqilligi fokusidan qarash to‘g‘riroq ekanini ta’kidlashmoqda.
«Bokuning Moskvaga chaqirig‘i mintaqada kuchlar muvozanati o‘zgarayotganidan dalolat beradi. Ozarbayjon o‘zini ancha mustaqil o‘yinchi sifatida namoyish etmoqda. Boku endilikda hamma narsaga yon beradigan kichik hamkor rolini o‘ynamoqchi emas. Bu xorijlik siyosatdonlar uchun muhim nuqtadir, ya’ni Moskvaning ojiz nuqtalari ko‘rinib qolmoqda, mintaqaviy davlatlar uning ta’siri borasida ochiq bahsga kirishmoqda», — deydi Vashingtondagi Kennan instituti eksperti Maksim Trudolyubov.
Ekspert Zaur Shiriyev ham Boku endilikda «tobe hamkor» roliga qanoat qilmaydi, deb hisoblaydi.
Qayd etilishicha, Kremlning postsovet makonida asosiy o‘yinchi bo‘lishga intilishi Janubiy Kavkazdagi kuchli iqtisodiyot va katta armiyaga ega Ozarbayjon strategiyasiga to‘g‘ri kelmayapti.
Xalqaro inqiroz guruhining katta tahlilchisi Joshua Kuchera fikricha, prezidentlar Vladimir Putin va Ilhom Aliyevning mafkuraviy pozitsiyalarida mushtarak nuqtalar mavjud. Masalan, Boku ham Moskva kabi G‘arbning gegemonligini zaiflashtirish tarafdori. Shunga ko‘ra, u ziddiyat uzoq davom etmasligi haqidagi farazni ilgari surgan.
Moskva va Boku munosabati Rossiyadagi so‘nggi hibslar ortidan taranglashgan bo‘lsa-da, o‘tgan yil oxirida ro‘y bergan aviahalokat ham oraga kuchli sovuqchilik tushishiga sabab bo‘lgandi.
Azerbaijan Airlines kompaniyasiga qarashli samolyot 2024-yil 25-dekabr kuni Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri yaqinida qulab tushgan, oqibatda o‘nlab yo‘lovchi va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan edi.
Halokatning ilk daqiqalaridayoq Bokudan Grozniyga parvoz qilayotgan Embraer 190 uchog‘i Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgani haqida taxmin ilgari surildi.
Uchoq halokatidan so‘ng Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyaga tashrifini bekor qilgandi.
Ozarbayjon Rossiyadan ushbu aviahalokat uchun rasman kechirim so‘rash, aybdorlarni jazolash va halok bo‘lganlarning yaqinlariga tovon to‘lashni talab qilib kelmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: Ozarbayjon va Rossiya 2022-yilning 22-fevral kuni, ya’ni Ukraina bosqini boshlanishidan ikki kun avval ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan edi.
Ammo tahlilchilar ikki davlat baribir chinakam ittifoqchiga aylanmadi, deb hisoblaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter