Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nurbek Alimov

Oz narsani qurbon qilgan odam, oz narsaga erishadi. Ko‘p narsani xohlagan odam esa ko‘proq narsadan voz kechishi kerakligini biladi.

«Grin kard» so‘nggi umidi bo‘lgan xalqim...

«Grin kard» so‘nggi umidi bo‘lgan xalqim...

Foto: «ABC News»

So‘nggi yillarda bir trend o‘ta ommalashib borayotganini hech sezyapsizmi? Ha, bu «Grin kard». «Grin kard» bu – har yili AQSh tomonidan o‘tkaziladigan lotoreya o‘yini, bunda g‘olib chiqqanlarga okean ortida qonuniy yashash va ishlash huquqi beriladi. Har yili bir necha million (!) vatandoshimiz qatnashadi shu lotoreyada. «Grin kard» javobi chiqqan shu kunlardagi ajiotajni qarang. Nima uchun yildan yilga unda ishtirok etuvchi yurtdoshlarimiz soni ko‘payib ketyapti? Statistika juda qo‘rqinchli, men sizga aytsam. Agarda shu lotoreyada qatnashgan har bir O‘zbekiston fuqarosi yutganida edi, yurtda faqat mansabdorlar va keksalar qolardi, xolos (umuman, buniyam ishonch bilan aytib bo‘lmaydi).

O‘zbek... Hamma narsaga chidagan, ertangi kunga umid bilan yashashdan charchamaydigan beg‘ubor o‘zbegim… Rossiyada millatchilarning hojatxonasini tozalagan, oyligini to‘rtdan bir qismini soliqqa to‘lagan, Turkiyada kasal kampirlarni boqqan, BAAda tanasini sotgan, Koreyaga ishga ketish uchun esa, Rossiyada qor kurab topib kelgan pullarini pora tariqasida o‘zbekka bergan o‘zbegim...

Hozir sizga klassik o‘zbek migranti portretini chizib beraman. Rossiyada ishlagan, hujjatsiz yurgani uchun deport qilingan, keyin Turkiyaga ishlagani ketgan, u yerda erkaklarga yaxshi ish yo‘qligi uchun qaytib kelgan, keyin qarz havola qilib, mol-holini sotib, Koreyaga ishlashga borish uchun «ishni ko‘zini biluvchi» vijdonsizga «muomalasi»ni qilgan. Omadi chopsa va aldovga tushib qolmasa, Koreyaga ishlagani ketgan, bir ikki so‘m pul orttirib kelgan, uy qilgan, to‘y qilgan... Keyin yana qiyinchiliklar boshlanib (chunki taksi qilish uchun mashina sotib ola olmagan), bu orada deporti ham ochilib, qor kuraydigan lopatkasini yelkasiga olganicha yana Rossiyaga... Chunki nabiralar katta bo‘lishyapti, to‘y qilishi kerak...

Lekin, eng qizig‘i, shu yuqorida lenta kabi aylanib o‘tgan 5-8 yil ichida u har yili «Grin kard» lotoreyasini o‘ynagan. Nega? Chunki bu lotoreyada qatnashish uchun diplom kerak emas, qo‘lingda hunaring bo‘lishi ham shartmas, seni hech kim hijob yoki soqolingga qarab tanlamaydi, «muomala» so‘ramaydi, propiskang qani demaydi, viloyatdan kelganingga qarab munosabat qilmaydi. U yerda hammaning imkoni teng, yuqori malakali injenerning ham, «kolxoz»dan chiqqan Matqovulning ham...

Bu lotoreyaning qiziq tomoni, bunda, masalan, ingliz tilini suv qilib ichib yuborgan, fikru xayoli AQShga ko‘chib ketish, u yerda buyuk biznes imperiyasiga asos solish rejalarini kallasida pishirib yurgan yigit emas, mahallasidan tashqariga chiqmagan, «Grin kard»ni esa o‘rtog‘ining «yur, borib kelaylik Grinkardxonaga» (ro‘yxatdan o‘tkazib beruvchi shovvozlarning «ofisi») degan gapiga qiziqib, birga borib o‘zicha o‘ynab kelgan Toshmat yutib olishi mumkin.

Odamlar nega o‘ynashadi buni? Sababi oddiy, insonlar hamisha ertangi kunga umid bilan, nimanidur kutib yashaydi. Hayotimizning ma’nosi ham shunda. «Grin kard» o‘ynab qo‘yib Rossiyaga ketadi, qor kurayotganida xayoliga Floridada, Mayami Bichda Toni Montanani ko‘ylagidan kiyib olib, kabrioletda yurgani keladi. Bu unga umid beradi. Har yili o‘ynayveradi chiqmasa ham. Chunki unda boshqa umid yo‘q. Inson o‘z vatanida qiynalmasa, adolatsizlik, poraxo‘rlik, ishsizlikka uchramasa, do‘stini to‘yiga to‘yona berish uchun kimdandur qarz so‘ramasa, bolasini tug‘ruqxonadan olib chiqish uchun ayolim o‘ksimasin deb (boshqa ayollarning erlari Mikki Mauslar, limuzin, videos’yemkalar bilan olib chiqib ketishayotganini ko‘rib turibdida) nikoh uzugini sotib bo‘lsada, shunday dahmaza qilishi kerak bo‘lmasa, ishlab topgan oyligi oziq ovqatdan boshqa narsalarga ham yetsa, o‘ynarmidi shu lotoreyani?! Menimcha yo‘q. Ha, bo‘lganida ham bu darajada katta omma o‘ynamas edi.

AQShga rahmat. «Grin kard» o‘ynatib, har yili minglab fuqarolarimizni o‘z bag‘riga olib, ish, uy-joy bilan ta’minlashdan tashqari, hattoki shu «Grin kard» o‘ynovchilar uchun ro‘yxatga o‘tish punktlari ochib, biznes qilayotgan uddaburonlarga ham ish topib beryapti. Har yili noyabr oyida qayerga tosh otsang, oynasiga «Grin kard» registratsiya» degan e’lon yopishtirilgan binoga tegadi. Masshtabning qanchaligini tushunyapsizmi? (Ularning orasida firibgarlik qiladiganlari qancha). Qadamingda shunaqa kontoralar faoliyat yuritsa ham, ularni hammasida navbat bo‘ladi. Yangiqishloqdan Matqovul «Grin kard» yutibdi deyishsa, kelgusi yil butun yangiqishloqliklar o‘ynaydi lotoreyani. Ayniqsa, Matqovul tushmagurning AQShda okean bo‘yida qoraytirilgan ko‘zoynaklarni taqvolib tushgan rasmlari kelgach...

Bizda shundoq ham kallali yoshlarning aksar qismi «Grin kard» o‘ynamasdan ham, boshqa dasturlar bilan chetga ketishyapti. O‘sha davlatlarning iqtisodi, ilm-fani, infratuzilmasini gullatishyapti. Bu «Grin kard»da cheklov bor haliyam, yo‘qsa u orqali yildan yilga baaaarcha fuqarolarimiz ko‘chib ketishiga erishardik bu turishda... Oxirida aeroportni chirog‘ini ham kimdir o‘chirib ketarmidi...

Hurmatli rahbarlar, AQShga ko‘chib ketayotganlardan valyuta kutmang, ular o‘z oilalarini ham olib ketishadi. Tup qo‘yib, palak yozadi. O‘zbek mehnatkash, mehnatdan qochmaydi, suvoqchi bo‘lsa ham ish beruvchini ko‘nglidagiday ishlaydi. Shunga yarasha xaqqini olib yaxshi yashayveradi. Oilasini olib borgach esa, onda sonda yoshligi o‘tgan qishloq havosi, onasi yopgan issiq non, do‘stlari bilan ramazon aytganlari, svet o‘chib qolganida sham yoqib, oila davrasida kulishib o‘tirgan paytlaridan boshqa, uni sog‘inadigan narsasi qolmaydi. Zero, Vatanning qiymati – sen u yerdan boshqa joylardagiga nisbatan adolat ko‘proqligini ko‘rishingdir. Vatanning qiymati, sen u yerda boshqa joylardagiga nisbatan muhabbat ko‘proqligini ko‘rishingdir. Agar Vatan – himoya, adolat va muhabbatdan xoli bo‘lsa, fuqarolar musofirga aylanishi muqarrardir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring