Paramount kinokompaniyasi Warner Bros.ni sotib olmoqda
Paramount kinokompaniyasi dunyodagi eng yirik filmlar, teleseriallar va animatsiyalar ishlab chiqaruvchi konsernlardan biri — Warner Bros. kompaniyasini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Shartnoma qiymati — 110 milliard dollar, bu Gollivud tarixidagi eng yirik bitimlardan biridir.
Eslatib o‘tamiz, dunyodagi eng yirik striming servisi — Netflix anchadan beri Warner Bros.ni sotib olish uchun harakat qilayotgan edi, ushbu bitim uning bu kurashdan chiqqanini anglatadi.
«Netflix PSKY (Paramount) taklifiga tenglashish uchun (ya’ni bu kompaniya taklif etgan pulni to‘lash uchun — tahr.) qonuniy huquqqa ega edi. Barchangizga ma’lumki, ular yakunda buni qilishmadi. Bu esa bugun ertalab PSKY bilan kelishuv imzolanishiga olib keldi. Vaziyat aynan shunday», — dedi Warner Bros. kompaniyasining daromadlar va strategiya bo‘yicha bosh direktori Bryus Kempbell.
Ushbu kelishuv Paramount kompaniyasining kinosanoat bozoridagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlashi kutilmoqda. OAV xabarlariga ko‘ra, 110 milliard dollarlik shartnoma Paramount kompaniyasiga Warner Bros.ning «Fantastik maxluqlar» va «Matritsa» kabi mashhur franshizalariga egalik qilish imkonini beradi. Shuningdek, ekspertlarning fikricha, kelishuv doirasida HBO Max va Paramount+ striming servislari birlashtirilishi mumkin. Bunday integratsiya nafaqat kompaniyaning bozordagi o‘rnini kuchaytiradi, balki Netflix uchun jiddiy raqobat muhitini yuzaga keltiradi.
Shu bilan birga, ekspertlar Warner Bros.ni sotib olish bo‘yicha har qanday kelishuv iste’molchilar uchun tanlov imkoniyatining kamayishiga va obuna narxlarining oshishiga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirmoqdalar. Qolaversa, soha mutaxassislari mazkur birlashuv oqibatida ish o‘rinlari qisqarishi hamda kinoteatrlarda namoyish etiladigan filmlar soni kamayib ketishidan xavfsirashmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter