«O‘zbekkonsert» to‘yga chiqadigan san’atkorlar ro‘yxati va ularning narxlarini belgiladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Olmazor tumani faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida dabdabali to‘ylar mavzusiga to‘xtalib, «dabdabali to‘ylar uchun javobgar»ni topgandan keyingina, to‘ylarni tartibga solish bo‘yicha qaror qabul qilinishini bildirgan edi.
To‘ylarni ixchamlashtirish borasida O‘zbekiston bo‘ylab targ‘ibot-tashviqot ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi ushbu masalaga o‘z daxldorligini bildirish maqsadida to‘yga va oshga boradigan san’atkorlar ro‘yxatini shakllantirdi.
Osh tadbirlari va to‘y, yubileylarni o‘tkazish uchun 2 yo‘nalishda san’atkorlar guruhi shakllantirildi. Bu haqda «Xabar.uz» saytiga «O‘zbekkonsert» DM rahbari Odil Abduqahhorov ma’lum qildi.
— Ushbu guruhlarni tashkil etishdan asosiy maqsad to‘ylarimizni ixchamlashtirishdir. Quyida ko‘rsatilgan narxlar imtiyozli bo‘lib, xalqimizning turmush sharoitidan kelib chiqib, ularga har tomonlama yengillik yaratish maqsadida belgiladik, — deydi O.Abduqahhorov.
Odil Abduqahhorovning aytishicha, ushbu ro‘yxat va xizmatlar «O‘zbekkonsert» tomonidan qat’iy nazoratga olingan bo‘lib, hozircha mazkur xizmatlar faqat Toshkent shahri uchun ishlab chiqilgan. Yaqin bir oy ichida O‘zbekistonning barcha hududi uchun ana shunday ro‘yxatlar shakllantiriladi.
— Xalqimizning mushkulini oson qilish maqsadida Toshkent shahar Olmazor tumanidagi FHDYo bo‘limida alohida xona tashkil qildik, — deydi «O‘zbekkonsert» rahbari. — To‘y qilmoqchi bo‘lgan odam bemalol o‘sha yerga borib, narxlar bilan tanishib, o‘ziga mosini tanlaydi va oldindan buyurtma berib qo‘yishlari kerak. Keyinchalik xuddi shunday burchaklarni barcha viloyatlar va tumanlarda ham tashkillashtirishni niyat qilganmiz.
Shuningdek, ro‘yxatda ko‘rsatilgan telefon raqamlari 24 soat mobaynida uzluksiz ishlaydi. Yana bir narsani alohida qo‘shimcha qilish kerak, muassasa tomonidan taqdim etilayotgan mazkur xizmatlar mutlaqo bepul! Agar san’atkorlarga nisbatan norozilik munosabati yoki e’tirozlar paydo bo‘lsa, ko‘rsatilgan ishonch telefonlariga murojaat qilishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi o‘n beshinchi yalpi majlisida senatorlar «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlar ning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi qabul qilinmagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter