Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Biz qonunga oila institutini buzadigan normadek qaramasligimiz kerak – Kamola Aliyeva

Biz qonunga oila institutini buzadigan normadek qaramasligimiz kerak – Kamola Aliyeva

Joriy yil 11-aprel kuni imzolangan 829-son qonun bilan xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashmoqda.

Mazkur Qonun bilan jamiyatda tez-tez kuzatilib turgan bir qancha ijtimoiy muammolarga, jumladan, xotin-qizlar bilan bog‘liq zo‘ravonliklarga nisbatan javobgarliklar belgilanyapti, ayrimlariga esa javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Ushbu qonunning ayrim moddalari va tushunchalari borasida mutaxassisning fikrlarini bilish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti v.b., gender masalalari bo‘yicha mutaxassis Kamola Aliyevani suhbatga tortdik.

– Yangi qabul qilingan qonun bilan oilaviy zo‘ravonliklar, «ta’qib etish» va «shilqimlik» kabi bugungi kunda pishib yetilgan muammolarga qanday yechimlar berilyapti?

– Kuni kecha prezident tomonidan ayollar va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklar yoki boshqa turdagi zo‘ravonliklarga qarshi jazolarni kuchaytirish bo‘yicha qonun imzolandi. Ushbu qonunga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bundan tashqari, taqib qilish va shilqimlik qilish kabi huquqbuzarliklar ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilib, jazolar belgilanmoqda. Masalan, 2021-2022 yilda berilgan himoya orderlar soniga ko‘ra, 80 foiz zo‘ravonliklar oilada amalga oshirilgani aniqlangan. Endilikda kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlik jinoyat sanaladi. Birinchi marta zo‘ravonlik sodir etganligi uchun ma’muriy javobgarlik, ikkinchi bor sodir etganlik uchun esa jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Oilaviy zo‘ravonlikning barcha turlari, xususan, ruhiy, iqtisodiy, jinsiy va jismoniy zo‘ravonliklar uchun nazarda tutilgan normalar kiritilmoqda. Jazo zo‘ravonlikning yengil yoki og‘ir ekanligiga qarab belgilanadi. Agar zo‘ravonlikning eng og‘ir darajasi (tan jarohati yetkazilsa, homilador ayolga yoki voyaga yetmagan qizlarga tajovuz)  sodir etilsa, 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan. Lekin yengil turdagi jinoyat (tan jarohat yetkazish, sha’nini yerga urish yoki iqtisodiy tomonlama erkinligiga to‘sqinlik qilish) sodir etilsa, axloq tuzatish ishlariga jalb qilish yoki jarima jazosi belgilanmoqda.

Taqib qilish va shilqimlik qilish bo‘yicha ham javobgarlik belgilanmoqda. Shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ham moddalar kiritilib, bu harakatni amalga oshirgan shaxsga nisbatan 1,5 million so‘m jarima yoki 1,5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanmoqda. Agar bu harakatlar bir yilda ikki marta sodir etilsa, jarima miqdori 15 million so‘m, ma’muriy qamoq jazosi esa 15 sutka etib belgilanmoqda.

– Jinoyat kodeksiga maishiy zo‘ravonliklarga oid 126-1-modda ham qo‘shildi. E’tibor beradigan bo‘lsak, mazkur moddada «bir ro‘zg‘or asosida birga yashayotgan shaxs», «umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxs» hamda «xotini» tushunchalari keltirilgan. Ushbularni bir-biridan qanday farqlash kerak?

–  Jinoyat kodeksining 126-1-moddasida «xotiniga yoki sobiq xotiniga, eriga yoki sobiq eriga bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish kabi harakatlarni sodir etganligi uchun quyidagi javobgarliklar belgilangan», deb yozilgan. Lekin biz sub’yektlar qismiga qaraydigan bo‘lsak, u yerda «er-xotin va sobiq xotin (sobiq er)», «bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxs», deyilmoqda. Bir ro‘zg‘or asosida deyilganda bitta uyda yashayotgan shaxslar tushuniladi. Bu yerda qaynona-qaynota, qarindoshlar tomonidan ayol yoki erkakka, farzandga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilsa, oilaviy zo‘ravonlik moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilishi nazarda tutilgan.

Umumiy farzandga ega bo‘lgan, FHDYo organlaridan rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan er-xotin bo‘lib yashab kelayotganlar o‘rtasidagi har qanday zo‘ravonlik holatlari aynan 126-1-moddasi bo‘yicha oilaviy zo‘ravonlik deb qaralishi belgilangan.

– Shuningdek, mazkur moddada tomonlarning munosabatlaridagi, jumladan, ta’lim, mulk va mehnatga oid huqularini amalga oshirishga to‘sqinlik qilgani uchun ham, ma’muriy choralardan keyin jinoiy javobgarlik belgilanyapti. Bu oilalarda kuzatilib turadigan kichik muammolar ham kattalashib, sudgacha yetib borishi holatlarini ko‘paytirmaydimi? Fikringiz...

– Aslini olganda ayollarning odil sudlovga bo‘lgan imkoniyati juda past. Ya’ni, ular oilaviy zo‘ravonlikka uchragan holatda ko‘pincha ish sudgacha bormaydi. Hatto, arizalar berilmaydi. 126-1-moddada aytilyaptiki, «xotiniga yoki sobiq xotiniga, eriga yoki sobiq eriga bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, ularni tahqirlash, qad-qimmatini yerga urush, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish kabi harakatlari uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, shuningdek, basharti boshqa jinoyat alomatlari bo‘lmasa, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.»

Oilaviy zo‘ravonlik doimiy ravishda sodir etilmayotgan bo‘lsa, og‘irlashtiruvchi holatlar yuz bermayotgan bo‘lsa, bu holatda jinoyat kodeksining 66-1-moddasida yarashtirish degan qismi bor. Ya’ni, ishni sudgacha olib chiqmasdan yarashtirish asosida tugatish imkoniyati mavjud. Lekin bu modda oilaviy zo‘ravonlikning barcha qismlariga ishlamaydi. Tomonlar bir-biriga tan-jarohati yetkazish holatlarida yarasha olmaydi. Faqat yengil holatlarda tomonlar o‘zaro kelishib yarashishi mumkin bo‘ladi.

Biz bu qonunga oila institutini buzadigan normadek qaramasligimiz kerak. Bu yerda biz oilaviy zo‘ravonlikni oldini olishga qaratilganligini anglashimiz lozim.  Bu yerda oilaviy zo‘ravonlik normal holat emas ekanligini, bu uchun javobgarlik belgilanganligini, bunga qarshi davlat tomonidan kurashish yo‘lga qo‘yilganligini tushuntirish, oilaviy muammolarni muloqot orqali yechishni targ‘ib qilishni nazarda tutilgan. O‘ylaymanki, avvalo, ish sudgacha yetib bormaydi. Chunki bizda oiladagi muammolar tashqariga chiqishi qiyin.

– Mazkur qonun bilan xotin-qizlar hamda bolalar huquqlarini himoya qilishga doir qator amaldagi huquqiy-normativ hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Endi ushbu tartiblarni jamiyatga olib kirishda, singdirishda nimalarni e’tiborga olish zarur?

– Har bir yangi qonunni jamiyatga to‘g‘ri singdirish, uni to‘g‘ri targ‘ib qilish va qonun ijrosini ta’minlash juda katta kuch va vaqt talab qiladi. Buning uchun barcha mas’ul tashkilotlar, xususan, bu qonunni ishlatadigan huquqni muhofaza qiladigan organlar, psixologlar, tibbiyot, mahalla xodimlarini o‘qitish kerak bo‘ladi. Ya’ni, xizmat ko‘rsatuvchilarni o‘zi jabrlanuvchilarni to‘g‘ri himoya qilish bo‘yicha o‘qitilishi kerak. Bundan tashqari, oiladagi zo‘ravonlik hech qanaqa oqlab bo‘lmaydigan holat ekanligini, zo‘ravonlikka chidash, sabr qilish va oxir oqibat o‘z joniga qasd qiluvchi harakatlarni oldini olish uchun shu qonunni to‘g‘ri tatbiq qilish juda katta ahamiyatga ega.

Elbek Boymuradov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring