Jurnalist nega qamalgan edi? (3-qism)
Oldingi suhbatlarimizni o‘qigan bo‘lsangiz, hiylagar hisobchilar tufayli gazeta tahririyatida taftish boshlangan. Shu tariqa jurnalist Ortiqali Nomozov ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari boshlab yuborilgan. O‘zini aybsiz hisoblagan Ortiqali aka bir qadar xotirjam edi, biroq kutilmaganda uni sud zalidan qamoqqa olishdi...
Sud kuni qorin og‘rig‘i
– Qo‘llaringizga kishan urishdi? Jurnalistni hibsga olish naqadar xunuk holat, tag‘in sud zalida! Siz sudni nima deb chalg‘itgan ekansiz?
– Shuni bilmayman. Ishonsangiz, hanuzgacha bunga aqlim bovar qilmaydi.
– Keyin nima bo‘ldi?
– Meni To‘raqo‘rg‘on tuman ichki ishlar bo‘limining vaqtinchalik saqlash izolyatoriga olib borib qamashdi. Esimdan chiqmaydi. Izolyatorga olib kirishayotganda eshik tuynugidan bir kishi ismimni aytib chaqirgandek bo‘ldi. O‘girildim. «Ha, Nomozov! Qalaysiz endi?» – dedi ishshaygan bu notanish bashara. «Ko‘rib turibsiz-ku?» – dedim ensam qotib. «Odamlarni gazeta orqali tahqirlashning oqibati shunaqa bo‘ladi! – dedi u. – Bu kuningdan battar bo‘l!» Uni tanimadim.
– Toshkentdan advokat bordimi?
– Ha. Ertasi o‘tib, indin kuni keldi. Meni yana qo‘limga kishan urib, sud binosiga boshlashdi. Bir xonaga kirdik. U yerda o‘rta yoshlardagi, qoramag‘izdan kelgan, sipogina bir ayol o‘tirgan ekan. Salom berib, meni qarshi oldi. So‘ng tepamda turgan militsionerga qarab, qo‘llarini bo‘shating, dedi. Keyin o‘zini tanishtirdi:
«Men xalqaro jurnalistlarni himoya qilish tashkilotida advokat bo‘lib ishlayman. Ismi-sharifim... (yodimdan ko‘tarilgan). Sizga Karim Bahriyevdan salom. Kecha kelgandim. Ish materiallari bilan tanishib chiqdim. Hatto Popga borib keldim. Soliq idorasida bo‘ldim. Gap ko‘p. Soliqdan yashirilgan summalarni bir necha hissa oshirib ko‘rsatishgan... Kechi bilan bir oy sabr qilasiz. Sud raisi bilan gaplashdik. Shoshyapti. Dushanba kuni sanatoriyga ketarkan. Ertaga hukm o‘qishadi. Nima bo‘lganda ham siqilmang, o‘zingizni oldirmang. Appelyasiya sudida albatta yutib chiqamiz. Bizning tashkilotimiz aynan sizga o‘xshagan nohaq jabr ko‘rganlar ishi bilan shug‘ullanadi. Shu kungacha sakkizta jurnalistni oqlab, ozodlikka chiqarganman. Siz – to‘qqizinchisi... Sabr-toqat tilayman, aka. Bardam bo‘ling!
Militsionerlar qo‘limga yana kishan urib, «joyim»ga «kuzatib» qo‘yishdi. Joyimki, polidan shiftigacha sement chaplamali, tepasida kafttekkina darchasi bor irkit bir xona. Najas hidi dimoqni yoradi. Yotish uchun to‘shamani kechki o‘ndan keyin berishadi. Ungacha simto‘r o‘rniga temir-tersak degani chalakam-chatti payvandlab tashlangan g‘adir-budur karavotda, biqining teshilib yotaverasan... Ovqati bir mahal – tushlikka quruq suvda chilanchakdek suzib yurgan ugra. Ertalab-kechqurun eshik tuynugini sharaqlatib ochib, pachoq bir krujkada choy bilan ikki bo‘lak non uzatishadi...
– Xo‘sh, ertasiga?..
– Poytaxtdan kelgan advokat xonimning hurmati tufayli bo‘lsa kerak, har qalay sud majlisi sud zalida bo‘lib o‘tdi. Ammo, taassufki, advokat qatnashmadi. Men panjara ortida «zanjirband sher»dek turarkanman, u oldimdan o‘tayotib birrov to‘xtadi: «mazam qochib, qornim og‘rib qoldi, – dedi u. – Sudda qatnasholmayman. Appelyasiya kuni kelaman. Xayr».
Birinchi marta prokuror ham qatnashdi. So‘zga chiqib, tergov materialini qaytadan o‘qidi. Va suddan Jinoyat kodeksining 167-moddasiga ko‘ra (yana qandaydir qo‘shimcha moddalar ham bor edi, yodimda qolmagan) menga va ikki hisobchiga sakkiz yildan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlashini so‘radi. Shundan keyin hisobchilar va boshqa guvohlarning «tayinlab-pishitilgan» iddaolari yana bir bor e’tibor bilan eshitildi. Advokat esa yo‘q... Shu bilan sud maslahatga kirdi.
O‘n daqiqa o‘tib, yana hamma joyini egalladi. Sud raisi xuddi prokuror kabi tergov materialini hijjalab o‘qib bergach, menga besh yarim yil ozodlikdan mahrum etish jazosi berish haqidagi hukmni o‘qib eshittirdi. Hisobchi va boshqalarga ham xuddi shu ayblovlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, ular qamalmadi.
– Sizga so‘nggi so‘z berishdimi?
– Berishdi. Gapiradigan holatda emasdim... «Hukmdan noroziman. Adolat qaror topishiga ishonaman» qabilida gapirdim, chog‘i... Aniq esimda yo‘q hozir... Lekin bir narsadan pushaymonman. Bu hali-hamon qalbimni o‘rtaydi, menga armon...
– Sud zalidagi qanday armon?
– Sud raisini og‘zimni to‘ldirib so‘kmaganim, basharasiga tupurmaganim... Podaning ichida bitta «shirillatar» bo‘lsa hammayoqni bulg‘aydi, deyishadi. Ishonasizmi, shu kas tufayli «sud» desa yuragim bir qalqib tushadigan bo‘lib qolgan. Deylik, shu mahkamaning yonidagi bir idorada zarur ishim bor. Borishim uchun «sud»ning oldidan o‘n metr yurib o‘tishim kifoya. Ammo men shu o‘n metrdan yurishni xohlamayman. Ikki-uch kilometr aylanib o‘tib, keyin o‘zimga kerakli tashkilot eshigidan kiraman.
Muzlatilgan qalam haqi
– Ortiqali, aka, bir ijodkor sifatida sizning ahvolingizni his qilish mumkin. Demak, shunchalik og‘ir bo‘lgan.
– (Xo‘rsinib) Shunchalik. Qamoqdan qaytganimdan so‘ng «Agrobank» tuman bo‘limiga Toshkentdan – «Qishloq hayoti» tahririyatidan hisob raqamimga tushgan so‘nggi ish haqim va gonorarimni olish uchun bordim. U yerdagi bir chinovnikcha «hisobingizdagi mablag‘ sud tomonidan muzlatilgan, berolmaymiz», dedi. «Nima qilishim kerak?» dedim. «Sizni sud qilgan mahkamadan ruxsat olib kelishingiz kerak», dedi. MEN HECh O‘YLAB O‘TIRMAY, O‘ShA PULDAN VOZ KEChIB QO‘YaQOLDIM.
– Shu misolning o‘zidan ahvolingizni tushunsa bo‘ladi. Hafsalangiz pir bo‘lgani, naqadar xo‘rlikni his etganingizni anglash mumkin. Ortiqali aka, sizni tuman hokimining o‘zi ishga taklif qilgan edi-ku? Boshingizga shuncha ko‘rgiliklar tushganida munosabat bildirmadimi?
– To‘raqo‘rg‘onga, sudga qatnab yurgan kunlarimizning birida u menga qo‘ng‘iroq qildi. «Ortig‘ali aka, dalada edim... Markazga yaqinlashib qoldim. Idorangizning oldiga chiqib turing», dedi. Chiqdim. «Damas»ning rulida o‘zi ekan. Keldi. «Bu... indamaysiz ham. G‘alati gaplar eshityapman. O‘zi nima gap, aka?» – deb so‘radi. Hammasini aytib berdim. Bu ishning boshida kimlar turganini so‘radi. «Prokuratura qoshidagi tuman departamenti», – dedim. Hokim telefonini qo‘liga olib yordamchisiga: «Tezda departament boshlig‘ini top, hozirning o‘zida hokimiyatga kelsin», dedi. Sal o‘tib telefoni jiringlab qoldi. Yordamchi edi bu. «Topolmadik» dedi, shekilli, hokim «topib aytinglar, ertaga sakkizda qabulimda bo‘lsin», deb tayinladi. Keyin menga yuzlandi: «Ishning ketishi qanday?» «Aftidan qamaladiganga o‘xshab turibman», – dedim. Hokim kuldi: «Yo‘g‘-yey! Bo‘ladigan gapni gapiring-yey! Kimsan, Ortiqali Nomozovdek odamni qamash oson ekan-da!»
Hokim Oliy Majlis deputati edi. «Deputatlik blankangiz bor-a?» – dedim. «Bor, albatta», dedi. «Shunga, sud raisi nomiga ikki og‘iz tavsifnoma yozib bersangiz». Hokim shu zahoti telefoniga qo‘l cho‘zdi: «Shuhrat! Mening xonamga kir. Stolim ustida koreshokli deputatlik qog‘ozlarim turibdi. Shundan bittasini tahririyatning oldiga olib kel... Kutib turibman».
Yordamchi olib keldi. Hokim uni menga tutqazarkan: «Mana, aka, xohlagan narsangizni, qanday gap kerak bo‘lsa o‘zingiz yozing, keyin men qo‘l qo‘yib beraman», dedi. Keyin xayrlashib ketdi. Men deputatlik blankasini «hali kechqurun yozaman», deb stolim ustiga qo‘yib, To‘raqo‘rg‘onga jo‘nadim. O‘sha kuni sira kutilmaganda qamoqqa olindim...
– Demak, Namangan qamoqxonasiga olib kelishdi...
– Bu yerda ham endi ancha-muncha qiziq voqealar bo‘lib o‘tdi. Ertakka o‘xshaydi. Ishonishingiz qiyin. Xullas, «qarg‘a» deyiladigan mashinadan tushganimizdan keyin meni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, yerto‘ladagi 14-xataga olib kirishdi va eshikni tashqaridan sharaq-shuruq qulflashdi. Hozirgina qo‘limga berishgan matras bilan yag‘ir yostiqni bag‘rimga bosgancha joyimda turib qoldim. Keng, chorsi xona edi bu. Yon-atrofi ikki qavatli temir karavotlar. O‘rtada yetti-sakkiz chog‘li, biri ishtonli, biri tursili, biri shortikli – yarim yalang‘och odamlar namchil biton ustida gaplashib turishar, karavotda o‘tirganlari ham bor edi. Ko‘pchiligining bilagida, yelkasida allambalo yozuvlar. Hammalari qiziqsinib qaragan. Men esa hamon bag‘rimdagi matras bilan qaqqayib turibman. Nihoyat, to‘rdagi karavotda ikki qo‘lini tirsagiga tirab errayimlardek o‘tirgan qizil shortikli miqtidan kelgan, qizilmag‘iz yuzli yigit menga o‘qdek ko‘zlarini qadab so‘radi:
– Qayerdansan?
– Popdanman, – dedim.
– Popdan bo‘lsang... Ortiqali Nomozovni taniysanmi? – so‘radi u.
Qo‘limdagi matras tushib ketay dedi. Nima deyarimni bilmay angrayib qoldim.
– Demak, tanimas ekansan, – dedi u. – Bunday odamlarni tanish kerak. O‘zi jurnalist. Redaktor! Ja qalami kuchli, chestniy odam. Spravedliviy! Men ham uni ko‘rmaganman. Shaharda Po‘lat Hamdam degani bor. Uyam korispondent! O‘sha aytgan. Ja maqtagan. Bir-ikkita statyalarini o‘qib bergan. Mentlarni yozibdi! Pirkurorni yozibdi! SNBni urganiga nima deysan! Yurak degandanam otning kallasidek borakan-da! Bir marta bizning klubimiz haqida telefonda gaplashgandik. Ba’zi muammolarimizni aytgandim unga. Keladigan, bitta zo‘r statya chiqaradigan bo‘lgandi. Keyin menda mana bunaqa ishlar bo‘lib ketdi. Popdan bo‘laturib bu odamni tanimasang, nima qilib yuribsan? Kimsan o‘zing?!
Mening hamon tilim aylanmasdi.
– Hoy! Nega indamaysan, gapir!
Qarasam, vajohati xunuk.
– Men... o‘sha Ortiqali Nomozovman, – dedim.
Shortikli o‘rnidan turib bir sakrashda iyagim tagiga kelib qoldi:
– Nima! Sen, ablah meni masxara qilyapsanmi? Aftingni buzib tashlayman hozir... – u barkashdek kaftlarini ko‘tardi.
– Rostdan ham siz aytgan o‘sha jurnalist menman, – dedim ko‘ziga tik qarab.
– Iye! U holda bu yerga qanday kelib qoldingiz?
– Shunaqa bo‘lib qoldi...
U har ikkimizga qiziqsinish bilan qarab turgan sheriklariga yuzlandi.
– Nega qaqqayib turibsanlar? Qo‘llaridan matrasni olmaysanlarmi?
Mahkumlardan bag‘rimdagi matrasni olib yonboshidagi karavotga qo‘ydi.
– Ortiqali aka! Brat moy! Keling, bir bag‘rimga bosay! – shortikli shunday deb quchog‘ini ochdi. Anchayin kiftlarimdan silab bag‘riga bosib turdi. Keyin ko‘zlarimga termilib: – Telefonda gaplashganimiz esingizdami? – deb so‘radi. – Men o‘sha «Navbahor» futbol klubi raisi Bahodir Mamadaliyevman...
Bahodir yelkamdan quchgan kuyi sheriklariga yuzlandi:
– Dasturxon yozinglar, choy qo‘yinglar! Qani-qani, aka... – u shunday deb meni eshikdan kiraverishga qo‘yilgan stolga boshladi. O‘tirdik. Mahkumlar bir zumda dasturxon yozib, ikkita novvoy non qo‘yishdi. Har kim karavoti ostidagi sumkasini ochib, kimdir bir hovuch qand, kimdir mayiz, boshqasi yong‘oq olib, o‘zlaricha dasturxonni «bezatgan» bo‘lishdi. Yana kimdir qo‘lbola sovqaynatgichda choy qo‘ydi.
Men boshimdan o‘tgan voqealarni qisqacha aytib berdim.
– Demak, dushmanlaringizning qo‘li baland kelipti-da, – dedi Bahodir. – Nechego! Vaqtinchalik! Perejivat qilmang. Mana meni aytdi deysiz, hammasi yaxshi bo‘ladi...
– Darvoqe, appelyasiya sudi bo‘ldimi?
– Bo‘lganda qandoq! Toshkentdan yuqorida eslatganim Karim Bahriyev tavsiya qilgan advokat xonim ham keldi. Qo‘limga kishan urib, viloyat sudiga olib borishdi. Aministiya sudiga kiradigan menga o‘xshagan mahkumlar ko‘p ekan. Hammamizni bir tomoni temir panjarali xonaga olib kirib qamashdi. Tasavvur qiling, 2x2 xonada o‘ttiz chog‘li mahkum – qo‘radagi qo‘ylardek bir-birimizga qapishib turibmiz. Shu turishda kimdir burqsitib sigaret chekadi, kimdir baklajkaga peshob chiqaradi, yana kimdir tupuradi... Kun issiq. Nos, ter, tamaki, najas hidi dimoqni yoradi. Tavba qildim-u do‘zax bo‘lsa shunchalik bo‘lar-da! Chaqirishlarini kutib to‘rt soatdan ko‘pp vaqt shu holatda tik oyoqda turishni tasavvur qiling endi!..
Nihoyat «quyosh chiqdi» – chaqirishdi! Qo‘lim kishanlangan holda katta bir zalga olib kirib, etakdagi temir qafasga kiritib ustimdan qulf urishdi. O‘zim bilan o‘zim bo‘lib hech qayoqqa qaramagan, e’tibor bermagan ekanman. Asta boshimni ko‘tarib zehn solsam, zalda ancha-muncha o‘rindiq bo‘lib, hammasida odam. Ko‘pi tanish, meni orqamdan, menga jon tortib borgan oila a’zolarim, qarindoshlarim. Ular bilan nigohlarimiz orqali salom-alik qildik. Oldingi qatorda qo‘r to‘kib o‘tirgan hisobchilarim bilan muovinimga qaragandim, ko‘zlarini olib qochishdi. Tepadagi uzun stol ortida appelyasiya sudi a’zolari qishda elektr simiga qo‘ngan olaqanotlardek tizilishgan. Men sho‘rlikdan uyat, charchoq qo‘shilib ter degani quyulib ketyapti! Ko‘zlarim achishadi. Artay desam, qo‘limda kishan (kishanni yechishsa qafasni yorib, qush bo‘lib uchib ketaman-da).
Hay’at o‘rtasida o‘tirgan o‘rta yoshli, sochlariga oq oralagan kishi appelyasiya sudi raisi bo‘lsa kerak, juda past ovozda eshitilmas-eshitilmas qilib bugungi sud majlisida qanday ish ko‘rilayotganini ma’lum qildi va so‘zni prokurorga berdi. Prokuror hukmni (tergov materialini desa ham bo‘ladi) sharillatib o‘qigach, advokat xonim so‘z oldi. Xonim puxta tayyorgarlik ko‘rib kelgan ekan. Bizning ustimizdan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida tergovdayoq qonun talablari qo‘pol ravishda buzilgani, tergov bir yoqlama olib borilgani, soliqdan yashirilgan summalar bir necha barobar oshirib ko‘rsatilgani, fakt va dallillar yetarli emasligi ustiga asoslanmaganini to‘lib-toshib gapirdi.
– Ayniqsa, jinoiy ishlar bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tuman sudi ishni juda mas’uliyatsilik va shoshma-shosharlik bilan olib borgan, – dedi advokat. – Sud majlislari qonunga mutlaqo xilof ravishda prokuror ishtirokisiz, sud raisi ish kabinetida naridan-beri o‘tkazilgan. Pala-partishlikka yo‘l qo‘yilgan. Ko‘rsatilgan dalillar mutlaqo o‘rganilmagan va tahlil qilinmagan. Qonun talablari oshkora buzilgan. Hatto, «Pop tongi» gazetasi muharriri Ortiqali Nomozovning hisobchilar jinoiy harakatlarini fosh etuvchi so‘zlari protokolga qayd etilmay, qasddan tushirib qoldirilgan. U sudga taqdim etgan ikki hisobchining jinoiy ishlarini fosh etuvchi daliliy hujjatlar protokolga tikilmasdan yo‘q qilingan. Ortiqali Nomozovning ish jarayonida hisobchilardagi jinoyat alomatlarini aniqlab, chora ko‘rganligi, hatto ular ishini tuman prokuraturasiga yozib berganiga e’tibor qaratilmagan va inobatga olinmagan. Ortiqali Nomozovga jazo chorasi belgilashda sud amnistiyani qo‘llashi, uning «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» degan davlat mukofoti bilan taqdirlanganligi, «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 10 yilligi» nishoni olganligini inobatga olgan holda jazo chorasini bir muncha yengillatish kerak bo‘lsa-da, sud bu holatlarni hisobga olmagan.
Ayniqsa, sud raisi ayblanuvchi Ortiqali Nomozovning haqli ravishda sud borishidan norozi bo‘lib, ishini boshqa sudga o‘tkazish yuzasidan bergan arizasiga javoban «sudni chalg‘itgani uchun» degan kurakda turmaydigan vaj bilan ehtiyot chorasini o‘zgartirib, Nomozovni sud zalidan qamoqqa olish haqida qaror chiqargan. Bu qonun talabalariga mutlaqo xilof ekanligi, sud raisi qonun oldida javob berishi shartligini alohida ta’kidlamoqchiman.
Men mahkum Ortiqali Nomozov sud zalidan darhol ozodlikka chiqarilib, uning va ikki hisobchining ishi qayta tergov qilinishi kerak, degan qatiy fikrdaman. Hurmatli appelyasiya sudi hay’ati a’zolaridan shuni so‘rayman!
Advokat xonimning gaplaridan keyin «charchog‘im tarqab», yayradim. Bu gaplarning bittaginasi inobatga olinganida ham bu yerdan chiqib ketadigandek edim. Oilam, qarindosh-urug‘larimning ham chiroyi ancha ochilib qolgandi. Aftidan, ular hademay appelyasiya sudining odilona qarori bilan ozodlikka chiqqan kaminani olib ketish kayfiyatida ekanliklari shundoq bilinib turardi.
– Appelsiya sudi maslahatga kiradi! – deya ming‘irladi raislik etuvchi.
Besh daqiqa ham o‘tmadi.
Hay’at a’zolari yana joy-joyini egalladi. Rais o‘rnidan turib qog‘ozdan bosh ko‘tarmagan holda past ovozda, bag‘oyat xotirjamlik bilan ikki og‘izgina gap aytdi:
– Appelyasiya sudi hukmni o‘z kuchida qoldirishga qaror qildi.
Keyin u oldingi qatorda o‘tirgan hisobchilarga yer ostidan qarab, xuddi yosh bolalarga «to‘polon qilmanglar» deb tergagan otadek dedi:
– Sizlar kamomadni o‘rni qo‘yishga harakat qilinglar.
Mirshab temir qafas eshigini sharaqlatib ochib, meni oldiga solib chiqib ketarkan, zalni xotinim, o‘g‘il-qizlarimning uvvos solib yig‘lagan ovozlari, ohi-zorlari tutib ketgandi...
– Juda achinarli. Nahotki advokatning shuncha gapidan bittasi ham inobatga olinmagan bo‘lsa?
– Bunday paytda odam bo‘lib tug‘ilganingga pushaymonlar yeb ketarkansan, kishi... Appelyasiya sudi shunchaki yo‘liga o‘tkazilgan «teatr tomoshasi» ekani, aslida mening taqdirim, allaqachon «yopiq eshiklar» ortida hal bo‘lgani ko‘rinib turardi... O‘sha payt miyamda shakllanib ulgurgan bir qat’iy fikrimni aytaymi?
– Ayting, hech qaysi gap ichingizda qolib ketmasin.
– Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev davlat tepasiga kelishlari bilan sud-huquq tizimini isloh qilish harakatiga tushib, bu idoralar rahbarlarini ishdan olib, keskin chora-tadbirlar ko‘rgani bejiz emas. Bu sohalar, kechirasiz-u, aynib, chirib-irib ketgani, qonunlarni toptash, odamlarni haqoratlab ezish, bir umrga mayib-majruhga aylantirish mexanizmiga aylanganiga men o‘sha kunlari yuz foiz amin bo‘lgan edim...
Xullas, appelyasiya sudi shunchaki o‘tkazilgan va hukm o‘z kuchida qolgan. Ortiqali Nomozovning panjara ortidagi hayoti ham achinarli. Uni bir turmadan boshqasiga – yaxshirog‘iga o‘tkazishlari uchun oila yakkayu yagona sigirini sotgan. Qahramonimiz qamoqda bir necha taqdir egalari bilan tanishgan, u yerdagi to‘rachilik, tamagirliklarga bevosita guvoh bo‘lgan. Nihoyat bir yarim yil o‘tib, Ortiqali Nomozov ozodlikka chiqarildi va oilasi bag‘riga qaytdi.
– Butun boshli asar bu. Sabr-toqatingizga balli. Shu o‘rinda sizga bir savol bersam. Sizni nohaq qamaganlar bilan keyin hech uchrashdingizmi?
– Uchrashgulik qilmasin. Alloh hammasini ko‘rguvchi va bilguvchidir. Hisobli dunyo bu. Yomonlik, albatta, bir kun kelib jazosini oladi. Keyin eshitdim. Meni sud qilgan o‘sha manqurt allaqachon bo‘shab ketibdi. O‘rinbosarim kuppa-kunduz kuni yo‘lda borayotib, qoqilib tushib o‘ldi. Shoir do‘stim esa, tavba qildim, saraton kasaliga chalinib, qiynalib jon berdi. Meni firib to‘riga tushirgan hisobchilar ishsiz yurib, xor-zor bo‘libdi.
Achindim. «Allohim, ularni rahmatingga olgin. Men ularni allaqachon kechirganman, sen ham mag‘firat qilgin!» dedim. Haqlariga duo qildim.
– «Odilovni otmoqchi edilar» kitobingizning bir joyida «qo‘rqaman» degansiz. Gap-so‘zlaringizdan qo‘rqoq odamga o‘xshamaysiz-ku? Nimadan qo‘rqasiz?
O.N.: – E, ukajon... Mendan qahramon yasamang! Og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi Men ham Yaratganning bir ojiz bandasiman. Afsuski, oramizda bad niyatli, birovga aziyat yetkazib huzur qiladigan kaslar bor... Umrida qo‘liga kitob ushlamagan manqurtlar bor, nodon-u nojinslar bor... Bundaylardan qo‘rqqulik. Allohdan so‘rayman. Ana o‘shalarga ham insof bersin. Yuzini teskari qilsin. Undaylarga hech bir yaxshi insonni ro‘para qilmasin.
– Yosh hamkasblaringizga, boshlovchi jurnalistlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz? Tilaklaringiz?
– Mening o‘zim maslahatga muhtojman. Tilaklarimga kelsak, shu elga, shu yurtga, prezidentimizga munosib bo‘lsinlar!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter