Chet el tovarlari uchun iste’mol krediti ajratishga oid qonun loyihasi muhokama qilindi

Bugun, 10-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi majlisda «Iste’mol kreditini ajratish tizimini takomillashtirishga qaratilgan «Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda moliyaviy iste’mol kreditlari uchun talab ortib borishi, biroq O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovarlar (xizmatlar)ga moliyaviy iste’mol kredit ajratilishi amaldagi qonun bilan cheklangan.
Shu bois, mamlakat aholisining ta’lim olish, mehnat qilish hamda turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida ular uchun zarur bo‘lgan barcha iste’mol tovarlari (xizmatlari) bilan to‘laqonli ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar va iste’molchi-fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida banklar va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy iste’mol kreditidan foydalanish mexanizmi qaytadan ko‘rib chiqilmoqda.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining hayotga tatbiq etilishi orqali respublikada ishlab chiqarilmaydigan tovarlar (xizmatlar)ni iste’mol krediti orqali xarid qilish imkoniyati yaratiladi.
Deputat Doniyor G‘aniyev mazkur hujjat loyihasini 2 va 3-o‘qishda ham ma’qullashni, bu xalq kutayotgan muhim hujjatlardan biri ekanini ta’kidladi.
«Bir moddali qonunni bir oydan buyon ko‘ryapmiz. Eslatib o‘taman 300 varaqli qonunni bir haftada ko‘rdik. Kimning manfaati bor bu yerda?» – deydi deputat.
Mazkur hujjat birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilinib, Senatning navbatdagi yig‘ilishiga qadar ikkinchi o‘qishga tayyorlash uchun qo‘mitaga qaytarildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter