Mirziyoyev tibbiyot sohasida yangi tashabbuslarni ilgari surdi

Prezident Mirziyoyev bugungi yig‘ilishda tibbiyot sohasidagi muammolarga yechim topish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi va yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha salkam ikki yil tayyorgarlik ko‘rilgani, xorijning ilg‘or tibbiyot markazlaridan ekspertlar jalb qilingani ta’kidlandi.
«Agar birlamchi bo‘g‘in, raqamlashtirish va sug‘urtani joyiga qo‘ysak, tibbiyot xodimlarini bilim va amaliy ko‘nikmasini yaxshilasak, muhimi, aholining tibbiy madaniyatini oshirsak, shuning o‘zi orqali ko‘zlagan maqsadlarimizga erishamiz», - dedi Prezident.
Endilikda birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim bo‘lishi belgilandi. Prezident buni Ishtixon tumanidagi bitta poliklinika misolida chuqur tahlillar asosida tushuntirib berdi.
Ishtixondagi «O‘zbekiston» nomli poliklinikaga 7 ta mahalla biriktirilgan. Lekin 6 nafar oilaviy shifokor 9 ta shtatni band qilib, yuklamani eplay olmayapti. Bu poliklinikada yana 6 ta vrach shtati bo‘sh.
Kafolatlangan paketga zarurati puxta o‘ylanmasdan 90 turdagi dori kiritilgani bois poliklinikaga buning yarmi ham kelmayapti. Poliklinikadagi laboratoriya tahlilini birorta shifoxona tan olmaydi.
Eng ko‘p murojaat bolalar kasalliklariga to‘g‘ri kelgani bilan, oilaviy shifokorlarda ko‘nikma yetishmagani uchun ular pediatr vazifasini to‘liq bajara olmayapti. Tug‘ruq yoshidagi 9 ming ayol uchun bor-yo‘g‘i 1,5 stavka ginekolog shtati berilgan.
Aholining 35 foizi yurak-qon tomir, qandli diabet, oshqozon-ichak kabi surunkali kasalliklarga chalingan. Bunday kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilish va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha tibbiyot brigadalarining ishi ko‘rinmayapti.
Shu bois, ushbu tizim o‘zgarishi belgilandi.
Endilikda tibbiyot brigadasi hamda unga biriktirilgan aholi o‘rtasida huquq va majburiyatlarni belgilovchi ikki tomonlama shartnoma tuziladi. Aholi oilaviy shifokorni erkin tanlaydi, bu jarayonlarga xususiy oilaviy shifokorlar ham jalb etiladi.
Tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanadi va paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari to‘liq budjetdan qoplanadi.
Shuningdek, poliklinikada akusher-ginekologlar 2 barobar ko‘payadi. Har 3 ming bola uchun 1 tadan pediatr shtati yangidan qo‘shiladi.
Bundan buyon birlamchi bo‘g‘inda yarim yoki 0,25 stavka bo‘lmaydi. Barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlaydi.
Umuman, tumandagi mahalla va oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar faoliyati maqbullashtirilib, 12 mingdan ko‘p odamga xizmat qiladigan 7 ta yirik poliklinika, qolgan 27 tasi kichik poliklinika sifatida qaytadan tashkil qilinadi.
Tumandagi markaziy poliklinika esa tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika bo‘limiga aylantiriladi. Barcha tor soha mutaxassislari shu yerda ishlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter