Kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan mansabdorlar qo‘lga olindi

Buxoroda imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan mansabdorlar qo‘lga olindi. Bu haqda “Xabar.uz”ga huquq-tartibot organi xodimi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyati mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi mas’ul xodimi hamda G‘ijduvon tumani hokimi yordamchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda til biriktirib, jinoyatga qo‘l urishgan. Ular bir guruh bo‘lib, Surxondaryo viloyatida yashovchi Sh.M.ning nomiga uni xabardor qilmagan holda “Har bir oila tadbirkor” davlat dasturi doirasida 32,8 million imtiyozli kredit mablag‘larini rasmiylashtirishga erishishgan. So‘ng ushbu kredit mablag‘larini Romitan tumanida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ko‘chirib, pullarni naqdlashtirib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishgan.
Mazkur faoliyat yuzasidan O‘zbekiston respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
“Xuddi shu kabi holat Buxoro shahrida faoliyat yurituvchi yana bir korxona rahbari tomonidan ham sodir etildi. Korxona rahbari 1,3 milliard so‘m kredit mablag‘larini o‘zlashtiri aniqlandi”,-deydi Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi xodimi.
Ma’lum bo‘lishicha, departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “T.N.” oilaviy korxonasi rahbari F.G. hududiy tijorat banki filialining sobiq mas’ul shaxslari bilan oldindan til biriktirgan bo‘lgan. U korxonaga 2019 yilda ajratilgan kredit ta’minoti uchun garovga qo‘yilgan mehmonxona binosini qayta garovga qo‘ygan va sun’iy ravishda qimmat narxda baholatgan. Go‘yoki qo‘shimcha bino qurish vaji bilan yana 900 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilishiga erishgan. Tekshiruvlar davomida F.G.ning bank filialining jami 1,3 milliard so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Hech bir jinoyat izsiz yo‘qolmaydi”,- dedi departamentning mas’ul xodimi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter