Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarshi tarixini bilasizmi?

Qarshi tarixini bilasizmi?

Qadimgi manbalarda Bolo, Nashebolo, Nikshopa, Naxshab, Nasaf nomlari bilan yuritilgan. XIV asrdan boshlab Qarsh deb yuritilgan. Endi shularning barchasiga batafsil to’xtalamiz.

Hozirgi Yerqo’rg’on o’rnida eng qadimgi davri, ya’ni miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda kichik bir turarjoylar majmui sifatida paydo bo’lib, uning atrofi devor bilan o’rab olingan. Miloddan avvalgi VI asrda shahar atrofida odamlar kelib o’rnashishi natijasida umumiy maydoni ancha kengaygan va Naxshab deb atalgan. Makedoniyalik Aleksandr mioddan avvalgi 329-yilda Oksni, ya’ni Amudaryoni kechib o’tganda o’sha davrdagi So’g’dning poytaxti Marokanda yo’lida qadimgi Kesh va Naxshab turar edi. Albatta Aleksandr shaharni vayron qiladi. Miloddan avvalgi II-I asrlarda Zahhoki-Moron qal’asi bunyod etilib, uning atrofiga odamlar ko’chib kelib, shahar tusini oladi va u ham Naxshab deb ataladi. Milodiy V asrda Kidariylar davrida Qarorgoh bo’lib xizmat qilgan. Turk xoqonligi va Sosoniylar ittifoqining VI asrdagi Eftaliylar bilan bo’gan urushlari davrida Naxshab tamoman vayron bo’lgan. Oradan vaqt o’tgach odamlar hozirgi Shulliktepa atrofiga Qashqadaryoning chap qirg’og’iga ko’chib o’tganlar va baland mudofaa devori bilan o’ralgan shahar bunyod etganlar. Bu shahar ham Naxshab deb atalgan.

Arablar davrida X asrda shahar Nasaf deb atalib, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlanib, o’ziga xos musulmon markazlaridan biriga aylanadi. O’z davrida Nasafdan juda ko’plab olimlar yetishib chiqqan.

Chingizxon qo’shini 1220-yilda shaharni vayron qilishadi. Keyinchalik chingiziy hukmdorlardan Kepakxon poytaxtni ilk bor Movarounnahrga ko’chirmoqchi bo’ladi vas hu maqsadda Nasafdan 5 km uzoqlikda bo’lgan joyda saroy qurdiradi. Yangi bunyod qilingan shahrni Qarshi deb ataydi. “Qarshi” so’zi mo’g’ul tilida saroy ma’nosini bildirgan. Ma’lumot uchun Kepakxon 1318-1326-yillarda xonlik qilgan. Bu joy hozirgi Qarshi shahrining 3-joyda o’rnashishi bo’ldi.

Amir Temur davrida shaharga katta e’tibor berilib, g’isht va paxsa devorlar bilan o’rab olinadi. Bu davrda shahar mudofaa xandaqli 4 ko’prikli mustahkam qo’rg’on bo’lgan. Keyinchalik Ashtarxoniylar va Mang’itlar sulolalari davrida bo’lg’usi hukmdorlar, ya’ni taxt vorislari boshqaradigan viloyat maqomida bo’lgan. Buxoro amirligi davrida Qarshi beklikning markazi bo’lib, amirlikning muhim iqtisodiy markazlaridan biri bo’lgan.

Qarshida pul zarb qilinadigan zarbxona va porox ishlab chiqariladigan o’ziga xos korxonalar bo’lgan. Buxoro Rossiya imperiyasining protektoratiga aylangach, Samarqand, Jizzax kabi shaharlar Turkiston general gubernatorligi tarkibiga o’tib ketgach Qarshi amirliknning, deyarli, markaziy shaharlaridan biri bo’ib qildi. Sobiq Sho’rolar davrida va mustaqillik davrida viloyat ma’muriy markazi maqomida qolmoqda.

Men ushbu maqolada viloyatimiz markazi Qarshi shahri tarixi haqidagi ma’lumotlardan bir tomchi keltirdim xolos. Uning tarixi haqida bir necha kitob bitish mumkin, kamina oddiy tarix o’qituvchisi sifatida xalqimizga ozroq bo’lsada, shahrimiz tarixini eslatganimdan xursandman.

Baxtiyor Hayitov,

Dehqonobod tumanidagi 7-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabining tarix fani o’qituvchisi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring