Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ochlik hissi ham jismonan, ham ruhan tiklanishga yordam beradi

Ochlik hissi ham jismonan, ham ruhan tiklanishga yordam beradi

Hozirgi ko‘pgina kasalliklarga sabab – insonning ochlikni his qilmay qo‘yganidir! Inson uchun ekologik muammolardan ko‘ra davomiy to‘q yurish (buning ortidan kelib chiqadigan ortiqcha vazn, semizlik emas) xavfli.

Ochlik – organizmning o‘ziga xos sterilizatsiyasi. Ochlikni his qiladigan tana doimo to‘q yuradigan tanaga nisbatan sog‘lom bo‘ladi. Sababi, ochlik natijasida inson vujudida autofagiya jarayoni faol bo‘ladi. Organizmlarning tozalanishida – sterilizatsiyasida autofagiya juda muhim va asosiy jarayon.

Hujayralar qariydi, o‘ladi va o‘lik holatida tanada qoladi. O‘lik hujayralar yog‘, oqsil va uglevodlardan iborat. Aynan ochlik – autofagiya jarayonida mana shu «biologik chiqindilar» parchalanib, o‘zlashtiriladi. Natijada inson tanasi o‘lik hujayralardan – «biologik chiqindilar»dan qutuladi. Saraton hujayralari ham ana shunday tarzda o‘zlashadi (yo‘q qilinadi). Yoki, boshqacha aytilsa, «eritiladi».

Ochlik qonning kimyoviy tarkibini yaxshilanishiga yordam beradi. Eng avvalo, ortiqcha glyukoza to‘planmaydi, natijada, qandli diabetning oldi olinadi.

Ochlik saraton hujayralari hosil bo‘lishining oldini oladi. Saraton kasalliklarida ochlikka yetadigan profilaktik usulni hali zamonaviy tibbiyot taklif etolmagan.

Ochlik miyaning to‘laqonli ishlashiga yordam beradi. Eng qizig‘i, inson och qolgan mahalda xotirasi yaxshi ishlaydi, ayniqsa, o‘qigan narsasi miyasida qoladi. Inson to‘q bo‘lsa, tana inson uchun emas, balki, birinchi navbatda, taomni – yog‘, oqsil va uglevodlarni parchalashga o‘tadi. Tana a’zolari zo‘riqib ishlaydi. Ochlikda esa aksincha jarayon ketadi, tana a’zolarining yuklamasi kam bo‘ladi. Har narsa ishlatilaversa eskiradi, qobiliyatini yo‘qotadi. Tana a’zolarimiz ham shunday. Ochlik jarayonida tana a’zolari passiv tinim holatiga o‘tadi. E’tibor bering, ochlik vaqtida odam hojatga kam boradi. Bu degani, oshqozon, ichak, buyrak, jigar... kabi a’zolar dam olyapti. O‘ylab ko‘ring, o‘zingiz dam olmay ishlasangiz qay ahvolga tushasiz?

Endi yana bir o‘ylab ko‘ring: kechki ovqat ratsioni kuchli bo‘lsa, tana a’zolari tuni bilan ishlab chiqadi. Odamning o‘zi uxlaydi, a’zolar esa ishlaydi, dam olmaydi. Kasalliklar shundan boshlanadi.

Hazrat payg‘ambar (s.a.v) buyuradi:  

«Qalblaringizni ochlik bilan nurlantiring, nafsingizga qarshi jihod qilib, uning tarbiyalashda ochlikni va tashnalikni qurol sifatida ishlating...».

Abu Homid G‘azzoliy  «Mukoshafatul qulub» asarida yozadi: «Qorin to‘yguncha yeyish qalbni so‘qir qiladi va insoniy fe’l-atvorlar yo‘qolishiga sabab bo‘ladi...»

Shu asarda yana yoziladi: me’dani qalb ostida qaynayotgan va bug‘larini unga qaratgan idishga o‘xshatishadi. Bug‘ ko‘paygani sari u yetib borgan joy ham shunchalik bezovta-behuzur bo‘lib, xira tortadi. Shunga o‘xshash, me’da ham to‘ldirilganiga monand ravishda qorayadi va zaiflashadi. Ko‘p yegan odamning aqli zaif bo‘ladi, ilm o‘rgana olmaydi. Chunki, doimiy to‘qlik va ochko‘zlik aqlni so‘qir qiladi.

Bu yerda muttasil och yurilsin, degan da’vat yo‘q, faqat tananing ma’lum muddat ochlikni his qilishi, haqida so‘z bormoqda. Zero, ochlikni his qilish va ochlik o‘rtasida farq bor.

Demak, ochlik insonning ham jismonan, ham ruhan tiklanishiga yordam beradi. Shuning uchun, inson doimo to‘q bo‘lmasdan, hech bo‘lmasa, kuniga bir marta ochlikni his qilishida unga juda katta manfaat bor.

                                                                  Baxtiyor Abdug‘afur facebook sahifasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring