Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Ey inson, nega aziz joningga qasd qilasan?!

Ey inson, nega aziz joningga qasd qilasan?!

Foto: «Province.ru»

Har 40 soniyada bir odam o‘z hayotiga o‘zi nuqta qo‘yadi. Dunyo bo‘ylab bir yil davomida o‘rtacha 800 000 kishi joniga qasd qiladi. Bu yirik bir shahar aholisining yoppasiga qirilishi bilan barobar...

Biror-bir din yo‘qki, insonning o‘z joniga qasd qilishini qattiq qoralamasa, biror jamiyat yo‘qki, bunga qarshi kurashmasa. Lekin shuncha urinishlarga qaramay umriga o‘z qo‘li bilan yakun yasayotganlar soni ortgandan-ortib bormoqda. Yana bu yo‘lni tutganlarning aksariyati katta hayotga endigina qadam tashlayotgan yoshlar ekanligi, ularning o‘limida aynan o‘z joniga qasd qilish ikkinchi yirik sabab ekanligi ikki karra achinarli. Eng qizig‘i, bu ayanchli holat rivojlangan davlatlarda urchiyotgani hech bir mantiqqa sig‘maydi.

O‘z joniga qasd qilish — ixtiyoriy ravishda o‘z hayotiga nuqta qo‘yish ikki sinfga bo‘linadi. Chin o‘z joniga qasd qilishda bunga uzoq tayyorgarlik ko‘riladi va har qanday holatda ham amalga oshiriladi. Psevdo, ya’ni soxta aktda esa inson ma’lum bir sababga ko‘ra to‘satdan shu fikrga keladi va o‘zini idora qilishni to‘xtatib, hayotiga zomin bo‘ladi.

Odamni bunday dahshatli harakatga undovchi sabablar juda ko‘p. Ular orasida tushkunlik, oilaviy mojarolar, ruhiy yoxud tuzalmas kasalliklar, iqtisodiy muammolar, zo‘ravonlik qurboni bo‘lish, o‘smirlikdagi tegmanoziklik kabi omillar yetakchilik qiladi.

Dunyo mamlakatlarida bu muammo turlicha tarqalgan. Yuqorida ta’kidlanganidek, davlatning iqtisodiy farovonligi o‘z joniga qasd qilish holatlari kam bo‘lishini anglatmaydi, aksincha, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlarda bu muammoning urchiganligi taajjublanarli hol. Shuningdek, ko‘plab musulmon mamlakatlarida bu boradagi ko‘rsatkichlarning pastligini ham ishonarli deb bo‘lmaydi. Chunki islom dini o‘z joniga qasd qilishni qattiq qoralaydi, shu bois bunday holat sodir etilgan taqdirda ham ko‘p hollarda sir tutiladi.   

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2012-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra davlatlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari jadvali quyidagicha bo‘lgan (wikipedia.org ma’lumotlari):

Davlat

2012-yil davomida o‘z joniga qasd qilish holatlari
(jami, ayollar/erkaklar)

2012-yil davomida har 100 000 kishi orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari

2000-yil davomida har 100 000 kishi orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari

1

 Gayana

277  (72/205)

44,2  

48,3  

2

 Koreya Respublikasi

17908  (5755/12153)

28,9  

13,8  

3

 Shri-Lanka 

6170  (1446/4724)

28,8  

52,7  

4

 Litva 

1007  (177/830)

28,2  

44,9  

5

 Surinam 

145  (32/114)

27,8  

19,8  

6

 Mozambik 

4360  (1639/2721)

27,4  

24,6  

7

 Nepal 

5572  (2468/3104)

24,9  

33,5  

8

 Tanzaniya 

7228  (2445/4783)

24,9  

23,8  

9

 Qozog‘iston 

3912  (788/3123)

23,8  

37,6  

10

 Burundi 

1617  (401/1216)

23,1  

19,6  

11

 Hindiston

258075  (99977/158098)

21,1  

23,3  

12

 Janubiy Sudan 

1470  (443/1027)

19,8  

20,8  

13

 Turkmaniston

1003  (197/806)

19,6  

15,2  

14

 Rossiya 

31997  (5781/26216)

19,5  

35,0  

15

 Uganda 

4323  (1278/3045)

19,5  

18,6  

16

 Vengriya 

2519  (567/1952)

19,1  

25,7  

17

 Yaponiya 

29442  (8554/20888)

18,5  

18,8  

86

 O‘zbekiston 

2184  (538/1646)

8,5  

10,4  

168

 Kuvayt 

33  (12/21)

0,9  

1,4  

169

 Livan 

43  (14/29)

0,9  

1,7  

170

 Saudiya Arabistoni

98  (19/78)

0,4  

0,6  

171

 Suriya

77  (22/55)

0,4  

0,5  

O‘zbekiston ushbu ro‘yxatda yuqori o‘rinlarni band qilmagan bo‘lsa-da, bu muammoga jiddiy qarashga to‘la asos bor. Chunki bizda ham o‘z joniga qasd qiluvchilar kamayganini e’tirof etsak-da, ularning o‘rtacha yoshi kichrayib bormoqda.

Yoshlarning bu og‘ir qarorga kelayotgani dunyo hamjamiyatini chuqur o‘yga toldirayapti. Oxirgi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda suitsidga chaqiriqlar, o‘zini virtual olam qahramoniga aylantirishga urinish, uzoqdagi niyati buzuq shaxslar ta’siriga tushib qolish kabi jiddiy xavflar kuchayib bormoqda. Ayniqsa Rossiya, Ukraina kabi davlatlarda turli o‘yinlarga virtual qaramlik ortidan o‘z joniga qasd qilish hollari ko‘paymoqdaki, buning o‘zi alohida mavzu.

Ushbu muammoga qarshi kurash ma’lum bir oilaning emas, butun jamiyatning, davlatning muhim vazifasidir. Chunki mana shu maqolani o‘qib chiqquningizcha dunyoda kamida o‘n inson o‘z joniga qasd qilib ulgurdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring