Endilikda dala chetlaridagi yer maydonlari ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin
Joriy yil 17-iyul kuni qabul qilingan O‘RQ-936-son qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, Yer kodeksiga hamda «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlari 10 yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan mazkur yer uchastkalarida hamda bog‘lar va tokzorlarning qator oralariga maqbul ekinlar ekilishini yoki tut ko‘chatlari o‘tqazilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Bundan tashqari Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga maydoni 10 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi to‘g‘risidagi qo‘shimcha kiritildi.
Ilgari bunday norma mavjud emas edi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchaga ko‘ra, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Suv xo‘jaligi ob’yektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir vakolatlar berildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter