Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Dollar olish yo‘lga qo‘yildi. Endi so‘mga munosabatimiz o‘zgaradimi?

Dollar olish yo‘lga qo‘yildi. Endi so‘mga munosabatimiz o‘zgaradimi?

Foto: «Zamin.uz»

2018-yilning 1-aprelidan boshlab konversion kartalardagi pullarni banklar orqali naqdlashtirib olish mumkin bo‘ldi. Ya’ni iqtisodiyotning hamma tanqid qiladigan bir muammosiga barham berildi. Bu islohot ortidan bizning – oddiy aholining ongida ham o‘zgarishlar sodir bo‘ladimi?

Hech kimga sir emas, O‘zbekistonda jismoniy shaxslar o‘rtasida barcha yirik oldi-sotdilar asosan AQSh dollarida amalga oshiriladi. Mamlakatimizda bankdan tashqari, cho‘ntaklararo aylanayotgan dollar ko‘lamini hisoblash, taxmin qilish qiyin. Lekin bu juda katta mablag‘ ekanligi aniq.

Albatta, xususiy mulk daxlsizligi konstitutsiya bilan himoyalangan va har bir fuqaro o‘z mulkini istagan tarzda sotishi mumkin. Ammo nima uchun biz barcha oldi-berdilarda AQSh dollariga bu qadar bog‘lanib qolganmiz?

Savolga javob izlarkanmiz, avvalo vaziyat tarixiga nazar tashlasak. 1990-yillarda yurtimizda yashovchi boshqa millat vakillari, asosan ruslar uylarini sotib, ko‘chib keta boshladilar. Ko‘chmas mulk bahosi juda arzonligi bilan birga uning sotuvidan tushgan pulni boshqa davlatda ishlatish muammosi ham bor edi. Avvaliga MDH davlatlari bilan umumiy valyuta – rubl ma’lum muddat ishlab turdi. Ammo rublga mulk sotganlar o‘rniga nimadir xarid qilgunlaricha pul ancha qadrsizlanib ketaverdi. Shunday vaziyatda universal valyuta sifatida shu paytgacha ham dunyoda bu maqomni egallab kelgan AQSh dollari «kashf qilindi».

Biz uchun xususiy mulkning ikkinchi yirik shakli asosan avtomobil bo‘lgan. Dastlab, o‘z avtosanoatimiz ishga tushmagan paytlarda xorijdan, asosan Rossiyadan yengil mashinalar olib kelib sotilardi. Bu bozorda ham dollar «beminnat» xizmatchi rolini o‘ynab berdi.

Bu jarayonlar izsiz ketmadi albatta. Xalq ongida naqd pul shaklidagi boylikni asrash, jamg‘arishda AQSh dollari tobora ko‘proq rol o‘ynay boshladi. Hozirgi davrdan farqli ravishda dollarning qadri u paytlar haqiqatan ham juda baland, shaharlarda 1000-2000 AQSh dollariga yaxshi kvartira sotib olish mumkin bo‘lsa, 100 dollarga ega inson ancha badavlat hisoblanardi.

Yillar o‘taverdi. O‘zbekiston iqtisodi ham qator omillar tufayli avval iziga tushdi, keyin tiklana boshladi. Ammo iqtisodning ko‘tarilishi ham «xorijiy valyuta»ga bo‘lgan muhabbatimizni susaytira olmadi. Endi bunga asosiy sabab sifatida so‘mning kuchli inflyasiyasi yuzaga chiqdi.

«Xorijiy valyuta qiymatini belgilash chog‘ida markaziy bank...» degan qiziqarli jumlalarni eshita boshlaganimizga ham 20 yildan oshdi. O‘zbekistonda xorijiy valyutaning – amalda AQSh dollarining uch xil kursi amal qildi. Jismoniy shaxslar orasida milliardlab dollar qo‘lma-qo‘l bo‘lib yuraversa-da, deyarli hech kim rasman – bank orqali valyutani naqd shaklda sotmadi va sotib olmadi.

Bu jarayonlar ham oddiy aholining dollarga qaramligiga, barcha yirik oldi-berdilar shu valyutada amalga oshirilishiga zamin yaratdi. Bundan tashqari uzluksiz davom etayotgan inflyasiya tufayli so‘mimiz orqali naqd shaklda oldi-berdi qilishning iloji ham qolmagan, hali 5000, 10 000, 50 000 so‘mlik pullar muomalaga kiritilmagan yillarda buning uchun yuk mashinalari kerak bo‘lardi.

Dollarga qaramlikning yana bir muhim omili naqd pul va plastik kartalardagi mablag‘ o‘rtasidagi tafovut bo‘ldi. Naqd so‘m bo‘lganda ham dollar topish andak muammo bo‘lgan bir paytda plastik kartadagi mablag‘ dollarga aylangunicha ancha yo‘qotishlar bo‘lardi. Bu ham jamg‘arishning yagona varianti sifatida dollarning qadrini oshiraverdi. Lekin shu bilan birga dollar hajmi ham ko‘paygandan-ko‘paydi. Avtomobillar ham, ko‘chmas-mulk narxi ham keskin oshdi.

Hozirgi kunda bu muammolar asosan yechim topdi. Naqd va naqd bo‘lmagan pul o‘rtasidagi tafovut yo‘qoldi. Ya’ni plastik kartadan naqd pul yechish, naqd pul orqali konversion kartaga AQSh dollari sotib olish imkoniyati tug‘ildi. Bu islohotlarning oxirgi halqasi bo‘lgan naqd shaklda xorijiy valyuta olish imkoniyati ham yaratildi. Eng qiziq jarayon — oxirgi paytlarda so‘m emas, aksincha, dollar qadrsizlanayapti.

Bu boradagi muammolar yechimini topgan ekan, endi sizu biz — oddiy fuqarolar dollardan voz kechib, milliy valyutamizga munosabatimizni o‘zgartiramizmi? So‘mga bo‘lgan hurmatni oshiramizmi?

Aytaylik, kvartira sotdingiz. Barcha rivojlangan davlatlardagi kabi o‘z hisob raqamingizga mamlakatingizning milliy valyutasida pul tushirib olasizmi? Axir endi valyuta zarur bo‘lgan holatda ham hisob raqamidan plastik kartaga, kartadan dollarga aylantirish muammo emas-ku!

Bu savollarga hamon «yo‘q... bilmadim... ko‘ramiz-da...» deb javob berayotganingizga shubha yo‘q. Albatta, yillar davomida ongimizga chuqur o‘rnashgan fikrdan birdaniga voz kechib qo‘ya qolmaymiz.

Lekin yana buning uchun yana o‘shancha yillarni o‘tkazish ham insofdan bo‘lmaydi. Barcha davlatlarda o‘zini hurmat qilgan fuqarolar o‘z milliy valyutalarini ham hurmat qiladilar!

Davlat chuqur islohotlarni o‘tkazayotgan ekan, biz ham o‘zimizning ongimizda iqtisodiy islohotlar o‘tkazadigan davr keldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring