Samarqandda Islom dunyosi madaniyat vazirlari yig‘ildi

2025-yilda «Islom dunyosi madaniyat poytaxti» deb e’lon qilingan Samarqand shahri 26-27 may kunlari ushbu maqom doirasidagi tadbirlarga mezbonlik qiladi.
Ayni damda «Boqiy shahar»da «Samarqand shahri – 2025-yil Islom dunyosi madaniy poytaxti» tadbirlari doirasida «Islom dunyosi madaniy merosi va madaniy ifodalari: xattotlik, musiqa, she’riyat va birdamlik» forumi bo‘lib o‘tmoqda.
– Islom madaniyatining ulug‘vor merosi – bu xattotlik, musiqa va she’riyat kabi san’at va fanlarning nurli uyg‘unligi bo‘lib, u nafaqat o‘tmishimizni yoritadi, balki insoniyatning ma’naviy taraqqiyoti uchun muhim mayoq bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu madaniy boyliklar – avlodlarni, xalqlarni va mintaqalarni o‘zaro bog‘lab, bilim, ijodkorlik va ma’naviyat asosida barpo etilgan yagona taraqqiyotning chinakam timsoliga aylanmoqda, – dedi o‘z nutqida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Bugun insoniyat insoniy qadriyatlar tanazzulining dahshatli davrini boshdan kechirmoqda. Odamlar eng xavfli tahdid – anti-madaniyat epidemiyasi bilan yuzma-yuz turibdi. Bu jamiyatni ichidan yemirayotgan, inson ma’naviyati va madaniyatiga qarshi yo‘naltirilgan jiddiy xavf deb hisoblayman. Islom madaniyatining asrlar osha o‘zgarmay kelayotgan qadriyatlari aynan shu falokatli vaziyatda insoniyatni qutqarish uchun yagona ishonchli yo‘l. Islom madaniyati – bu shunchaki diniy aqidalar to‘plami emas. Bu – inson hayotining barcha jabhalarini yorituvchi yuksak tafakkur va odob maktabidir. Ta’kidlamoqchimanki, aynan shu nuqtada ISESCO ning ahamiyati yorqin namoyon bo‘ladi.
Vazir nutqi davomida ISESCO bilan hamkorlikda nomoddiy-madaniy meros va madaniy turizm sohalarida loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekistonning madaniyat va san’atga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari uchun grantlar ajratish, kelgusi yil yurtimizda o‘tkaziladigan «Sharq taronalari» va Maqom san’ati anjumanini tashkil etish takliflarini bildirarkan, «hamkorlikda O‘zbekistonda islomiy san’at, kalligrafiya, miniatyura, musiqa va teatr san’atiga oid qisqa muddatli kurslar, taniqli olim va professorlar ishtirokida mahorat darslarini tashkil etib borish maqsadga muvofiq», dedi.
Samarqand azaldan insoniyat tamadduni, jumladan islom madaniyati rivojida alohida o‘rin tutadi. Bu yerda yashab ijod qilgan buyuk ajdodlarimizning ilm-fan va madaniyatning ko‘plab sohalari taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini dunyo tan olgan.
Bu xaqda Iordaniya madaniyat vaziri Mostafa Naser Mostafa Alravashdex shunday dedi:
– O‘zbekistonda buyuk allomalarning boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Moturidiy singari benazir allomalarning muborak nomlari butun dunyoga mashhur va ularning merosini o‘rganishga e’tibor kuchaydi.
Bugun 2025-yil Islom madaniyati markazi deb tan olingan bu qadimiy va hamisha navqiron shahar betakror tarixiy yodgorliklari mashhur. U nafaqat siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaz, balki islomiy merosga boy shahar hisoblanadi. Bu shaharni bejizga mashhur arab sayyohi yoqut shahar yoki sof va bag‘ri keng odamlar yurti deb atamagan. Islom madaniyatining keng quloch yoyishi va islom qadriyatlarining saqlanishi, butun dunyo musulmonlarini bu yo‘lda birdamlikka chorlaydi. Chunki madaniyatning, ma’rifatning boshlanishi islom olamidan boshlangan.
Tadbir doirasida Turkiy xalqlar madaniyati va merosi fondi jamg‘arma prezidenti, Turksoy tashkiloti, Tatariston, Marakko, Iroq, Buyuk Britaniya, Rossiya, BAA, Ozarbayjon, Gambiya kabi davlatlardan kelgan madaniyat sohasi vakillari bu konferensiya ilm-fan, ma’rifat, madaniy meros, islom qadrini yana bir bor anglatishini alohida ta’kiladilar.
Bugungi xalqaro anjuman doirasida madaniy merosni o‘rganish, islom tamadduniga davlat darajasida katta e’tibor berilayotganiga yana bir bor e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Xususan, Islom akademiyasi huzurida ISESCO ning maxsus kafedrasi tashkil etildi. Shuningdek, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti singari muassasalarning faoliyati yo‘lga qo‘yilgani nafaqat O‘zbekiston, balki butun Islom olami uchun muhim ahamiyatga egadir.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter