Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklari hamkorlikda maxsus-taktik o‘quv o‘tkazdi

O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklari hamkorlikda maxsus-taktik o‘quv o‘tkazdi

Qozog‘istonning Aqtau shahridagi «Oymasha» poligonida O‘zbekiston va Qozog‘iston Qurolli kuchlari maxsus bo‘linmalari hamkorligida maxsus-taktik o‘quvlar o‘tkazildi.

Jarayonni Qozog‘iston mudofaa vaziri, general-polkovnik Ruslan Jaqsiliqov va O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov bevosita kuzatgan.

O‘zbekiston mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, harbiy xizmatchilar tezkor kuch va vositalar bilan hamkorlikda shartli dushmanni yakson etish bo‘yicha harakatlarni amalga oshirgan.

Maxsus bo‘linmalar uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalangan holda razvedka-qidiruv harakatlarini olib borib, terrorchi guruhlar joylashgan hududni aniqlagan.

Bo‘linmalar zamonaviy qurolli mojarolar tajribasidan kelib chiqqan holda yangi taktik usuldan foydalanib, hamkorlikda yaqin masofada jang qilgan. Belgilangan vazifani bajarish vaqtida olovli qo‘llab-quvvatlov guruhiga zirhlangan texnikalar hamrohlik qilgan va shartli dushman yakson etilgan.

Shuningdek, tungi sharoitda batalon taktik guruhlari o‘quv mashg‘uloti o‘tkazilgan. Xususan, batalon taktik o‘quvlari qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning eng zamonaviy namunalarini qo‘llash, aviatsiya yordamida umumqo‘shin bo‘linmalariga madad berish, o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘li va cho‘l hududlarida, shahar sharoitida maxsus operatsiyalarni o‘z ichiga olgan.

Qozog‘iston mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, mashg‘ulotlar jarayonida jangovar mashinalar, artilleriya va zenit majmualari, Mi-8, Mi-35 vertolyotlari, Su-30 samolyotlari va Skylark 1LYeX uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanilgan.

Ta’kidlanishicha, hamkorlikdagi o‘quvlar Markaziy Osiyo mintaqasida harbiy xavfsizlikni ta’minlashda tahdidlarga qarshi tezkor javob choralarini ishlab chiqish, ehtimoliy keskin vaziyatlarga doimo shay turish, so‘nggi texnologiyalar yordamida harbiy xizmatchilar ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.

Mashg‘ulotlar yakunida mudofaa vazirlari ishtirokchilarning jangovar qobiliyatini yuqori baholab, har ikki davlat harbiy xizmatchilariga jangovar hamdo‘stlikni mustahkamlashdagi xizmati uchun ko‘krak nishonini topshirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring