Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Kiyev qishlog‘ida tug‘ilgan va qashshoqlikda o‘lgan mashhur aktyor

Kiyev qishlog‘ida tug‘ilgan va qashshoqlikda o‘lgan mashhur aktyor

«Afonya» filmidan.

Uning ekranda paydo bo‘lishi ko‘plarning yuzida tabassum uyg‘otgan, kayfiyatni ko‘targan. Beg‘ubor chehrasi, bir qarashda, sovuq va ko‘rimsiz yuzi, sinchiklab boqqanda esa g‘amga botgan ko‘zlari muxlislarga shavq-zavq ulashgan. Uning ishtirokidagi ko‘plab filmlar o‘zbek tiliga tarjima qilingan. «Afonya», «Kuzgi marafon», «Keldi-yu ketdi», «Tabor ko‘kka intiladi» shular jumlasidan.

Borislav Brondukov millionlab muxlislarga kulgi ulashgan bo‘lsa-da, o‘zining hayoti silliq kechmadi, umri nihoyasida u qashshoqlikda yashadi.

 Nimjon, xasta bola

Borislav Brondukov 1938-yilning 1-martida Kiyevdan uncha uzoq bo‘lmagan Gorodisheno qishlog‘ida dunyoga kelgan. U o‘ta nimjon va xasta holda tug‘ilgandi. Otasi rus, onasi polyak millatiga mansub edi.

Bolek ilk ta’limni uyda oldi. So‘ng umumta’lim maktabida o‘qidi. Keyin poytaxtdagi konchilik bilim yurtiga qatnab, zavodda ham ishlay boshladi. Shu bilan birga u xalq teatrida chiqish qilardi. Bunday chiqishlarini ko‘rib qolgan teatr instituti rektori Nakolay Zadneprovskiy Borislavga teatr institutiga hujjat topshirishi kerakligini aytdi. 23 yoshli Brondukov Kiyev teatr institutining kinofakultetiga o‘qishga kirdi. U Kiyev kinostudiyasi aktyori sifatida ishlab, asta-sekin tanila boshladi.

Brondukov kinodagi dastlabki rolini 1962-yili «Toshdagi gul»da ijro etdi. Ammo bu rol unga dovruq keltirmadi. Shundan so‘ng «Xatarli gastrollar», «Viy», «Yelkanlar bo‘lganida» kabi filmlarda kichik rollarni o‘ynadi. Ko‘zga ko‘ringan roli esa «Keldi-yu ketdi» filmi bo‘ldi.

Borislav Brondukov rolning katta-kichikligiga qaramagan. Rejissyorlar unga asosiy rollarni ravo ko‘rmay, iqtidoridan foydalanishga harakat qilishardi. «Kuzgi marafon», «Garaj», «Afonya», «Keldi-yu ketdi», «Tabor ko‘kka intiladi»... Brondukov ularda mayda rollarni ijro etgan bo‘lsa-da, tomoshabin mehrini qozondi.

Ma’lum vaqt o‘tib, Brondukov bosh rollarni ham ijro etadigan bo‘ldi. U «Sizni grajdanka Nikanorova kutmoqda», «Tahlikali sentyabr oyi» sarguzasht filmida o‘ziga xos rolni talqin etdi. Vasiliy Livanov va Vitaliy Solominlar o‘ynagan Sherlok Xolms haqidagi teleserialda esa anchayin salmoqli – politsiya noziri Leystreyd rolini talqin etdi.

Brondukov yaratgan qahramonlar uning o‘zidagi faollikdan farq qilib, uncha-munchaga pinagini buzmaydigan, loqayd, tuturuqsiz odamlar edi. Ahmoqona ishlarga qo‘l uradigan bunday kimsalar bema’ni valdirashlar bilan kun o‘tkazsa-da, har holda yovuz emas, nafrat uyg‘otmaydi, aksincha qandaydir kulgiga sababchi bo‘ladi, xolos. Brondukov keng tarqalgan bunday fe’l-atvorni yaxshilab o‘rgangan, o‘z ijrosi orqali ishonarli tarzda ochib bergan edi.

«Meni bu qariyadan qutqar...»

O‘tgan asrning 60-yillari boshida Borislav Brondukov Leningrad politexnika institutida o‘qiydigan qizga uylandi. Ammo ularning turmushi uzoqqa cho‘zilmadi. To‘ydan so‘ng kelinning ruhiy kasalligi ayon bo‘ldi.

Brondukov ikkinchi rafiqasi – teatr institutida tahsil oladigan Yekaterina bilan 1969 yilda tanishdi. O‘shanda aktyorning yoshi 31 da, Yekaterina esa 18 yoshda edi.

– Dugonam bilan aktyor Ivan Mikolaychukni aeroportga kuzatib qo‘ymoqchi edik, – deb xotirlaydi Yekaterina Petrovna. – Mikolaychuk Brondukov bilan birga kelgan ekan. Uni tanimasdim. Hatto, jomadonlarni ko‘tarib olgani bois, hammol deb o‘ylabman. Dugonam Mikolaychuk bilan gaplashayotganida men o‘rindiqda o‘tirgandim, Borya men tarafga surilib, hazillasha boshladi. «Mast-alast, qari bu odam o‘zini tutolmas ham ekan», – deb jahlim chiqdi. Dugonamdan yordam so‘radim, «Lyuda, meni bu qariyadan qutqar», dedim. Lyuda labini burdi: «Sen bilasanmi, bu kim? Juda iste’dodli aktyor. U seni teatr institutiga tayyorlaydi». Ertasi kuni Borya bilan uchrashib, repetitsiyani boshladik... Men birinchi kursni tugatmayoq unga turmushga chiqdim... Brondukov juda g‘amxo‘r edi. U ro‘zg‘orni bekamu ko‘st qilishga intilardi. Yodimda, meni birinchi bor uyiga taklifga qilganida sosiska va kartoshka qovurgan, salat tayyorlagandi. Oradan vaqt o‘tib, qiz bolani bunday ziyofat bilan siylash mumkin emasligini anglab yetdimi, meni restoranlarga yetaklay boshladi...

Borislav va Yekaterina Brondukovlar ikki o‘g‘il – Bogdan va Konstantinni voyaga yetkazishdi.

Oila a’zolari bilan. 

«To‘xta!.. Sen kimsan?»

70-yillarda Brondukov turli-tuman janrdagi 30 ga yaqin filmda rol ijro etdi. U yaratgan qahramonlar xalqqa shu qadar yaqin ediki, so‘zlari ekrandan hayotga ko‘chaverdi. Deylik, «Afonya! Puldan cho‘z!» iborasi rosa mashhur bo‘lib ketdi.

Darvoqe, rejissyor Georgiy Daneliyaning «Afonya» filmida aslida Brondukov bosh rolni o‘ynashi kerak bo‘lgan. Dastavval filmni Leonid Osidka ishlashga kirishib, bosh qahramon Borshchyov roliga Boryani tasdiqladi. Ammo tez orada «Afonya»ni Georgiy Daneliya ishlashi kerak, deyildi. Brondukovni yaqindan bilgan ssenariynavis Borodyanskiy rejissyordan uni hech bo‘lmasa kichik rolga olishini iltimos qildi. Georgiy Daneliya Brondukovga aroqxo‘r Fedulyani topshirishini aytdi. Fedulya filmda bor-yo‘g‘i bitta iborani aytishi kerak edi. Ammo kinosinovdan keyin hammasi o‘zgarib ketdi. Brondukov Daneliyani qiziqtirib qo‘ydi. Uning qahramonini kun davomida muhokama qildilar, natijada bir nechta sahnalar paydo bo‘ldi. Fedulyani eski ust-bosh bilan ta’minlash uchun kinostudiya kiyimxonasini ag‘darib chiqishsa-da, hech nima topilmadi. Brondukov rejissyor Daneliyaning eski sviterini kiyib suratga tushdi.

O‘shanda qiziq bo‘lgan. «Afonya»ni mehmonxona restoranlaridan birida suratga olishayotganida Brondukov chekish uchun tashqariga chiqdi. Chekib bo‘lgach, ichkariga qaytib kira olmadi. Qo‘riqchilar uni betayin daydi, aroqxo‘r deb o‘ylashgandi. Ijodiy jamoaning aralashuvidan so‘nggina Brondukov ichkariga kirdi.

Gayday uni kech payqagan edi. 

Xotiniga yoqmagan rol

Ko‘pchilik, Brondukov «hayotda ham shunaqa yoqavayron yuradi», deb o‘ylagan. Xotini Yekaterina Petrovnaning aytishiga ko‘ra, bunday emas. Brondukov tartib-intizomli bo‘lgan, jamoat joyida ham, uyda ham o‘zini tuta olgan. Uni bunga 1973 yili aktyor Yevgeniy Leonov o‘rgatgan. «Borya, unutma, hatto aroqxo‘rni ham hushyor artist o‘ynashi kerak», – degan edi Leonov. Brondukov bu maslahatni bir umr eslab qoldi. To‘g‘ri, u ba’zan do‘stlari davrasida yaxshigina ichib, uyga shirakayf holda kelardi. Biroq ertalab archilgan bodringday bo‘lib uyg‘onardi.

«Afonya»dagi Fedulya roli ijrosidan so‘ng rejissyorlar Brondukovga xuddi aroqxo‘rga tashlangandek yopirilishdi. Bu uning rafiqasini jig‘ibiyron qildi. Erning bunday «obro‘yi» qaysi ayolga yoqsin? «Dadillik uchun yuz gramm» filmi premerasidan chiqqan Yekaterina o‘z roliga yuz foiz kirishgan Brondukovdan shunchalik darg‘azab bo‘ldiki, unga o‘dag‘aylab berdi: «Menga qara, agar bundan keyin yana shunday rollarni o‘ynasang, yaxshilik kutma!»

Brondukov ikkinchi, uchinchi darajali rollarni o‘ynashni davom ettirdi: «Biz jazdanmiz» (Kolbasev), «Sportloto-82» (turbaza direktori), «Hayot uchun xavfli» (Peredelkin). U o‘zini zig‘ircha ayamas, doimiy ravishda rol ijrosi bilan band bo‘lardi. Moskva-Kiyev-Odessa-Sankt-Peterburg, keyin yana Moskva... Uyga kamdan-kam kelar, deyarli dam olmasdi.

Non va go‘shtga pul yo‘q

1984 yil. Aktyor Brondukov birinchi insultni boshdan o‘tkazdi. To‘rt oy davolandi. So‘ng ishga otlandi. Ketma-ket to‘qqiz yil suratga tushdi. 1993 yilda ikkinchi insult yuz berdi! Xotini Yekaterina Petrovna ishini tashlab, erining yonida bo‘ldi. Pul yo‘q, shu bois u tikuv mashinasidan foydalandi: estrada artistlari uchun konsert liboslari tikib bera boshladi.

Brondukov o‘zida kuch topib, o‘rnidan turdi, hatto kinomaydoniga yo‘l oldi. Biroq bu paytda sobiq ittifoqda kino deyarli suratga olinmayotgandi. Ana shunda Brondukov o‘z oilasidan boshqa hech kimga kerak emasligini anglab yetdi. Yaqinlari uni qashshoqlik va nokeraklik tuyg‘usi ado qilganiga ishonchlari komil edi.

90-yillarda aktyor Borislav Brondukov muhtojlik va e’tiborsizlikda hayot kechirdi – non, go‘sht olishga pul yo‘q. Qolaversa, uning holidan hech kim xabar olmasdi. Shunday kunlardan birida kenja o‘g‘il uyga kirib kelganida, Brondukov yig‘lab yubordi. «Yeyishga hech nimamiz yo‘q», – dedi u.

Keyin bozorga otlandi. U yerda Brondukovni tanish qassoblardan biri ko‘rib qolib, to‘rvani to‘ldirib suyak solib berdi. Itiga deb o‘yladi-da! Brondukov uyga kelgach, bu suyaklardan sho‘rva qaynatib, o‘zlari ichishdi.

Aktyor oxirgi bor ekranda 1997 yili «Xippiniada yoxud qit’a muhabbati» filmi bilan ko‘rindi. Ana shundan so‘ng aktyorlik faoliyatiga uzil-kesil nuqta qo‘ygan uchinchi insult ro‘y berdi. Boz ustiga bosh miyasida shish paydo bo‘ldi. Shishni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlashdi. Ammo bir yil o‘tib, Brondukovda tutqanoq boshlandi. Bir talay kasalliklarni boshdan o‘tkazgan aktyor tildan qoldi, u harakatlana olmasdi.

Brondukovni xotini ovqatlantirardi. U erining ko‘z yoshlarini artar, u yoki bu yonboshiga ag‘darib yotqizar, cho‘miltirar, muloyim so‘zlar bilan ovutardi. Brondukov esa faqat ko‘zyoshi to‘kar, kimga bo‘lmasin, termilib qarardi. Yig‘lagani eski hamkasblaridan kimdir xabar olishga kelganida yuz berardi. «Afonya» yoki «Sherlok Xolms sarguzashtlari»ni televizorda ko‘rganida ham tinimsiz ko‘z yoshi to‘kardi. Uning xastaligi haqida yonida turib gaplashganlarida-ku, sira o‘zini tutib turolmasdi... Borislav Nikolayevich boshqalarning nimalar haqida so‘zlashayotganini eshitar, biroq uning nimalarni o‘ylayotganini hech kim bila olmasdi. Tevarak dunyo va Brondukovni faqat uning ko‘zlari bog‘lab turar edi.

So‘nggi lahzalar

Kasal va soqov eriga g‘amxo‘rlik qilgan Yekaterina Petrovna shunday xotirlaydi:

– Biz yolg‘iz edik. Shifokorlar bizdan xabar olishmas – chunki uzoqda yashardik. Faqat qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘rashardi. Kinostudiya direktori ikki marta xabar oldi. Bir kuni esa allaqanday talonchilar paydo bo‘lishdi, biroq bizni tunashmadi, balki ahvolimizni ko‘rib, pul tashlab ketishdi.

Boshqa kuni Brondukovlarning uyida telefon jiringladi. Xarkovdan, televideniyedan qo‘ng‘iroq qilishayotgandi. «Artistimiz haqida lavha suratga olmoqchi edik», – deyishdi. «Qanday lavha? – deya achchiqlandi Brondukovning ayoli. – Axir erim qimirlay olmaydi, tildan qolgan». TVchilar uy bekasini ko‘ndirishdi. Uyga kelishdi. Ana shunda kutilmagan voqea yuz berdi: kameraga ko‘zi tushgan Borislav Nikolayevich karavotdan tushdi, oyoqqa turib, qadam tashlamoqchi bo‘ldi. Keyin esa ojizligidan xo‘rligi kelib, yig‘lab yubordi. Xarkovliklar ham yig‘lashdi...

Aktyor umrining so‘nggi paytlari. 

Bu ko‘rsatuv NTV orqali namoyish etildi. Telefon qo‘ng‘iroqlari boshlandi: Toshkent, Xarkov, Donetsk, Kiyev, Moskva, Peterburg, Nyu-York, Quddusdan... Ular darg‘azab edilar: nima sababdan Brondukovning og‘ir ahvoli haqida matbuot shu paytgacha sukut saqladi? Tepadagilar-chi, nega jim? Qanday yordam berishlari mumkinligi bilan qiziqishdi. Yordam ko‘rsatildi ham, so‘zda emas, amalda!

Aktyor Borislav Brondukov 2004 yilning 10 martida hayotdan ko‘z yumdi. O‘shanda tonggi soat besh edi.

Yekaterina Petrovnaning esdaliklaridan:

– U ko‘zlarini ochib, bizga bir-bir qaradi. Og‘zi avval bir tomonga, so‘ng ikkinchi tarafga qiyshaydi. Nafas olishi to‘xtadi, keyin davom etdi, yana to‘xtadi... O‘limi oldidan ko‘zlarini mahkam qisdi. Yuzi qizardi, keyin to‘q qizil rangga kirdi, biroz o‘tib ko‘m-ko‘k tusga aylandi. Shundan so‘ng Bronechka oqardi... Bo‘shashdi, yuzidagi ajinlar tortilib, tekislandi. Uning dahani ochiq edi. Men zudlik bilan jag‘ini bog‘ladim. Uning yuzi xotirjam tortdi. Va... hammasi tugadi!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring