Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Har 37 ijrochiga 63 rahbar...» – Prezident farmoni bilan «rahbariyat-ijrochilar» nisbati belgilandi

«Har 37 ijrochiga 63 rahbar...» – Prezident farmoni bilan «rahbariyat-ijrochilar» nisbati belgilandi

Prezidentning ma’muriy islohotlarga oid «Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni bilan vazirlik va idoralarning markaziy apparatlari hamda hududiy bo‘linmalarida tarkibiy bo‘linmalar nechta shaklda bo‘lishi belgilab berilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, endilikda tarkibiy bo‘linmalar faqat 4 ta shakldan – departament (20 va undan ko‘p), boshqarma (7-19ta), bo‘lim (2-6ta) mutaxassislar (1ta) iborat bo‘ladi. Bunda, vazirliklar huzuridagi qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalarda departament shaklida tarkibiy tuzilma tashkil qilinmaydi.

Amalda esa 10 tadan ziyod shakllari mavjud (departament, bosh boshqarma, boshqarma, bo‘lim, sho‘’ba, xizmat, byuro, guruh va boshqalar) bo‘lgan.

Vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalarida esa tarkibiy bo‘linmalar faqat 3 ta shakldan iborat bo‘ladi. Ya’ni bo‘lim (5 va undan ko‘p), sho‘’ba (2-4ta) va mutaxassislar (1ta).

Shuningdek, Prezident Farmonida markaziy apparatlar hamda ularning hududiy bo‘linmalarida rahbar xodimlar va ijrochilar nisbatiga ham aniqlik kiritilgan.

Qayd etilishicha, amalda, masalan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparatida rahbar va ijrochi xodimlar nisbati 44/56 foiz (ya’ni har 56 nafar ijrochiga 44 nafar rahbar)ni yoki Energetika vazirligida 41/59 foizni tashkil qilmoqda.

Quyi bo‘g‘inlarda esa, masalan, Madaniyat vazirligining tuman (shahar) bo‘linmalarida rahbar va ijrochi xodimlar nisbati 63/37 foizni tashkil qilyapti.

Yangi tartib bilan esa rahbar xodimlar (rahbar, uning o‘rinbosarlari va maslahatchilari, yordamchisi, departament, boshqarma, bo‘lim boshliqlari va o‘rinbosarlari) va ijrochilar (mutaxassislar) nisbati markaziy apparat bo‘yicha kamida 1/3 nisbatda (33/67 foiz) bo‘ladi.

Shuningdek, quyi bo‘g‘inda ham rahbar xodimlar (boshqarma, bo‘lim hamda sho‘’ba boshliqlari va o‘rinbosarlari) va ijrochilar nisbati bo‘linma bo‘yicha kamida 1/3 nisbatda (33/67 foiz) bo‘ladi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring