Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

O‘zing uchun o‘l yetim...

O‘zing uchun o‘l yetim...

Dehqon borki, har yili qaysidir mahsulotini sota olmay kasodga uchraydi.

Bu yil piyoz ekkan dehqonlar «sinishdi». Hosilni sotishdan ko‘ra, joyida shudgorlab tashlash «arzonroqqa tushmoqda» ekan ularga.

«Tomorqangga ekin ekmasang, ikki hissa soliqqa tortamiz», deb do‘q uradigan hokimlik vakillari bugun dehqon mahsulotini sota olmay qiynalib qolganida, qorasini ham ko‘rsatishmaydi.

Deyarli har yili shu takrorlanaveradi. Mutaxassislar dehqonlarni qo‘llaydigan tizim qilish kerak deb aytaverishadi, davlat va hokimlik esa bu muammolarga pinagini ham buzmaydi.

Amaldorga «naqdi» kerak, budjetga tushadigan pul emas. Yo‘qsa, allaqachon o‘z hududida yetishtirilayotgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga mo‘ljallab sotish, qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yib bo‘lishardi.

O‘tgan yili pandemiya davridagi kabi qiyin vaziyatlarda aholini ochlikdan saqlab qoladiganlar shu dehqonlar. Lekin ularning himoyasi uchun, sug‘urtasi uchun biror qonun ishlashini bilmaymiz ham.

O‘zi urug‘lik sotib oladi, o‘zi yerni ijaraga oladi, o‘zi traktor yollab yer haydaydi, o‘zi ekadi, o‘zi suvini quyadi, o‘g‘itini beradi (mineral o‘g‘it sotib olish muammo zamonda), zararkunandalari bilan kurashadi, ishlov beradi, bozorni o‘zi qidiradi, chetga chiqarishga taqiq tushgan mahsulotini ichki bozorda arzon-garovga sotib yuboradi. Shungayam yo‘l bo‘lmasa, ekilgan joyida haydab yubora qoladi...

Bu holatda kim ularning holidan xabar oladi? Qaysi hokim kasodga uchragan dehqonlar oldiga borib, «uzr, bu yil shunday bo‘lib qoldi. Zararingizni bir qismini qoplab beramiz, tushkunlikka tushmang, ishdan sovumang. Kelgusi yil yaxshi bo‘ladi», deb ko‘nglini ko‘tarib keladi?

Hokimiyat aralashib qalampir ektirganiniyam (ko‘chatini katta summaga o‘tkazib «biznes» qilishgandi), chirigan kartoshka urug‘ini kredit asosida fermerlarga o‘tkazishganiniyam ko‘rdik. O‘sha fermerlar haligacha kredit foizini to‘lashadi. Yo‘q narsa uchun.

Uch yilcha oldin Farg‘onadan TVda efirga uzatilgan bir reportaj haligacha ko‘z oldimdan ketmaydi. Targ‘ibot (va mahalliy amaldorlarning qistovi) kuchini qarangki, bir xonadon egasi hovlisida qalampir ekish uchun 4-5 yillik terakzorini buzib tashlaydi. Emishki, «u terakni 10 yil qarab kattartirib sotganidan ko‘ra, qalampir eksa bir yilda shu daromadni olarkan». O‘sha navqiron teraklarini behuda kesib tashlagan hamyurtimizning ekkan qalampiri pishib, hech qayerda o‘tkaza olmay qolgan paytdagi ahvolini tasavvur qilib ko‘rdim. Terakzorini buzdirtirgan amaldorlar sha’niga qanday «rahmat»lar yog‘dirgan bo‘lmasin, unga endi foydasiz.

O‘tgan yili monopol kompaniyalarga davlat qanchadan (milliardlab) yordam puli to‘lab bergani esingizdadir-a? Ularning «ega»lari borda. Zarar ko‘rgan dehqonning kimi bor himoyalaydigan? Unga kim bir so‘m berdi? Bor-budini shu ekiniga tikib, oylab qora terga botgan va ozgina daromaddan umid qilgan sho‘rpeshonani kim o‘yladi? Hech kim.

U endi sindi. Kamida bir-ikki yil kattaroq ekinzor qilib dehqonchilik qila olmaydi. Buning uchun unda na urug‘lik, na yer, na mexanizatsiya ishlariga sarmoya bor. Yeyishiyu kiyishidan tejab-da, ishlatib bo‘lgan bu yil hammasini. Hosil dalada chirib yotibdi, zig‘ircha ko‘mak yo‘q. Yo erkagi Rossiyaga ketadi, yo ayoli Turkiyaga. Oyoqqa turish uchun boshqa chorasi yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring