Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Voajab! Kitob o‘qimaganga... 55 ball!

Voajab! Kitob o‘qimaganga... 55 ball!

Davlat televideniyesining «Yoshlar» telekanali orqali «Eng yaxshi kitobxon» tanlovi bo‘lib o‘tdi. G‘oliblar aniqlandi. «Eng yaxshi kitobxon»ga tomoshabinlar ko‘z oldida turgan «Spark» avtomobili kaliti topshirildi.

Hammasi yaxshi, hammasi a’lo! Aniq bilmayman-u, boshqa mamlakatlarda bunday tanlov o‘tkazilmasa kerak. Bu katta gap, ulkan ish!

Biroq meni tanlov ishtirokchilarining uquvsizligi, bilimsizligi o‘ylantirib qo‘ydi. Aksariyati oz, juda oz o‘qiydi. Ular faqat «olib qochadi»! Kitobni ko‘p mutolaa qilgan inson darrov seziladi. Undagi ishtiyoq, intilish yaqqol namoyon bo‘ladi. Axir o‘qigan kitobi, qissa va roman haqida 2-3 daqiqa gapirish mumkin emasmi? Bularning ayrimlari esa so‘zini apil-tapil tugatyapti. Orqasiga o‘girilib vaqt qancha qolganiga qarayapti va yana davom ettiryapti. Ba’zilari esa ochiqchasiga «bo‘ldi, boshqa gapim yo‘q» deyapti. Eng chiroyli va nufuzli tanlov bu, to‘rt misra she’rni monitorda o‘qib turib, 2 daqiqa mobaynida burro-burro sharhlab berolmasa, nega kelishgan? Ochig‘ini aytganda, hatto «olib qochish»ga ham kuchlari yetmay qoldi.

Darvoqe, «olib qochish» xususida. 20 – 30 yoshlilar orasidagi tanlovda Javlon ismli yigit Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» romani haqida gapiririb tashladi. Biroq uning bu asarni o‘qimagani yaqqol bilindi. Qiziq, qanday qilib roman haqida gapira turib, qahramonlar, voqealar, syujet va xotimani tilga olmaslik mumkin? Ko‘zbo‘yamachilik emasmi bu? Nega yoshlarimiz aldamchi, kiprik qoqmay yolg‘on gapiradi?

Javlonning «olamshumul» sharhidan so‘ng so‘z hakamlarga berildi. Hakamlar hay’ati raisi Shuhrat Rizayev ball qo‘ya olmasligini aytdi. «Chunki bu yigit «Jinoyat va jazo»ni o‘qimagan», dedi. Rizayev aytganidek, o‘qimagan kitob haqida dangal aytish kerak. Mard bo‘lib bu haqda tan olish kerak. «Spark» ilinjida yolg‘ondakam sharhlab, bulbuldek sayragan bilan ish bitmaydi.

Shuhrat Rizayevga rahmat aytaylik. Biroq boshqa ikki hakam Javlonga 50 va 55 ball qo‘yib berishdi. O‘qilmagan romanni «olib qochib» sharhlaganlik uchun!

Nazarimda, hakamlar ishtirokchilarni rosa avaylashyapti, aksincha talabchanlikni oshirish kerak. Mutolaa qilingan kitob haqida ishtirokchining rostdan o‘qigan-o‘qimaganini bilish uchun savollar berilishi joiz. Masalan: «Romanni o‘qigan ekansiz, asar qanday tugaydi?» «Bosh qahramonlar kimlar...» «Falon voqeadan keyin syujet qay tarzda kechadi?» va hokazo... Bunday yondashuv tanlov ishtirokchilarini aslo mulzam qilish emas! O‘qigan bo‘lsa, nega mulzam tortsin? Mutolaa qilmaganmi, marhamat, minbarni bo‘shatsin.

Yoshlarimiz rostgo‘y, ochiq, dangal bo‘lsin! Mag‘lubiyatni tan olsin. Boyaqish Gulhida taskin berish bilan ovora, mag‘lubiyatga uchragan ishtirokchi qiz esa «boring-yey» deb ketib qoldi. To‘rt misra she’rdagi bo‘sh qoldirilgan so‘zlarni topa olmagan yigitcha esa o‘z e’tirozini bildirdi. Nima emish, bu shart tanlov nufuzini belgilamasmish! Kechirib qo‘yasan, uka! Agar ko‘p she’r o‘qiganingda, kitob qo‘lingdan tushmaganida bunday demasding aslo!

Tanlov juda yaxshi, biroq ayrim kamchiliklarni ham tilga olish kerak. Boshlovchining shundoq orqasidagi (o‘ng tomondagi) bannerda Xans Kristian Anderson deb yozib qo‘yilibdi! Andersonmi yoki Andersen?

Tanlov ko‘lamini ham kengaytirish kerak. O‘zbek adabiyoti bilan birga jahon adabiyoti namunalaridan savollarni ko‘paytirish zarur. Alxusus, she’riyat bilan bog‘liq shartlarda A.Oripov, U.Azim, M.Yusuf, S.Sayyid, I.Mirzo ijodi bilan cheklanib qolingandek tuyuldi. Pushkin, Lermontov, O‘ljas Sulaymonov qani? Dunyo klassikasini e’tibordan qoldirmaslik joiz. Toki yoshlar ularning kitoblarini ham topib o‘qishsin, dunyoqarashini kengaytirsin, nuqtai nazari biqiq bo‘lib qolmasin.

Yana bir gap: bu tanlov faqat «Yoshlar»niki emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, «Madaniyat va ma’rifat»dan tashqari boshqa telekanallar yoritsa ham maqsadga muvofiq bo‘lardi. Tushunamiz, bu tanlov Yoshlar Ittifoqi tashkiloti homiyligi va shafeligida o‘tkazilmoqda. Uning nufuzini oshirish kerak, demoqchiman. Axir kitoblar, umuman, adabiyot, shoir-yozuvchilar mavzusi nafaqat «Madaniyat va ma’rifat», «Yoshlar»ning, balki barcha telekanallar, ommaviy axborot vositalarining tashvishiga aylanmog‘i zarur. Toki ma’naviyat, kitobxonlik, mutolaa birlamchi omilga aylansin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring