Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surxondaryoda 8 kilodan ortiq «opiy» savdosiga chek qo‘yildi

Surxondaryoda 8 kilodan ortiq «opiy» savdosiga chek qo‘yildi

DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlarida ikki holatda giyohvandlik moddalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar aniqlanib, qo‘lga olindi.

Xususan, Termiz tumanida harakatlanayotgan «Matiz» avtomobili to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 1979-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan, Termiz shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan fuqaroning yonida 4 kg. 827 gr. «opiy» moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, ushbu giyohvandlik vositasi muqaddam afg‘onistonlik narkokur’yerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan keltirib berilganligi ma’lum bo‘ldi.

Boshqa holatda esa Sariosiyo tumanida yashovchi, 1979 va 1982-yillarda tug‘ilgan aka-uka 3 kg. 627 gr. «opiy» va 919 gr. «gashish» moddalarini 30 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ushlandi.

Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari muqaddam tojikistonlik narkokur’yerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan Sariosiyo tumaniga keltirib berilgan.

Ta’kidlash lozimki, mazkur aka-uka muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan bo‘lsalarda, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring