Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ichkilikka mubtalo bo‘lgan aktrisa qismati

Ichkilikka mubtalo bo‘lgan aktrisa qismati

Bollivud kinosida betakror rollari bilan ajoyib iz qoldirgan aktrisalar biri Mina Kumari hisoblanadi. Uning ishtirokidagi filmlar bugungi kunda ham sevib tomosha qilinmoqda. Vaholanki, Mina Kumari juda erta – o‘ttiz to‘qqiz yoshida hayotdan ko‘z yumgan. U Hindiston faxri sifatida tanilgan, «Eng yaxshi ayol roli uchun» Filmfare Award mukofotining to‘rt karra sovrindori edi. Mina Kumarining ma’yus ko‘zlari va mahzun qiyofasi millionlab qalblarni o‘ziga maftun etgan.

Yashash uchun... pul!

Mina Kumari – haqiqiy ism-sharifi – Maxjabin Bano 1932-yilning 1-avgustida Bombeyda tavallud topgan. Otasi Ali Baksh musiqachi, onasi Iqbol Begim esa raqqosa va aktrisa edi.

Bo‘lajak aktrisa oilada yagona qiz bo‘lmay, oilada Xurshida va Madxu ham bor edi. U bor-yo‘g‘i to‘rt yoshga to‘lganida otasi jiddiy kasal bo‘ldi va davolanish uchun ishini tashlab, Panjobga ketdi. Oradan bir yil o‘tib, oilasi bilan Bombeyga qaytganida barcha mablag‘i sarflab bo‘lingan edi. Bombeyda ularning na do‘sti, na yashash uchun puli bor edi.

Iqbol Begim oilani ta’minlash uchun filmlarda suratga tusha boshladi. Ammo u to‘ng‘ich qizini turmushga uzatmoqchi bo‘lganida alamli so‘zlarni eshitdi: «Bu qiz chiroyli bo‘lishi mumkin, ammo nima qilganda ham u aktrisaning qizi». Iqbol Begim qattiq xafa bo‘ldi va qizlarining kelajagini o‘ylab aktrisalikni tark etdi. Qizlari uni qo‘llab-quvvatlashdi, chunki onaning salomatligi ham yaxshi emas edi.

Maxjabin to‘rt yoshida Prakash studiyasida ishlay boshladi. Opasi ham san’at yo‘lidan ketgan edi. Maxjabin sahnada paydo bo‘lganida Xurshida allaqachon aktrisa bo‘lib tanilgan edi.

Xullas, opasi ortidan singilning ham mashhurlik sinovidan o‘tish gali keldi. Prodyuser Vijay Bxatt bu kichkintoyga Bebi Mina deb ism qo‘ydi va uning ishtirokida filmlar suratga boshladi.

Minani yaxshi bilganlarning aytishicha, bolaligida mehr-muhabbat yetishmasligi va atrofidagi kishilarning shaxsiy manfaatparastligi jajji Maxjabinga salbiy ta’sir qilgan. Boshqa tengqurlari o‘ynab, yugurib yurgan paytda Minaning yashash uchun pul topishga jalb etilishi dunyoqarashining noto‘g‘ri shakllanishiga sabab bo‘lgandi. «Men butun umr baxtsiz yashash uchun tug‘ilganman», deb o‘ylardi qizaloq.

Go‘yo taqdir barcha baxtsizliklar vositasida sinab ko‘rish uchun uni tanlagan. Shu tarzda Mina umrining oxirigacha qismatidan zorlanishni o‘zining sevimli mashg‘ulotiga aylantirdi. Bu esa keyinchalik uni halokat sari yetakladi.

Oqila, mulohazakor va ma’yus

Mina Kumari tug‘ma aktyorlar safiga kirgan. Uning iste’dodi ta’rifga sig‘masdi. O‘ziga berilgan rolni kutilgandan a’lo darajada ijro etar, rejissyorlar Mina bilan ishlashni omad deb bilardilar. Ular aktrisaning ma’yus nigohidan foydalanishar, ketma-ket shunday rollarga taklif qilishardi. Tomoshabinlar ham go‘yo mahzun qahramonlarga tashna kabi kinozallariga yopirilib kelishardi.

Aslida bunday rollarni Mina Kumarining o‘zi tanlaganmi yoki unga mutanosib ravishda maxsus ijodiy jamoa ish olib borganmi, aniq aytish mushkul. Nima bo‘lganda ham, mazkur jarayon uning shaxsiy hayotiga monand tarzda kechardi. Axir, ko‘plab artistlar umri ularning rollaridan kelib chiqadi, bu o‘zlari ijro etayotgan qahramonlar fe’l-atvorining uyg‘unlashuvi, aks-sadosiga aylanadi go‘yo. Hayotdagi muayyan vaziyatlar yo‘naltirish nuqtasi bo‘ladi.

Mina Kumari hayotda juda ko‘p azob chekdi. Bu sitamlarni o‘z xatti-harakatlari orqali ekranda namoyon etdi. U hech kimga o‘xshamagan dramatik rollari va og‘ir hayoti tufayli ommaviy axborot vositalari hamda adabiy manbalarda «Fojialar qirolichasi» deya tilga olina boshladi. Mina og‘ir xotiralariga oid kechinmasini rollarida jonlantirar, bularning barchasi ekrandan jim qarab turgan daqiqalarida ma’yus ko‘zlari orqali o‘z ifodasini topardi.

U oqila ayol, mulohazakor aktrisa, aytish joizki, hissiyotlarini ulkan tuyg‘ulari ila ekranda ochib beradigan shoira ham edi. Minaning botinidagi dard-alamlari nazmdagi ijodida aks etar va ovozidagi ma’yus ohang bilan uyg‘unlashib ketardi.

Aktrisa ich-ichidan jo‘shib chiqadigan ajoyib ovozga ega edi. Uning rasmiy jihatdan ma’lumoti yo‘q edi, shunga qaramay, o‘z davrining eng o‘qimishli va ziyoli aktrisalaridan biri sanalardi. Mina urdu, hind va ingliz tillarida she’rlar yozgan. Bunga mustaqil o‘qish, bilim orttirish orqali erishgan.

Erkaklar...

16 yoshida Mina ssenariynavis va rejissyor Kamol Amrohi (1918–1993) bilan tanishdi. Ularning nikohi jo‘shqinlikka to‘la uch yilga cho‘zildi. Birgalikdagi hayot esa 1952–1964 yillarni qamrab oldi.

Shubhasiz, Kamol Amrohi Minaning aktrisa sifatida iste’dodi o‘sishiga yordam berdi, biroq undagi ayollikni «o‘ldirdi» ham. Natijada aktrisa umumqabul qilingan ko‘plab me’yorlarni mensimay qo‘ydi. Hatto, shu tarzda o‘zining oilaviy hayotini ham barbod qildi. Ular ajrashishdi.

Mina boshdan-oyoq oq libosda yurishni yaxshi ko‘rardi. Uyda pardoz-andoz qilmas, taqinchoqlar ham taqmasdi. Turli kechalar, to‘y-hashamlarga oddiy oq sarida tashrif buyurardi (hindlarda oq sari motam libosi hisoblanib, beva ayollar kiyadi). Aktrisa sochlarini yig‘ib yurar, sevimli mashg‘uloti esa guldastalar tayyorlash va bog‘da kuymalanish edi.

Mina bolalarni sevgan, ammo o‘zi bepusht edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u ko‘pgina filmlarda kichkintoylar bilan birga o‘ynagan.

Kamol Amrohi bilan nikohiga darz ketgan aktrisa Gulzor bilan munosabatlarini bog‘ladi. Faqat shu lahzalargina «fojialar qirolichasi» hayotining umidsizlik bilan intiho topmagan eng yaxshi sahifalari hisoblanadi. Afsuski, uning bu do‘sti va ustozi Gulzordan ham ayrilish vaqt-soati ham yetdi. Shundan so‘ng Mina allaqanday kishilar bilan ko‘zga tashlanmaydigan, o‘tkinchi munosabatlar o‘rnatdi. Aktrisaning oxirgi «shahzoda»si esa Dxarmendra bo‘ldi. Bu ularning hayotidagi eng ziddiyatli boblarni tashkil etdi.

Dxarmendra Mina Kumarini ilk bor ko‘rgan paytini yaxshi eslaydi. O‘shanda u hazillashib Dxarmendraning qulog‘idan cho‘zib qo‘ygandi. Dxarm xuddi qiz boladek duv qizarib ketdi. «Nega qizarib ketdingiz?» – deb so‘radi Mina. «O‘zim, – javob berdi Dxarm, – shunchaki qonim kuchli aylanadi». Uning Mina Kumari bilan yulduzli juftligi «Tosh va gul» (Phool Aur Patthar, 1966) kabi bir nechta filmlarning suratga olinishiga zamin yaratdi.

Aytishlaricha, Dxarmendraning Mina Kumariga nisbatan muhabbati sof bo‘lmagan. Buni aktrisa ilg‘agan edi.

Minaning shaxsiy hayoti o‘nglanmadi va u ichkilikka berildi. Gap shundaki, Kamol Amrohi bilan ajrashganidan so‘ng tushkunlikka tushgan Minaga vrach oz-ozdan brendi iste’mol qilishni, bu uyqusini yaxshilashini aytgan edi. Ammo aktrisa bu «malham»ni ichishni ko‘paytirib yubordi.

1968 yilda Minaning salomatligi shu qadar yomonlashdiki, uni Londondagi eng yaxshi shifoxonaga yuborishga to‘g‘ri keldi. Vrachlar aktrisani dam olishga undadilar, biroq u Hindistonga qaytgach, kinoda suratga tushishni davom ettirdi.

Hech kimni sevmay, hech kim uchun yashamay...

Mina Kumari «Janob, xonim va xizmatkor» (Sahib Bibi Aur Ghulam, 1962) filmidagi unutilmas roli bo‘lmish sho‘rpeshana Choti Babi tufayli ichkilikka ruju qo‘ygan degan mish-mish yurardi. U ekranda bosh qahramon Rahmonning ichkilikka bog‘lanib qolgan xotinini gavdalantirgan. Choti Babi yo‘ldan adashgan erini uyda ushlab turishga harakat qiladi, ammo o‘zi aroqxo‘rlikka berilib ketadi.

Garchand Minaning shaxsiy hayoti izdan chiqqan bo‘lsa-da, kinoda rol o‘ynashda davom etdi. Uning ishtirokidagi «Sharada» («Sharada»), «Parinita» («Parineeta») kabi filmlar mashhur bo‘ldi. Ayniqsa, «Arti» («Aarti»), «Main Chup Rahoongi», «Dil Ek Mandir», «Kajol» («Kajal») va «Tosh va gul» kinoasarlari ketma-ket xitga aylandi.

Umuman, 1939–1972 yillar mobaynida Mina 99 ta filmda suratga tushdi. U sakkiz marta nufuzli mukofotga nomzod qilib ko‘rsatilgan bo‘lsa, yuqorida aytilganidek, to‘rt karra munosib taqdirlandi.

Mina Kumari hech qayoqqa chiqmasdan to‘rt devor orasida o‘tiradigan oddiy hind ayoli bo‘lmagan. U aktrisa edi. Ammo hind kinosining birinchi xonimi bo‘lgan Mina o‘zini-o‘zini halok qildi. U hech kimni sevmas, hech kim uchun yashamasdi. Minaning oilasi ham, farzandlari ham, sevimli insoni ham yo‘q edi...

«Fojialar qirolichasi»ning roli barkamol ayollar hayotini ham aks ettirardi. Masalan, «Sharda» filmida uning qahramoni o‘zi sevgan inson (Raj Kapur)ga turmushga chiqadi. Bu ayol umr yo‘ldoshini ulug‘vor deb anglaydi.

Mina Kumari «Ozod», «Meri xonim» va «Shararat» filmlarida ham yorqin rollar yaratdi. Garchand u ko‘z yoshlarga g‘arq bo‘lib yursa-da, zamonaviy mashhur Madhubala kabi eng yaxshi takliflar berishardi.

Kino Mina uchun hayot va... o‘limga aylandi.

Va intiho...

Minaning salomatligi sezilarli ravishda yomonlasha boshladi. Ko‘ngilsizlik va ichkilikka aloqador gap-so‘zlar kinoindustriya doiralarida aylanib, aktrisa esa tobora azob-uqubatlarga giriftor bo‘laverdi. Kasallik zo‘raydi va uning tashqi qiyofasida aks etdi. Oqibatda Mina kinodagi faoliyatiga nuqta qo‘ydi. Biroq u kinosiz ham yashay olmasdi. Shu bois, «Javob», «Dushman» filmlarida xarakterli rollar yaratdi. Hatto, umrining so‘nggi damlarida Gulzorning «Seni izlayman» («Mere Apne») nomli kinoasarida eng yaxshi rollaridan birini ijro etdi. Mina unda hafsalasi pir bo‘lgan yosh yigitning onasi timsolini gavdalantirdi.

Mina Kumari ayni o‘limidan oldin uzoq (14 yil) kutilgan  «Pokiza» (1972) filmidagi ishtirokini ham yakunladi. Mazkur kinoasarni rejissyor Kamol Amrohi suratga oldi. Afsuski, «Pokiza» aktrisaning o‘limidan so‘ng bir necha kun o‘tgach, ekranlarga chiqdi. Mazkur kinoasar, shubhasiz, xitga aylandi. «Pokiza» Mina Kumarining turli voqealar, go‘zal rollariga qorishgan faoliyatidan keyingi barcha loyihalaridan farqli o‘laroq eng esda qolarli film bo‘lib qoldi.

Uning hayoti esa baxtli yakuni bo‘lmagan bitmas-tuganmas fojiali rollardan iborat edi.

Ayni o‘sha damda Minaning yuragida... yoriq borligi ayon bo‘ldi. Bu kasallik kinodagi faoliyatiga uzil-kesil nuqta qo‘yishga majbur qildi. U, shuningdek, Kishor Kumar bilan omadsiz nikohiga boshi bilan sho‘ng‘igan edi, bu muammolar girdobi aktrisani o‘limiga qadar o‘z komiga oldi.

1972-yilning 31-mart kuni Bombeydagi Avliyo Yelizaveta gospitalida komadan chiqmagan Mina Kumari hayotdan ko‘z yumdi. U tuzalmas kasallik – jigar sirrozi bilan vafot etgan edi...

A.Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring