Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koreya hukumati Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga $12 mln grant ajratadi

Koreya hukumati Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga $12 mln grant ajratadi

Joriy yilning 25-dekabr kuni Koreya Milliy Assambleyasi tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga 15 mlrd von (12 mln AQSh dollari atrofida) miqdoridagi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bu haqda OKMK axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur grant mablag‘lari doirasida Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish birlashmasining O‘zbek-Koreys ilmiy texnik markazi qoshida sanoat tajriba sexi tashkil etiladi.

«Ushbu sexga zamonaviy laboratoriya jihozlari hamda texnologik uskunalari olib kelinadi. Yangi sexda Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish dasturga asoslangan holda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, yangi texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib boriladi», – deyiladi korxona xabarida.

Ma’lum qilinishicha, ushbu grantni olish uchun 20dan oshiq davlat ishtirok etishgan bo‘lib, OKMKga grant ajratilishida barqaror ishlab chiqarish sur’ati, sanoat va ilm-fan integratsiyasi, ilmiy ishlanmalarning ishlab chiqarishga tadbiq etilishi hamda olimlarning ilmiy yutuqlari kabi omillarga ahamiyat berilgan.

Loyiha 2023-2027 yillarda amalga oshiriladi. Loyiha doirasida Birlashma tarkibidagi O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markazidagi sanoat tajriba sexiga pilot uskunalar yetkazib berilib, qo‘shma ilmiy tadqiqot dasturi ishlaydi. O‘zbekistonda Koreya tomonidan nodir metallar va mis sanoati ekspertlari ish olib boradi va kombinat muhandislari Koreyada amaliyot o‘tashadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring