Afg‘onistondagi dehqonchilikning O‘zbekiston havosiga ta’sir qilishi shubhasiz – Aziz Abduhakimov
Samarqandda BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21 UNCCD) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida bugun, 15-noyabr kuni ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov raisligida yalpi majlis bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda bir qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisda global miqyosda qum va chang bo‘roni dasturining siyosiy mavqeyini oshirish uchun birgalikda nima qilish lozimligi, bunday tabiat hodisalari chegarabilmasligi bois mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurati kabi masalalar muhokama qilindi.
Aziz Abduhakimov, jumladan, O‘zbekistonning janubiy viloyati, Afg‘oniston bilan chegaradosh Surxondaryoda sodir bo‘lib turadigan «Afg‘on shamoli» xususida to‘xtaldi. Vazir, chang bo‘roni paytida garchi aholi moddiy zarar ko‘rmasada, uning hayot va sog‘likka hamda atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazishini ta’kidlab o‘tdi.
– O‘zbekiston uchun tobora tez-tez va kuchayib borayotgan qum va chang bo‘ronlari muammosi dolzarb masala. Mamlakat hududining katta qismi dasht va cho‘llardan iborat bo‘lganligi sababli O‘zbekistonning deyarli butun hududi chang bo‘ronlarining salbiy ta’siriga uchraydi. Yer va yaylovlarni nobarqaror boshqarish, intensiv qishloq xo‘jaligi, qurilish va o‘rmonlarning kesilishi natijasida cho‘llanish va yerning degradatsiyasi kabi muammolarga tobora ko‘proq duch kelinyapti, – deydi Abduhakimov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu muammolarni hal qilish uchun barcha darajadagi kompleks harakatlar amalga oshirilishi kerak. Yer bilan munosabatlar qayta ko‘rib chiqilishi, qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurashishda siyosiy iroda va institutsional tayyorlik zaruriyati, ilmiy yondashuv va mintaqavaiy hamkorlik shular jumlasidan.
– Cho‘llanishga qarshi kurashish, qum va chang bo‘ronlarining oldini olish ayni payida hukumatning ustuvor vazifalaridan biri.
Bu ishni O‘zbekiston Prezidenti shaxsan o‘zi nazorat qilib, Vazirlar Mahkamasiga yer degradatsiyasining neytralligiga erishish bo‘yicha samarali siyosat va chora-tadbirlarni joriy etish bo‘yicha topshiriq bermoqda, – deydi vazir.
U, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik borasida to‘xtalib, Afg‘onistonda shakllanadigan va O‘zbekistonning janubiy viloyatlariga yopiriladigan qum bo‘ronlari qo‘shni davlatdagi dehqonchilik usullari bilan bevosita bog‘liq ekanini ta’kidlaydi.
– Afg‘onistonda dehqonchilikning qanday olib borilayotgani O‘zbekistondagi havo sifatiga ta’sir qilishi shubhasiz. Bu – haqiqat.
Shu bois mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, muloqot, bilim va ma’lumotlar almashinuviga ko‘maklashish ustuvor vazifaga aylanishi kerak, – deydi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter