Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Yo‘qotilgan vaqt, kech ochilgan eshiklar va millatni boy qiladigan soha haqida mulohazalar

Yo‘qotilgan vaqt, kech ochilgan eshiklar va millatni boy qiladigan soha haqida mulohazalar

Foto: Xabar.uz

Xitoyning G‘ulja shahrida olti tilda erkin gaplasha oladigan rus diasporasi vakili bilan suhbatda bo‘lgandim. Hayratimni oshirgani — u o‘zbek tilini ham bilardi. U biror marta O‘zbekistonda bo‘lmagan, tarjimon yoki tilshunos ham emas, shunchaki sayyohlarga o‘z madaniyatini targ‘ib qiladigan oddiy fuqaro edi. Ajdodlari Rossiya hududidan ko‘chib kelishgan. O‘zi Xitoyda tug‘ilgan va shu yerda oila qurgan. Turistik madaniyat ushbu hududning ko‘pmillatli aholisini shunday serqirra shakllanishiga, turli madaniyatlarga hurmat bilan qarashiga zamin yaratgan ekan.

300 million sayyoh

Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududi 2024 yili xavfsiz sayyohlik maskani sifatida rekord miqdordagi — 300 milliondan ortiq sayyohlarni qabul qilgan. Albatta, buning katta qismi ichki turizm hisobiga bo‘lsa-da, juda katta ko‘rsatkich. Hududdagi biz guvohi bo‘lgan Urumchi, G‘ulja, Qoshg‘ar shaharlari, Narat yaylovlaridagi sayyohlik loyihalari chindan-da hayratlanarli.

G‘ulja shahri markazidagi sayyohlik ko‘chasi bo‘ylab joylashgan uylarning eshiklari doim ochiq. Xonadonlarning birida uyg‘ur, birida qozoq, rus va boshqa millatlarning madaniyati hamda san’ati namunalarini ko‘rasiz.

G‘uljaning eski shahar qismidagi «Qozonchi» sayyohlik hududida ham shunday muhit hukmron. Biz mehmon bo‘lgan xonadonda tabiiy muzqaymoq tayyorlanar ekan. “Bir necha avloddan meros bo‘lib qolgan ushbu kasb sir-asrorlarini ota-bobolarimiz O‘zbekiston hududidan, vodiydan o‘rganib qaytishgan”, deydi xonadon egasi.

Shinjon viloyatidagi eng qadimiy shaharlardan biri — Qoshg‘ar Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim savdo markazi bo‘lgan. Sharq va G‘arb madaniyatlari kesishgan bu tarixiy shahar o‘ziga xos muhiti bilan sayohatchilarni jalb etishda davom etmoqda. Eski shahardagi minglab eski xonadonlar buzilib, o‘rnida osmono‘par binolar qurilmadi, aksincha shahar milliy uslubda, hovlilar ko‘rinishida qayta tiklandi. Bundan hududni turizm orqali oyoqqa turg‘izish ko‘zlagandi.

Hozir ham Qoshg‘arning eski shahrida ko‘p asrlar ilgari bo‘lgani kabi, hayot qaynamoqda. Ko‘hna shaharda sayyohlarning ko‘pligidan hayratingiz oshadi. Sayyohlar eski shahar bozorlarida, kulolchilik va temirchilik ustaxonalarida, uyg‘urcha kuy-qo‘shiqlar yangrayotgan xonadonlarda, choy va ziravorlar hidi taralib turgan do‘konlarda o‘tmish ruhini his qilishadi.

Uch tomondan Tyan-Shanning viqorli qoyalari bilan o‘ralgan Narat milliy o‘rmon bog‘iga esa yoz mavsumida har kuni o‘rtacha 30-40 ming sayyoh tashrif buyurar ekan. Bu hududning mahalliy aholisi — qozoq chorvadorlari chorva yetishtirishdan tashqari, turizm xizmatlarini ko‘rsatib, yaxshi daromad topishadi. Bir oila sayyohlik xizmatlarining o‘zidan bir mavsumda (uch-to‘rt oy davomida) 50 ming yuan, ya’ni salkam 7000 AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha foyda olishar ekan.

Xitoyning bunday turizm infratuzilmasi bir jihatdan iqtisodga katta foyda keltirayotgan bo‘lsa, boshqa tarafdan mahalliy aholining, turli millatlarning o‘z urf-odatlarini saqlab qolishiga zamin yaratgan. Ularning mahallalari, xonadonlari, an’analari asl holicha turibdi.

Yo‘qotilgan vaqt va kech ochilgan eshiklar...

O‘zbekistonning iqlimi ham, oshxonasi ham, milliy an’analari ham Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududinikiga juda yaqin. Shu jihatdan, ularning tajribasi bizga ham qo‘l keladi. Afsuski, O‘zbekiston turizm sohasida anchagina vaqt va imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Ilgari turistlarga o‘zimiz cheklov qo‘yganimiz rost. Mamlakatimizning tashqi dunyo bilan munosabati ehtiyotkor va yopiq edi. Chet ellik mehmon O‘zbekistonni ko‘raman desa, vizaning murakkab chig‘irig‘idan o‘tishi kerak, ilmiy ekspeditsiyami, shunchaki sayyohmi yoki sarmoyadormi — bariga shubha bilan qarardik. Boshqa davlatlar dunyoga eshik ochayotgan paytda, biz har qadamda eshik ustiga qulf solardik.

2019 yilning 1 fevraliga kelib, fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirish mumkin bo‘lgan davlatlar soni 64taga yetdi. Bungacha ular soni atigi 18 ta (!) edi.

Hozir bu raqam 100ga qarab boradi. 2025 yil 1 iyundan boshlab, Bahrayn, Kuvayt va O‘mon fuqarolari uchun ham 30 kunlik vizasiz rejim amalga kirdi. Endilikda ular aeroportlarimizdan chiqib, Toshkent, Samarqand ko‘chalarida bemalol sayr qilishi, Xiva qal’alaridan o‘tib, Buxoroning ko‘hna yodgorliklarini ko‘rishi, tabiatimizning go‘zal manzaralaridan bahra olishi mumkin.

Turizm yalpi ichki mahsulotni ko‘paytirishga xizmat qiladigan eng strategik sohalardan biri. Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga ko‘ra, mamlakatga 15 million xorijiy sayyohni jalb qilish, 4 milliard dollarlik turistik eksportni ta’minlash, mahalliy turizmda 40 millionlik safarlar uyushtirish maqsad qilingan.

Tasavvur qiling: bir yilda 15 million sayyoh kelsa, har biri agar 1000 dollardan xarajat qilsa — bu 15 milliard dollar degani. Bu nafaqat mehmonxonalar, balki hunarmandlar, xizmat ko‘rsatish sohalari, kichik biznes uchun ham katta daromad manbai.

O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!

Joriy yilning iyun oyidan boshlab har oyning ikkinchi haftasidagi shanba va yakshanba kunlari «Oila va jamoa bilan sayohat qilish kuni» etib belgilandi.

Bu tashabbusning axloqiy va ma’naviy qiymati katta: u insonlarni vataniga oshno etish, madaniyatiga hurmat bilan yashashga chorlaydi. Tan olaylik, O‘zbekistonda yashab turib, hammamiz ham farzandlarimizga tarixiy shaharlarni, vodiylarimizu vohalarimizni ko‘rsatmaganmiz. Inson sayohat qilar ekan, yurtini yanada ko‘proq sevadi. Ayniqsa, bolalarda Vatanga muhabbat hissi taassurotlar orqali shakllanadi.

Hechdan ko‘ra kech...

O‘zbekiston dunyodagi eng boy madaniy merosga ega mamlakatlardan biri. «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida 3 ta noyob nomoddiy madaniy merosni YuNESKOga kiritish, 30 tadan ziyodini chuqur ilmiy o‘rganish, 158 ta moddiy meros ob’yektini asrash, 2,5 million eksponatni raqamlashtirish belgilangan.

Tarix orqali millat imijini mustahkamlash, turizmni diplomatiyaga aylantirish imkoni bor. Bugun biz faqat vizani bekor qilganimiz uchun emas, balki ishonchni tiklayotganimiz, milliy imijni shakllantirayotganimiz uchun yurtimizga turistlar kelmoqda.

Mehmon mamlakatga faqat ko‘rish uchun emas, anglash uchun ham keladi. Agar u bu yerdan tarix nafasi, iliqlik, qulaylik va xavfsizlik topsa, u yana qaytib keladi va bu haqda dunyoga guvohlik beradi.

Iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimizning turmush darajasi va farovonligini yuksaltirishga qaratilgan e’tibor tufayli o‘tgan davrda yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 2 barobar ko‘payib, ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Endi 2030 yilgacha mamlakat yalpi ichki mahsulotini 160 milliard dollarga, kishi boshiga daromadni 4000 dollarga yetkazish maqsad qilingan. Turizm — ushbu umumiy iqtisodiy strategiyaning muhim bir bo‘lagi.

O‘zbekiston «hechdan ko‘ra kech yaxshi», deya sohaga e’tiborni kuchaytirdi. Bu allaqachon o‘z mevasini bera boshladi ham. Ammo, hali salohiyatimizning o‘ndan biridan ham foydalanganimiz yo‘q. Bu xuddi yangi oltin konidek gap. Faqat bunda zaxira cheksiz, tugab qolmaydi. Agar tarix va zamin bizga bergan bu in’omdan to‘g‘ri foydalana olsak, aholi turmush darajasi yaxshilanib boraverishiga shubha qilmasak ham bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring