Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baxtiyor Sheraliyev

Muammodan qutulish uchun undan qochish emas, uni hal qilish kerak!

Olimpiada: qars ikki qo‘ldan chiqadi

Olimpiada: qars ikki qo‘ldan chiqadi

Bilimlar bellashuvi

Foto: «Hazoraspxtb.uz»

So‘nggi vaqtda internet tarmog‘ida o‘quvchi yoshlar orasida bo‘lib o‘tayotgan fan olimpiadalaridagi tanish-bilishchilik, korrupsiya, turli adolatsizliklar haqida ko‘p va xo‘p yozilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarning faol kuzatuvchisi sifatida ushbu xabarlar bilan tanishib, menda ham o‘z fikrimni bildirish istagi tug‘ildi. Faqat boshqa tomondan!

Yetti yillik pedagogik faoliyatim davomida tumanda va viloyatdagi maktab o‘quvchilarining «Bilimlar bellashuvi», litsey va kollej o‘quvchilarining viloyat olimpiadasida biologiya fanidan hakamlar hay’ati a’zosi, raisi, viloyat miqyosidagi fan olimpiadasida apellyasiya komissiyasi raisi sifatida bir necha marta ishtirok etganman. Aytishim mumkinki, ushbu «Bilimlar bellashuvi» va fan olimpiadalarida qatnashadigan o‘quvchilar bilan birga ularning o‘qituvchilari, ota-onalari, ta’lim muassasasi rahbarlari ham hayajonda bo‘ladi. Natija chiqquncha yuraklarini hovuchlab o‘tirishadi. Men ularning barchasini yaxshi tushunaman. Lekin hozir sizlarga qarama-qarshi tomondan, ya’ni hakamlar hay’ati tomonidan turib fikrlarimni aytmoqchiman. Meni taniydiganlar olimpiada jarayonlarini qanday o‘tkazganimni, qay darajada odil bo‘la olganimni bilishadi va men bu borada avvalo o‘sha qorako‘z o‘quvchilar, undan keyin vijdonim oldida pokman. Demak, fikrlarimni tizimli ravishda aytadigan bo‘lsam:

— aksariyat ota-onalar va o‘qituvchilar o‘z o‘quvchisini juda bilimli deb o‘ylashadi, vaholanki, aksariyat hollarda unchalik bo‘lmaydi. Tajribamda ko‘p kuzatganman, menga maqtab olib kelingan o‘quvchilar aslida maqtalgandek bilimli bo‘lib chiqmaydi, fan yuzasidan olingan bilimi asosida mantiqiy fikrlash ko‘nikmasiga ega bo‘lmaydi;

— aksariyat o‘quvchilar «Bilimlar bellashuvi» va fan olimpiadasi davomida yozma savollarning barchasiga javob yozganini, lekin hakamlar unga past ball qo‘yganini da’vo qilishi tez-tez quloqqa chalinib turadi. O‘zim ham bu holatga ko‘p duch kelganman. Keling, sizga shu holatni bir misol bilan ozgina izohlab bersam. 2017 yilning mart oyi oxirida Farg‘ona viloyatida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari orasida biologiya fanidan bo‘lib o‘tgan viloyat olimpiadasida yozma ish uchun quyidagi savol tushgan: «Ra’nodoshlar va murakkabguldoshlarga mansub o‘simliklarni o‘zaro taqqoslab, o‘xshashlik va farqlarini yozing». Bir qarashda juda oddiy savol, shunday emasmi? Aslida esa yo‘q! Bu savolga o‘quvchi Venn diagrammasi asosida javob berishi nazarda tutilmoqda, ikki oila vakillarini taqqoslashi va ular uchun umumiy jihatlarni ajratib chiqishi, farq qiluvchi jihatlarini esa alohida ko‘rsatishi lozim edi. Lekin o‘quvchilarning 95 foizi ushbu savolga avval ra’nodoshlar oilasining barcha belgilarini, keyin murakkabguldoshlar oilasining barcha belgilarini to‘liq yozib chiqish orqali javob berishgan. Aslida bu yerda eng katta ayb o‘qituvchida deb hisoblayman, chunki u olimpiadaga tayyorlayotgan o‘quvchisining fan mavzulari yuzasidan mantiqiy fikrlashi ustida ishlashi, o‘tgan yillardagi olimpiada savollari bazasidan foydalangan holda bolani tayyorlashi lozim edi. Olimpiadada yuqori ballga savolga qanchalik ko‘p javob yozish bilan emas, balki savolda nima so‘ralayotgan bo‘lsa aynan ana shunga javob berish bilan erishiladi;

— bilimni baholashda 100 balli sistema qo‘llanishini ko‘pchiligimiz bilamiz, 54 balldan pasti «qoniqarsiz», 55-70 oralig‘i «qoniqarli», 71-85 – «yaxshi» va 86-100 — «a’lo». Endi ayting-chi, amaliy ko‘nikmani qanday baholash mumkin? Men sizga pedagog sifatida javob beraman, amaliyotning bahosi yo 0, yo 100 bo‘ladi, oraliq baho bo‘lmaydi. Chunki amaliy mashg‘ulotda biror kichik detal unutib qoldirilsa jarayon oxirida hech qanday natija chiqmaydi. Masalan, odamda qon bosimini o‘lchayotgan o‘quvchi tonometr manjetini birozgina noto‘g‘ri joylashtirib, lekin qolgan amallarni to‘g‘ri bajargan taqdirda ham qon bosimini o‘lchay olmaydi. Mana bizning o‘quvchilarda bugungi kunda qanday ko‘nikmalar yetishmaydi, bu esa ayrim o‘qituvchilarimiz kompitentlikka asoslangan o‘qitishga umuman e’tibor bermasligidan kelib chiqadi. Bu narsaga fan olimpiadalarida juda qattiq e’tibor beriladi;

— yana bir muhim jihat shuki, aksariyat holatda bola olimpiadaga bilim tomondan tayyor bo‘ladi, ammo texnik jihatdan tayyor bo‘lmaydi. Bilim natijaning 50 foizi bo‘lsa, uni ko‘rsatib bera olish natijaning 50 foizi hisoblanadi. Ko‘p holatlarda bola yozma ishda birinchi va ikkinchi savolga shu darajada ko‘p vaqt sarflaydiki, uchinchi va to‘rtinchi savolga to‘liq javob berishga ulgurmay qoladi. Men har gal olimpiadada o‘quvchilarga «...4 ta savolga 40 ball ajratilgan bo‘lsa, bitta savolga 10 bet javob yozilsa ham maksimal 10 ball olasiz xolos, shu bois hamma savolga javob yozishga harakat qiling» deyman. Tasavvur qiling, 2 ta savolga mukammal javob berib qolganlariga ulgurmagan o‘quvchi 20 ball oladi, 5 ta savolga o‘rtacha darajada javob bergan o‘quvchi esa 5 balldan olgan taqdirda ham 25 ballni qo‘lga kiritadi. Shu bois o‘quvchilarni olimpiadaga tayyorlashda ularni texnik jihatdan tayyorlashga ham e’tibor qaratish lozim;

— olimpiadaga tayyorlanayotgan o‘quvchilar ko‘pincha faqat maktab darsliklari bilan cheklanib qoladi. Bu esa unchalik to‘g‘ri emas. Chunki ayrim darsliklarni nashr qilish jarayonida ba’zi ma’lumotlarda xato ketib qolganini yoki ayrim mavzularga oid ma’lumotlar juda kam yoki zamonaviy fan xulosalariga nisbatan eskirganini kuzatish mumkin. Shu bois o‘qituvchilar olimpiadaga o‘quvchi tayyorlayotganda albatta shu jihatlarni ham hisobga olishlari kerak.

Mana endi olimpiada jarayoni qanday tashkil etilishi haqida ham ikki og‘iz aytib o‘tsam, chunki ularda ham kamchiliklar va to‘g‘rilanishi shart bo‘lgan jihatlar topiladi.

Birinchidan, olimpiadaga hakam tanlayotganda eng avvalo mana shu fanni yaxshi biladigan, pedagogik mahorati yuqori, oliy malakali kadrlarni tanlab olish kerak. Ammo aksariyat hollarda hakamlar hay’atini shakllantirishga panja orasidan qaraladi. Ular orasida o‘z fanini yetarlicha bilmaydigan, hakamlikka umuman munosib bo‘lmagan kadrlar ham uchraydi.

Ikkinchidan, olimpiada uchun tayyorlanadigan materiallar o‘quvchining yoshiga, dunyoqarashiga mos bo‘lishini hisobga olish, ularni olimpiadagacha ekspert tekshiruvidan o‘tkazish shart! Bizda esa aynan olimpiada kuni savollar tezda nomigagina ekspertizadan o‘tkaziladi. Ko‘pincha savollar noto‘g‘ri tuzilgani yoki o‘quvchilarning yoshiga mos tanlanmagani borasida tashkilotchilar bilan kelishmovchiliklar chiqib turadi.

Uchinchidan, jarayonni imkoni boricha shaffoflashtirish lozim. Ya’ni, yozma ishlar tekshirib bo‘linganidan keyin bolalarga to‘liq qaytarib berilishi, ular o‘z ishlarini ko‘rib chiqishlari va tug‘ilgan savollarga hakamlardan javob olishlari kerak. Bu qiyin bo‘lsa-da, men har safar shu narsani joriy etishga harakat qilganman. Bola qachon norozi bo‘ladi, savollari ochiqligicha qolib ketsa, o‘zining nimada xato qilganiga, nega past ball olganiga yetarlicha izoh olmasa. O‘zim qatnashgan oxirgi olimpiadada sinfxonaga o‘quvchilarni kirgizib, tekshirilgan yozma ishlarini qo‘llariga qaytarib berdim. «Hamma o‘z ishi va unga qo‘yilgan baho bilan tanishib chiqsin, savoli bo‘lsa qo‘lini ko‘tarsin, bittalab yurib nega bunday baho olganini izohlab beraman», — dedim. Bolalar tezda ishga kirishib ketishdi, birin-ketin qo‘llar ko‘tarildi, men savollarni avval doskada qisqacha izohlab, qanday javob berish kerakligini tushuntirdim-da, har bir bolaning savoliga erinmasdan javob qaytarib, qayerda kamchilikka yo‘l qo‘yganlarini ko‘rsatib berdim. Sinfxonadan birin-ketin o‘z bahosiga rozi bo‘lganlar chiqib keta boshladi, oxirgisi qolguncha bir yarim soat vaqt ketdi, lekin tashqariga chiqqach noroziliklar bo‘lmadi, chunki bola o‘zining nimada va qayerda xato qilganini tushungan edi.

To‘rtinchidan, olimpiada tashkilotchilari va hakamlari shuni aslo unutmasliklari lozimki, olimpiada o‘tkazishdan maqsad faqatgina hududdagi eng bilimli bolalarni tanlab olish emas! Bu yerda turli maktab va tumanlardan, viloyatlardan kelgan o‘quvchilar bir-birlari bilan do‘stlashadi, eng muhimi, o‘zlari qiziqadigan fanlar bo‘yicha ma’lumot, tajriba almashadilar va o‘qib izlanish uchun yangi motivatsiya oladilar. Agar jarayon to‘g‘ri tashkil etilsa, yuqoridagilarning barchasiga erishsa bo‘ladi.

Shu o‘rinda olimpiadalarga o‘quvchi tayyorlayotgan muallimlarga bir-ikkita maslahat bermoqchiman.

Avvalo bola bilan jiddiy shug‘ullaning, balki o‘sha o‘quvchingiz sinfida, maktabida eng a’lochidir, lekin boshqa maktablarda undan-da a’lochi o‘quvchilar borligini unutmang.

Bolani tartibli va reja asosida shug‘ullantiring. Yozma ish va testlarga javob berish ko‘nikmasini shakllantirish ustida ishlang. Pedagogik usullardan foydalangan holda savollarga javob berishga o‘rgating. O‘quvchilarimiz bir xatoga juda ko‘p yo‘l qo‘yishadi, ya’ni o‘qigan ma’lumotlaridan aynan eng kerakli qismini ajratib olishga qiynaladi. Masalan, «Qonning shaklli elementlariga ta’rif bering» degan savol berilsa, ular savolga javob berishni qonni to‘liq ta’riflashdan boshlashadi. Bu esa olimpiada jarayonida qimmatli vaqtni behuda sarflashga sabab bo‘ladi.

O‘quvchi bilan texnik jihatdan ishlang, yozma ish uchun 4 ta savolga 2 soat vaqt ajratilgan bo‘lsa, demak, har bir savolga 30 daqiqa vaqt ajratishni va shu vaqt ichida unga yetarlicha javob berishga o‘rgating. Bu esa uzoq va davomli mashq asosida shakllanadigan ko‘nikmadir.

Eng muhimi, o‘quvchini olimpiadaga ruhan tayyorlang. Fan olimpiadalari bilimlar jangidir, u yerda faqat bilim va ko‘nikmaning o‘zi kamlik qiladi, unga albatta ruhan tayyor bo‘lish, qalbda g‘oliblik hissi bo‘lishi shart.

Ushbu yozganlarimga xulosa shuki, jarayonda kimnidir ayblashdan oldin avvalo o‘zimizni isloh etaylik. Men jarayonda korrupsiya, tanish-bilishchilik, adolatsizlik yo‘q demoqchi emasman, bunday hollar mavjud, bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘lishi aniq. Chunki bunday illatlarni bir-ikki yilda bartaraf etib bo‘lmaydi. Agar o‘quvchi barcha shartlarga to‘liq va mukammal javob bersa, hech qanday «kattakon» unga past ball qo‘ya olmaydi. Eng muhimi, bolani to‘g‘ri tayyorlaylik, bola olimpiadada yaxshi o‘rin olmasa uni ruhan qo‘llab-quvvatlab, xatolari ustida ishlash ko‘nikmasini shakllantiraylik. Aslo atrofga va jamiyatga norozi kayfiyatda ulg‘aytirmaylik, bu unga qattiq ta’sir etadi, ruhiyatini shikastlaydi. Unutmaylik, ertangi natija bugungi amallarimizga bog‘liq.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring