Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishning konstitutsiyaviy kafolatlari

Bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishning konstitutsiyaviy kafolatlari

Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 43-moddasida davlat ishsizlik bilan kurashib, bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish majburiyatini o‘z zimmasiga olmoqda.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizning mehnat resurslari soni 19,5 million kishini tashkil etmoqda. Qayd etilishicha, band aholi soni 13,8 million kishi, bandlik darajasi esa 68,0 foiz, ishsizlar soni 1,3 million kishi, ishsizlik darajasi 8,6 foizga to‘g‘ri keladi.

Bandlikni ta’minlashning huquqiy asosini mustahkamlash bo‘yicha so‘nggi yillarda «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonun va yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilindi. Unda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solingan.

Xalqaro Mehnat tashkiloti rasmiy sahifasida e’lon qilingan prognozga ko‘ra, ishsizlar soni 2023-yilda 3 millionga oshib, 2020-yildan beri birinchi marta jami 208 million kishiga yetishi kutilmoqda (jahon ishsizlik darajasi 5,8 foizga to‘g‘ri keladi). 2023-yilda jahon bandligining o‘sishi 1,0 foizni tashkil etishini, bu 2022-yil darajasining yarmidan kam bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya siyosati bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2026-yilga qadar ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinishini nazarda tutmoqda.

Ijtimoiy himoyaga ajratilgan budjet xarajatlari deyarli ikki baravarga ko‘paydi. «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Ularda 595,6 ming kambag‘al va moddiy yordamga muhtoj oilalar, 433,0 ming nafar ehtiyojmand va yordamga muhtoj xotin-qizlar, 591 ming ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj hamda ishsiz yoshlar ro‘yxatga olindi.

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish, jumladan «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» bilan integratsiya qilish belgilangan.

Ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand aholi muammolari yechimining asosiy qismi bandlikni ta’minlash orqali bo‘lar ekan. Bugungi kunda yangi ish o‘rinlari yaratish, o‘zini-o‘zi band qilish, kasanachilik, uy mehnati, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratib, ijtimoiy kafolatlarni belgilash orqali ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlar ta’minlanmoqda.

Kambag‘allikka barham berishning birinchi sharti – unga munosib ish topish. Biroq, yuqorida qayd etilgan ijobiy ishlar bilan birgalikda, ishsizlik, kambag‘allik hamon bor va unga qarshi kurashish tizimli bo‘lishi lozim. Aynan mana shu jihat Konstitutsiyada ham mustahkamlanmoqda. 43-moddaning ikkinchi qismida «Davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etadi hamda rag‘batlantiradi», degan yangi norma kiritilmoqda.

Davlat o‘z fuqarolarini ish bilan ta’minlash, ularni kambag‘allik botqog‘idan chiqarish bilan birga professional kasb o‘rgatish mas’uliyatini ham o‘z zimmasiga olmoqda.

Taraqqiyot strategiyasining 37-maqsadini amalga oshirishda, har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga o‘qish imkoniyatini yaratish, kasbga o‘qitish ko‘lamini 2 baravar oshirib, jami 1 million nafar ishsiz fuqaroni kasb-hunarlarga o‘qitish va bu jarayonda nodavlat ta’lim muassasalarining ishtirokini 30 foizga yetkazish belgilangan.

Umumta’lim maktablarining kasb o‘rganish istagidagi bitiruvchilarini davlat tomonidan kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashuvchi tizimni joriy etish navbatdagi vazifalardandir.

Shu bilan birga, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish ko‘lamini ikki barobarga oshirish belgilangan va bunda:

  • har yili kasb-hunarga o‘qitiladigan fuqarolar soni, hududlar va tarmoqlar kesimida ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga oid davlat buyurtmasini ishlab chiqish;
  • mahalla kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tarmog‘ini kengaytirib, ularning sonini 1000 taga yetkazish;
  • 16 ta «Ishga marhamat» monomarkazlari va 59 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari quvvatlaridan samarali foydalangan holda ishsiz fuqarolarni professional kasblar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarga o‘qitish;
  • Monomarkaz huzuridagi «O‘quv-maslahat ofis»lariga xorijiy davlatlardan, jumladan, Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Koreya, Germaniyadan 100 ga yaqin xorijiy o‘qituvchilarni jalb qilish;
  • kasb-hunarga o‘qitishda nodavlat ta’lim muassasalarining ishtirokini 30 foizga yetkazish maqsadida kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha grantlar e’lon qilish kabilar nazarda tutilgan.

Qayd etilgan maqsadlarni Davlat o‘z zimmasiga olishidan maqsad, mehnatkash xalqimiz uchun munosib mehnat qilish, yaxshi ish haqi olishi va farovon yashashi uchun sharoitlarni yaratish. Shuningdek, xodimlarni doimiy o‘qitib, tajribasini oshirib turishga oid qoida ham muhim.

Eng muhimi, davlat o‘z fuqarolarining bandligi, moddiy sharoiti, kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha o‘z zimmasiga vazifa olmoqda. Bu holat Konstitutsiyaga kiritilishi esa ushbu ishlarning izchil davom ettirilishini kafolatlaydi.

Nodira Gaibnazarova,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari
Federatsiyasi apparatining bo‘lim mudiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring