Poytaxtdagi ikki maktabda virusli gepatit A kasalligi aniqlandi – Sanepidqo‘mita
Toshkent shahar Mirobod tumanida joylashgan 214 hamda 65-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida virusli gepatit A kasalligi aniqlangan.
Shu sababli Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Mirobod tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan mazkur maktablarda epidemiologik surishtiruv hamda sanitariya nazorati o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, nazorat davomida o‘quvchilar va ishchi xodimlarning o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tganlik xulosalari, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish tartibi hamda maktab binosida, sinf xonalarda joriy tozalik ishlarining olib borilishi, jihozlarning sozligi kabilar tekshirilgan.
«Tekshiruvlar natijasida, maktabning sanitariya holati talabga javob bermasligi ma’lum bo‘lganidan so‘ng, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan maktab rahbatiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi», – deyiladi Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi xabarida.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida uchrayotgan gepatit A kasalligi qanchalik xavfli?
Virusli gepatit A (sariq kasal) asosan 14 yoshgacha bolalar o‘rtasida uchraydigan, asosan, kuz-qish mavsumida boshqa mavsumlarga nisbatan ko‘proq aniqlanadigan kasallik hisoblanadi.
Gepatit A — kasallikning eng ko‘p uchraydigan, ammo boshqa gepatit turlariga nisbatan xavfsizroq turi hisoblanadi. U deyarli doim o‘tkir kechadi va surunkali bo‘lmaydi, o‘limga va boshqa turlarga nisbatan jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi.
Nisbatan yuqori kasallanish aholi sifatli ichimlik suv bilan yaxshi ta’minlanmagan, sanitariya-gigiyena sharoiti nochor bo‘lgan hududlarda kuzatiladi. Shu bilan birgalikda, bolalar maktabgacha ta’lim muassasalarida va maktablarda o‘zaro muloqot jarayonida gepatit A kasalligini yuqtirib olish ehtimoli mavjud.
Ushbu kasallik «kir qo‘llar kasalligi» deb ham ataladi. Virusni, asosan, virus bilan zararlangan kirlangan suv, ochiq suv havzalari, taom, yaxshi yuvilmagan idish, ho‘l mevamahsulotlarini yuvmay iste’mol qilish hamda kasallangan odam bilan kontaktda bo‘lish orqali yuqtirish mumkin.
Virusli gepatit A kasalligi maktab sharoitida aniqlangan taqdirda epidemiologik surishtiruv ishlari olib boriladi. Agar hududda sanitariya holati qoniqarsiz, suv tizimi yo‘lga qo‘yilmagan va hojatxonalar nosoz holatda bo‘lib, kasallik tarqalishiga sharoit yaratilayotgan bo‘lsagina maktabda ta’lim jarayonlarini vaqtincha to‘xtatish mumkin bo‘ladi.
Kasallikni bolalar o‘rtasida aniqlanmasligi va tarqalmasligi uchun mutaxassislar tomonidan nafaqat maktab, balki uyushgan jamoalar, uy o‘choqlarida epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar olib boriladi. Shuningdek, bolalarni ushbu kasallikka qarshi emlatish eng samarali usul hisoblanadi. Har yili poytaxtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari bepul ravishda, xususan ota-onalar hisobidan o‘rtacha hisobda poytaxtimizda 50 mingdan ziyod bolalar emlanmoqda. Bu esa kasallikning aniqlash ko‘rsatkichlarini yildan-yilga kamayishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu sababli kasallikdan himoyalanish uchun avvalo shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish va emlash ishlarini olib borish maqsadga muvofiq.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter