Italiya prezidenti Xorazmga bordi (foto)
Rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella va uning qizi Laura Mattarella bugun, 11-noyabr kuni Xorazmga borgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Urganch xalqaro aeroportida mehmonlarni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov hamda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov kutib olgan.
Italiya Prezidenti Xivadagi “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasining tarixiy-madaniy yodgorliklari bilan tanishgan.
Delegatsiya vakillari muzey- qo‘riqxona xodimlari, sayyohlar, hududda faoliyat ko‘rsatayotgan hunarmandlar bilan suhbatlashdi.Serjo Mattarella muzey-qo‘riqxonaning xotira kitobiga esdalik so‘zlarini yozib qoldirdi.
Shuning bilan Italiya Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi nihoyasiga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serjo Mattarella Samarqandga borib, mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi bilan yaqindan tanishgandi.
Serjo Mattarella 9-noyabr kuni O‘zbekistonga kelgandi. Italiya prezidentiga qizi qizi Laura Mattarella ham hamrohlik qilmoqda. Ularni Toshkent xalqaro aeroportida Bosh vazir Abdulla Aripov kutib olgandi.
10-noyabr kuni ertalab mehmonlar “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘yishdi.
Keyinchalik Ko‘ksaroy qarorgohida Italiya Prezidenti Serjo Mattarellani rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimdan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella Ko‘ksaroy qarorgohida ikki tomonlama muzokara o‘tkazdi.
Muzokaralardan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter