Otasini o‘ldirgan o‘g‘il, ochlikdan shishgan odamlar. Sholoxov hikoyalarida nima demoqchi edi?
Sotsialistik realizmning namoyondalarining biri Mixail Sholoxovning hikoyalarida negadir hayotdan xursand, o‘ziga to‘q, to‘kis odamni uchratmaysiz: alg‘ov-dalg‘ov zamon, urush, ochlikdan qiynalayotgan odamlar...
Yuzaki qaraganda, Sholoxovning asarlarini boshqa yozuvchilarning yozganlari bilan bir qatorga qo‘ysa bo‘ladi, ular o‘zi tug‘ilgan davrni alqaydiganday. Hikoyalarda voqeanavis Qizil Armiya va bolsheviklarga yon bosadi, ularni alqaydi, «to‘g‘ri yo‘lda» deb ataydi. Albatta, Sholoxovning o‘zi ham kommunist bo‘lgan, SSSR tuzilgan achchiq davrlarni ko‘rgan, uning qudratiyu, cho‘ka boshlaganiga guvoh bo‘lgan.
Lekin yozuvchining realistligi va sovuqqon tasviri bizga ko‘p narsalarni gapirib bera oladi.
«Don hikoyalari» to‘plamidan o‘rin olgan «Alyoshkaning qalbi» hikoyasi o‘ta ayachli taqdirlarni o‘zida jamlagani bilan ajralib turadi. Zamon o‘zgarishi va uning odamlar boshiga olib kelgan kulfatlari kishini dahshatga soladi.
«Alyoshka besh oydan beri non ko‘rgani yo‘q. Alyoshka ochlikdan shishmoqda.
... U o‘lik tug‘ilgan qulun go‘shtini olib ketmoqchi bo‘lganda, itlar uni o‘rab olib, och-qizil go‘shtni tuproqqa sudrab tortisha boshladi. Alyoshka ularga pichoq o‘qtalib, ichak-chavoqlargacha qoldirmay bir joyga to‘pladi-da, oz-ozdan uyiga tashib oldi.
Alyoshkaning qorako‘z singlisi shilimshiq go‘shtdan ko‘p yeb qo‘yib, kechga yaqin bo‘kib o‘ldi...»
Dahshat-a?
Albatta, bularning hammasiga sabab muallif hikoya boshida ta’kidlagan «ustma-ust ikki yil kelgan dahshatli qurg‘oqchilik» ham emasdi, insoniyat boshlagan be’mani Birinchi jahon urushi va undan keyin mamlakatning tinkasini quritgan inqiloblar, fuqarolar urushi ham edi.
Garchi hikoyada qizil gvardiyachilarni ulug‘lasa ham, Sholoxov ko‘p narsalarni gapiradi, jumladan:
«Daryo bo‘yidagi g‘ishtin bostirma va omborxonalar ko‘rinadi — ichi to‘la don. Bu joy Donprodkom 32-sonli g‘alla qabul qiladigan kontorasi».
Ya’ni... tashqarida sovetlar va’da qilgan porloq kelajakning egalari bo‘lishi kerak bo‘lgan oddiy odamlar ochlik tirishib, shishib o‘lyapti, omborxonalarda (urush va askarlar uchun) don to‘la.
Kontrast emasmi?
Alyosha shu yerda siyosiy komissar Sinitsin bilan tanishib qoladi va u bolaga uyida «dimlab pishirilgan bug‘doyi» borligini aytadi. Shu detal ham ko‘p narsalarni «gapiradi». Siyosiy komissar (amaldor)ning uyida bug‘doyi bor. Oddiy xalq esa...
«Alyoshkaning qalbi» hikoyasi 1925 yilda yozilgan va 1920-22 yillardagi holatni aks ettirgan. Afsuski, Sovet hokimiyati o‘rnatilgach, janubiy Rossiya, Ukraina va Qozog‘istonni Sholoxov hikoyasidagi ochlikdan beshbattar «golodomor (1932-33 yillar)» kutib turgandi...
Sholoxov hikoyalarida zamon o‘zgarishi va avlodlar to‘qnashuvi keng tasvirlangan. Bolshevik o‘g‘il, uning qarshisida johil va shafqatsiz oq gavrdiyachi ota yoki aka, amaldor o‘g‘il va unga qarshi chiqqan kommunist qarindoshlar obrazi kuchli tugunlarga ega voqealar orqali bayon etiladi.
Zamona o‘zgarishi ortidan ashaddiy dushmanlarga aylangan ota-bolalar obrazi «Poliz qorovuli», «Girdob» va «Nuqson» hikoyalarida yaxshi ochib berilgan.
Garchi ushbu hikoyalar ochiqdan ochiq kommunistik tuzumni alqab yozilgan bo‘lsada, o‘sha zamondagi ko‘plab ziddiyatli masalalarni ochib beradi.
«Nuqson» hikoyasidagi Yakov Alekseyevich — quloq, uddaburon boy dehqonlarning tipik vakili. U o‘ta konservator bo‘lishiga qaramasdan, o‘g‘li Styopka komsomollikni tanlaydi va otasining g‘azabiga uchraydi. Yakov Alekseyev asar oxirida mol-mulk uchun o‘z farzandini o‘ldirish darajasiga borgan noshud ota sifatida tasvirlansada, mehnatkash, ishbilarmon dehqon ekani ayrim o‘rinlarda ochib beriladi. Quloqlashtirish va kollektivizatsiya aynan Yakov Alekseyevichga o‘xshagan dehqonlar toifasini deyarli yo‘qotdi va natijada ishlab chiqarishdagi ko‘rsatkichlar keskin pasayib, SSSRda ocharchilik yuz berganiga tarix guvoh.
«Bahorda yigirma botmon yerga bug‘doy ekdi hamda tejab qolgan bulturgi bug‘doyiga zapashnik, ikkita temir borona, shamol mashina sotib oldi. Bahorgi uzilish vaqtida oziq-ovqatsiz qolib eng kerakli narsasini kim sotishi o‘zi ma’lum.... Butun stanitsani qidirib Yakov Alekseyevich kabi tadbirli, pishiq-puxta dehonni topib bo‘lmaydi...»
«Poliz qorovuli» hikoyasi eng ayachli yakunga ega hikoyalardan biri desa bo‘ladi. Ota — oq gvardiyachilarga xizmat qiluvchi amaldor, o‘g‘il ashaddiy bolshevik.
Afsuski, o‘zaro siyosiy dushmanlikni so‘ndirishga qarindoshlik aloqalari ham yo‘l bermaydi.
Hikoya oxirida Mitka (kommunist akasini polizdagi chaylaga yashirgan kichik o‘g‘il) otasini boshiga bolta bilan urib o‘ldiradi...
Albatta, Sholoxov Don bo‘ylarida yashab ijod qilgan, hududda sharq mentaliteti hukmron emas. Lekin kitobxon negadir siyosiy qarashlar nomutanosibligi ortidan sodir etilgan padarkushlikni qabul qila olmaydi. Ota va aka qoralanadigan o‘rinlarni xususan o‘zbek kitobxoni og‘riqli qabul qilishi turgan gap.
Sholoxov yirik yozuvchi, Nobel mukofoti sovrindori. Uning asarlarini har qancha tahlil va muhokama qilsa arziydi. Uning asarlarida naqadar liberal va o‘ngchilarga yoqmaydigan proletarcha og‘machilik uchramasin, XX asr boshida ulkan qizil saltanatning vujudga kelishidagi ziddiyatlarni maromiga yetkazib yozgan bunday mualliflar kam topiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter