Mo‘ynoqqa borib ishlash vatanparvarlikdir – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda Respublika shoshilich tibbiy yordam ilmiy markazida sog‘liqni saqlash xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Davlat rahbari muloqot vaqtida chekka hududlarga borib ishlayotgan shifokorlarni vatanparvarlar, deb atadi.
– «Qishloq shifokori» dasturi doirasida olis hududlar ro‘yxatini 297 taga yetkazdik. Ilgari bunday hududlar soni 142 ta edi. Mana shu hududlardagi moddiy rag‘batlantirishni yanada kengaytirdik.
Bugungi kunga qadar «Qishloq shifokori» dasturi asosida 191 nafar shifokor turli hududlarda ish boshladi. Masalan, Mo‘ynoq shahriga Farg‘ona, Samarqand va Xorazmdan 8 nafar shifokor ishga borgan. Men ularning barchasini vatanparvarlar, deb bilaman. Bu shifokorlarimizdan Mo‘ynoq ahli juda minnatdor! — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident, shu bilan birga olis hududlarda malakali shifokorlar yetishmasligi muammosi hamon mavjud ekanini ta’kidlab o‘tdi va mutasaddilardan muammoni hal qilishda faolroq bo‘lishni talab qildi.
— Afsuski, bu borada hali muammolar bor, masalan yana olis hududlarda 171 ta bo‘sh ish o‘rinlari mavjud va ularni to‘ldirish zarur.
Xususan, Qashqadaryoda – 67 ta, Navoiyda – 19 ta, Qoraqalpog‘istonda – 18 ta, Buxoroda – 17 ta, Surxondaryoda – 14 ta, Sirdaryoda – 13 ta shifokor o‘rinlari bo‘sh turibdi. Nima uchun sog‘liqni saqlash vaziri bu masalada bong urib chiqmaydi? Nimaga hokimlar «Qishloq shifokori» dasturi doirasida malakali shifokorlarni o‘z hududiga jalb etishga intilmaydi? — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xabar.uz muxbirining ma’lum qilishicha, davlat rahbari yig‘ilish davomida «Qishloq shifokori» dasturi asosida tibbiyot xodimlariga berilayotgan imtiyozlarni ko‘proq targ‘ib etish va malakali shifokorlarni chekka hududlarga jalb etish lozimligini ta’kidlagan.
«Shavkat Mirziyoyev bu borada muammoli hududlar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berdi», – deydi muxbirimiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter