Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayol va erkak teng huquqli bo‘lgan jamiyat quramiz, bu yetib bo‘lmaydigan natija emas

Ayol va erkak teng huquqli bo‘lgan jamiyat quramiz, bu yetib bo‘lmaydigan natija emas

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 58-moddasida Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar, davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi belgilab qo‘yilmoqda. Ushbu modda bugungi jamiyatimiz uchun qanchalik dolzarbligi xususida «Nihol» tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish markazi rahbari Shirin Rashidova o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

 – Hozirda gender tengsizligi sabab jamiyatda qanday muammolar ko‘rasiz?

– Gender tengsizligi sabab jamiyatning barcha jabhasida, jumladan, iqtisod, sog‘liqni saqlash, ta’lim, kasbiy o‘sish, madaniyat sohalarida ko‘plab muammolarni ko‘rish mumkin. Masalan, iqtisodiy barqarorlikni olsak, yildan-yilga ortib borayotgan daromadlardan foydalanish imkoniyati ayollarda kamroq ekani sir emas. Bu o‘z navbatida ish bilan ta’minlanish imkoniyatiga, shuningdek, ularning iqtisodiy barqarorligiga sezilarli ta’sir qiladi. Zo‘ravonlik va diskriminatsiyaga ham ayollar ko‘proq duch keladi. Bu ularning sog‘lig‘i va keyingi hayoti uchun jiddiy oqibatlar olib keladi.

Ta’lim va ishdagi imkoniyatlar tengsizligi sabab ayollar hali ham boshqaruv va yetakchilik tuzilmalarida faol emas. Oqibatda ayolning jamiyatga ta’siri cheklanmoqda. Sog‘liqni saqlashdan foydalanish imkoniyati ham teng emas. Ammo shu bilan birga, ayollarning tashqi ko‘rinishi va o‘zini qanday tutishi kerakligi bo‘yicha jamiyatda umumiy stereotiplar shakllanib qolgan. Bu esa ayol uchun bosim.

Ayol va erkak huquqlarining tengsizligi nafaqat ayolning o‘ziga, butun jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ayol imkoniyatlarini cheklamoqda. Turmush sharoitini yomonlashtirmoqda. Bu muammolarni hal etish davlat va jamoat tashkilotlarining teng hamkorligi va targ‘ibotini taqozo etadi.

– Muammolar ildizi aslida ham ayol va erkakning teng emasligidan yuzaga kelmayaptimi?

– Yo‘q, albatta. Gender tengsizligi aslida jamiyat tomonidan ayollar uchun teng bo‘lmagan sharoitlar yaratilib, qo‘llab-quvvatlanayotganidan kelib chiqmoqda. Muammoning ildizi jamiyatda rivojlanayotgan madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy stereotiplarda yotadi. Agar biz bu stereotiplarni yengib, hamma uchun teng imkoniyatlar va huquqlarga ega bo‘lgan jamiyat yaratsak, gender tengsizlik muammosi o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.

Shuningdek, ko‘plab erkaklarda noto‘g‘ri tasavvur bor. Gender tengligi ayollarning rolini erkaklarga nisbatan ko‘tarish deb tushunishadi. Gender tengligi teng huquq va imkoniyatlarni anglatadi. Ya’ni, ayollarga ishlash yoki ishlamaslik, bolalarni rejalashtirish, o‘qish, kasb-hunar egallash, teng maosh olish va hokazolarni o‘zlari hal qilish imkoniyatini berishdir.

– Ayol xodimning homilador bo‘lishi va tug‘ruq ta’tiliga chiqishi sabab rahbar ishga qabul qilishga ikkilanadi. Agar bilim, malakada teng bo‘lgan ayol va erkak nomzod bo‘lsa, albatta, erkakni ishga olishga harakat qilinadi. Yangilanayotgan konstitutsiyada bu masalalarga amalda yechim bo‘la oladigan o‘zgarish bormi?

– So‘nggi 5-6 yil ichida jamiyatda ayollarga munosabat yaxshi tomonga o‘zgardi. Buni ayollar huquqlari haqida ko‘proq gapirilayotganidan ham sezish mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, «Ayol uyda bolalarga qarashi kerak. Ayol rahbar bo‘la olmaydi. Qizlarga o‘qish shart emas... » kabi asossiz qoliplarni olib tashlashga xizmat qiladi.

Ammo yana ko‘rinyaptiki, harakatlar yetarli emas. Huquqiy asosni mustahkamlashga ehtiyoj bor. Konstitutsiya loyihasining 58-moddasi ayollar uchun katta imkoniyatlar ochib beradi. Bugun xotin-qizlarning o‘zlari orzu qilgan sevimli kasbi bilan shug‘ullanishi, ilm-fan, kasbiy cho‘qqilarni zabt etishi uchun barcha imkoniyat va sharoitlar teng qilib yaratilmoqda. Yangi modda ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol tashabbuskor ishtirokchisi ekanini huquqiy asoslab bermoqda.

Bugun ayollarimiz va qizlarimiz barcha sohalarda faol. Masalan, rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, tadbirkorlik faoliyatida esa 35 foizga yetdi. Bu borada 25 ta qonun hujjatlari qabul qilindi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2030 yilgacha mamlakatimizda gender tengligiga erishish strategiyasi tasdiqlandi.

Biroq shuni tushunish kerakki, Konstitutsiya va qonunchilikni o‘zgartirish bilan gender tengsizlik muammolari o‘z-o‘zidan yechilib qolmaydi. Biz qonunchilik bilan birga, shakllanib qolgan ijtimoiy-madaniy me’yorlar va stereotiplarni ham o‘zgartirib borishimiz kerak. Gender muammolarini har tomonlama idrok etish uchun jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha axborot ishlarini olib borishimiz zarur. Shundagina natija bo‘lishi mumkin.

– Ayol va erkak teng huquqli bo‘lishi yetib bo‘ladigan marrami? Bunga erishish uchun qilinayotgan ishlar yetarli deb o‘ylaysizmi? Shu yo‘ldagi harakatlarda qanday kamchiliklar ko‘rasiz?

– Men ayollar va erkaklar o‘rtasidagi tenglikka erishish yetib bo‘ladigan maqsad deb hisoblayman. Ammo bu tez amalga oshadigan jarayon emas. Chunki gender tengsizligi bilan bog‘liq muammolar madaniy va ijtimoiy tuzilmalarga chuqur singib ketgan. Ayollar uchun teng bo‘lmagan sharoitlarni yaratadigan munosabat va stereotiplarni o‘zgartirish uchun jiddiy qarorlar kerak. Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi aynan shunga xizmat qiladi.

Huquqlar tengligi yo‘lidagi harakatda asosiy kamchiliklardan biri – ko‘pchilik muammo borligini tan olmasligida, deb bilaman. Agar biz muammoni ko‘ra olsak, tan olishdan qo‘rqmay, yechimi uchun to‘g‘ri harakat qila olsak, natija bo‘ladi, albatta.

Bu yerda erkaklarning o‘rni ham katta. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, gender tengsizligiga qarshi kurashda erkaklar faol bo‘lgan davlatlar muvaffaqiyat qozonmoqda.

Dilroz Abrayeva suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring