Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Nega ayrim mamlakatlar boy, ayrimlari qashshoq bo‘ladi?

«Inklyuziv iqtisodiy institutlar ekstraktiv institutlarga qaraganda resurslarning ancha adolatliroq shaklda taqsimlanishiga olib keladi. Shu tariqa inklyuziv iqtisodiy institutlar ko‘pchilik aholiga huquq va imkoniyatlar beradi, natijada hatto hokimiyat uchun kurash borasida ham imkoniyatlar nisbatan tenglashadi».

Daron Jemoglu va Jeyms Robinson «Mamlakatlar tanazzuli sabablari» asaridan.

Nega ayrim mamlakatlar boy, ayrimlari esa kambag‘al bo‘lishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Qiziq savol, shunday emasmi? Turkiyalik va amerikalik iqtisodchilar Daron Jemoglu va Jeyms Robinsonlarning «Mamlakatlar tanazzuli sabablari» (Why Nations Fail) kitobida ushbu savollarga batafsil, tarixiy va hozirgi voqeliklar asosida javob berilgan.

«Xabar.uz» bugun «Mamlakatlar tanazzuli sabablari» kitobi haqida siyosatshunos Jahongir Akramov va iqtisodchi Bekzod Alimovlar bilan suhbatlashdi.

Asarni birinchi bor o‘qib chiqqaningizda sizda qanday fikrlar paydo bo‘ldi?

Jahongir Akramov, siyosatshunos:

– Bu kitobni men boshqa siyosiy asarlarga nisbatan kechroq o‘qib chiqdim. Kitob o‘zbek tiliga tarjima qilingach, bu o‘zbek siyosatshunoslari, iqtisodchilari va sotsiologlari uchun kerakli ekanligini bildim. Asar mualliflari demokratiya nima uchun kerakligini bayon qilishgan. Kitobni o‘qib chiqqanimdan so‘ng, qo‘limdagi asar nima uchun bestseller darajada ekanligini his qilganman. Bu asarni o‘zim sevib mutolaa qilgan top-5 kitoblarim ro‘yxatiga kiritganman va uni barcha do‘stlarimga hamda shogirdlarimga tavsiya qilganman.

Behzod Alimov, iqtisodchi:

– Asarni o‘qib chiqqanimdan so‘ng siyosiy omillar qanchalik muhimligini anglaganman. Bizda «avval iqtisod, keyin siyosat», degan mashhur gap bor. Bu bizda noto‘g‘ri tushunchalar paydo qiladi. Aslida, avval siyosat, keyin iqtisod! Ya’ni, islohotlarni birinchi siyosiy o‘zgarishlardan boshlash kerak. Shu kitobni o‘qib, inklyuziv siyosiy institutlar yetarlicha shakllantirib olinsa, keyin inklyuziv iqtisodiy institutlar rivojlanishini tushunib yetganman.

– Kitobda mamlakatning boy yoki kambag‘al bo‘lishiga asosiy sabab – ekstraktiv va inklyuziv institutlar ekanligi yozilgan. Ekstraktiv va inklyuziv institutlarning bir-biridan farqi nimada? Ular mamlakat taraqqiyotiga qanday hissa qo‘shadi?

Behzod Alimov, iqtisodchi:

– Keling, birinchi institutlar nima ekanligini gapirib o‘tsak. Institutlar – bu jamiyatda siyosiy va iqtisodiy hayotni shakllantiruvchi tartib-qoidalar majmuasi. Kitob mualliflari institutlarni inklyuziv va ekstraktivga ajratishgan.

Inklyuziv – jamiyatni siyosiy va iqtisodiy hayotda faol qatnashishga undaydigan hamda bunga imkon yaratuvchi institutlar hisoblanadi. Ekstraktiv institutlar esa buning mutlaqo teskarisi. Ekstraktiv institutlar faqatgina kichik guruhga kuch-qudratni, boylikni o‘zlashtirishga imkon beradi. Ya’ni, aholining siyosiy va iqtisodiy hayotda ishtirok etishga to‘sqinlik qiladi.

Ushbu kitob juda jiddiy tadqiqotlarga asoslangan. Inklyuziv institutlar mamlakat iqtisodiy rivojlanishi uchun kerakli bo‘lgan rag‘batlarni yuzaga keltiradi. Buning uchun nima kerak? Albatta, investitsiya va texnologik yangiliklar bo‘lishi kerak. Bularni joriy qilish uchun esa insonlarga rag‘bat zarur. Misol uchun, raqobatli bozor sharoiti – inklyuziv institut bo‘lsa, monopoliya ekstraktiv institut hisoblanadi.

Agar jamiyatda o‘yin qoidalari barchaga bir xil bo‘lsa, bu odamlarda kelajakka ishonchni yuzaga keltiradi. Bu esa investitsiya va innovatsiyalarga rag‘batni kuchaytiradi. Ayni shu omillar iqtisodiyotning o‘sishiga driver (motor) bo‘lib xizmat qiladi. Ekstraktiv institutlar bunday iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qiladi va kishilarda investitsiya hamda innovatsiyaga bo‘lgan rag‘batni yo‘qqa chiqaradi. Ekstraktiv institutlarda davlat va jamiyat o‘rtasida ishonchsizlik, korrupsiya va elitaning mavjud sharoitdan foydalanib boylik orttirishi kuchayadi.

Jahongir Akramov, siyosatshunos:

– Boshqaruvdagi eng asosiy islohot – siyosiy islohot hisoblanadi. Mualliflar siyosiy islohotlar orqali inklyuziv institutlar yaratish mumkinligini asoslashga harakat qilishgan. Ekstraktiv siyosiy institutlarning ta’siri juda keng. Siyosiy rejim jamiyatda inson huquqlari qanchalik ta’minlanishiga qarab turib bir nechta uslublarga bo‘linadi. Birinchisi – totalitar, ikkinchisi – avtoritar, uchinchisi – demokratik.

Daron Jemoglu va Jeyms Robinson o‘z kitobida demokratiya so‘zini ishlatmasdan inklyuziv siyosiy institutlarni baholagan. Aslida inklyuziv institutlar faqatgina demokratik tuzumlarda mavjud bo‘ladi.

Asarda Xitoy rahbari Mao Szedun davridagi bir holat misol qilib keltirilgan. Mao Szedun bir kuni dalaga borganida, chumchuqlar bug‘doy dalasidan ko‘tarilib uchib ketadi. U shunda chumchuqlarni Xitoy xalqining dushmani deb e’lon qiladi. Alaloqibat, tez orada Xitoyda chumchuqlarga qarshi katta ov boshlanadi. Chumchuqlar qirilib bitgach, Xitoyda chigirtkalar bosqini sodir bo‘ladi. Bu esa qishloq xo‘jaligiga katta zarar keltiradi. Faqatgina Mao Szedun vafotidan keyingina, Den Syaopin amalga oshirgan islohotlar natijasida, Xitoyda ozgina bo‘lsa-da, inklyuziv siyosiy institutlar yuzaga keldi.

Ekstraktiv institutlar sharoitida davlat ma’lum muddat rivojlanishi mumkin, lekin bu rivojlanish uzoq vaqt davom etmaydi. Inklyuziv institutlar asosan manfaatga asoslanadi. Dunyodagi eng asosiy kuch ham aslida – manfaat. Ya’ni, har bir ijtimoiy qatlamning manfaatlarini tiyib turish rivojlanishga olib keladi.

Inklyuziv institutlar faqatgina ozod jamiyatlarda bo‘lmaydi. Fransuz sotsiologi Aleksis Dokfeltning «Amerikada demokratiya» degan kitobi bor. U o‘z kitobida Amerikadagi demokratiyani ozodlikning cheklanishi deb ta’riflaydi.

Men inklyuziv institutlar deganda birinchi o‘rinda qonunga asoslangan, hammaning ijtimoiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiluvchi tizimni tushunaman. Inklyuziv institutlarga asoslangan davlatlarning rivojlanishi barqaror bo‘ladi. Ekstraktiv institutlar sharoitida rivojlanish ma’lum bir muddat bo‘ladi, xolos. Sovet ittifoqi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Siyosiy institutlari ekstraktiv bo‘la turib, inklyuziv iqtisodiy institutlar qura olgan davlatlar qatoriga Xitoyni misol qila olamizmi?

Behzod Alimov, iqtisodchi:

– Mualliflar Xitoyga biroz shubha bilan qarashgan. To‘g‘ri, Den Syaopinning davrida inklyuziv siyosiy institutlar joriy qilingan. Buning ortidan Xitoy kambag‘allikni qisqartirishga erishdi va iqtisodiy mo‘jiza yuz berdi. Kitob yozilgan vaqtda Xitoy ancha yuqori ko‘rsatkichlar bilan o‘sayotgan edi. Lekin Daron Jemoglu va Jeyms Robinson Xitoyning o‘sishi barqaror bo‘lmasligini aytishgan. Chunki Xitoyning siyosiy elitasi inklyuziv siyosiy islohotlarni amalga oshirmas ekan, Xitoy iqtisodiyoti ekstraktiv holatga qaytishi mumkin. Hozir ko‘rishimiz mumkin-ki, Xitoyda asta-sekin orqaga qaytish ro‘y bermoqda. Ya’ni, iqtisodiy o‘sish jiddiy ma’noda sekinlashdi. Boshqa tomondan, ekstraktiv siyosiy institutlar yanada kuchaymoqda. Masalan, Xitoy hukumati yoshlarning ishsizlik darajasini ko‘rsatuvchi statistikani berishni to‘xtatdi. Hozir Xitoyda yoshlarning ishsizlik darajasi 20 foizdan oshib ketgan. Buni elita jiddiy xavf sifatida ko‘rdi. To‘g‘ri, Xitoy endi iqtisodiy inqirozga uchraydi deb aytish biroz noto‘g‘ri. Ammo kitob mualliflarining fikriga ko‘ra, ekstraktiv institutlar sharoitida barqarorlik uzoq muddat bo‘lmaydi.

Jahongir Akramov, siyosatshunos:

– Men ekstraktiv siyosiy institutlar sharoitida inklyuziv iqtisodiy institutlarni joriy qilish mumkin, deb hisoblayman. Bu avvalo, siyosiy qarorlarga bog‘liq. Tarixda shunday insonlar chiqadiki, ular jamiyatdagi o‘zgarishlarni to‘g‘ri inobatga olishadi va liberal o‘zgarishlarni amalga oshirishgan. Ulardan biri – Den Syaopin. U Mao Szedunning g‘oyalariga qarshi chiqqan. Shu bilan Rossiyani ham bunga misol keltirish mumkin. Chunki 90-yillarda Rossiyada demokratik o‘zgarishlar bo‘lgan. Ammo 2000-yillarda bu tendensiya orqaga qaytdi. Mana shu o‘zgarishlar natijasida Rossiyada bugungi «Yandex» va «Telegram» korporatsiyalari yetishib chiqdi. Biroq Rossiya iqtisodiyoti ma’lum bir muddat barqaror tura oldi. Shuning uchun men mualliflarning fikriga ko‘proq qo‘shilaman.

Xitoyda statistikaning yopib qo‘yilishi – ekstraktiv institutlar kuchayayotganidan darak beradi. Sovet davrida bir latifa bor edi: «Yolg‘onning uchta turi bor; oddiy yolg‘on, safsata va statistika». Avtoritar tuzumlarda statistika xuddi shunday bo‘ladi. Statistikaning yolg‘onligi rivojlangan davlatlarda fojia hisoblanadi. Bu ishonchsizlikni kuchaytiradi. Bugun Xitoydan yirik investorlar asta-sekin chiqib ketmoqda. «Alibaba» korporatsiyasi bilan bog‘liq holat bunga yaqqol misol.

Asar boshida 2011-yilda arab mamlakatlarida nega inqiloblar yuz bergani haqida gap ketadi. Bilamizki, 2011-yilda Misrda Husni Muborak inqilob sabab hokimiyatdan ketadi. Lekin hokimiyatda hozirgacha ekstraktiv siyosiy va iqtisodiy institutlar saqlanib qolingan. Buning sababi nimada deb o‘ylaysizlar?

Jahongir Akramov, siyosatshunos:

– Inqilob haqida Simon Bolivar «inqilobni amalga oshirish – dengizni shudgor qilish bilan barobar», degan edi. Inqiloblarga geosiyosiy omillar va iqtisodiy tomondan manfaatdor guruhlar ham ta’sir qiladi. Mashhur faylasuf Seneka «dinni odamlar chin, faylasuflar noto‘g‘ri, siyosatchilar foydali deb hisoblashadi», deb aytgan edi. Ya’ni, siyosatchilar bo‘layotgan o‘zgarishlardan qanday qilib foyda ko‘rishni o‘ylaydi. Misrdagi o‘zgarishlarga mintaqadagi yirik kuch markazlari ta’sir qilgan. Bu bitta omil.

Ikkinchi tomondan, ijtimoiy qatlamlarning parchalanib ketishi ham bu o‘zgarishlarga katta ta’sir qildi. Ya’ni, bu yerda jamiyatning milliy birlik masalasi ham o‘ta muhim. Chunki jamiyat davlatni siyosiy qarorlar qabul qilishga majburlay oladi. Misol uchun, Fransiyada buyuk fransuz inqilobi amalga oshirilgan, lekin o‘sha vaqtda Rossiyada dekabristlar inqilobi amalga oshmadi. Ikkisining ham maqsadi ekstraktiv institutlarni parchalash edi. Lekin har ikki davlatda natija har xil bo‘ldi. Ya’ni, bu yerda ijtimoiy qatlamlarning shakllanishida gap ko‘p.

Behzod Alimov, iqtisodchi:

– Asarda inqilob ekstraktiv institutdan inklyuziv institutga o‘tishning yechimi emasligi aytilgan. Aslida ekstraktiv institutdan inklyuziv institutga o‘tishning aniq bir formulasi yo‘q. Ekstraktiv institutlar yashovchan bo‘ladi. Ular o‘zini qanday himoya qilishni juda yaxshi o‘rganib olishgan. Agar xalq siyosiy faol bo‘lib, asta-sekin inklyuziv institutlarni tatbiq etmasa, bitta qo‘zg‘olon bilan mamlakatdagi ekstraktiv institutlarni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Buni kitob mualliflari ham ta’kidlab o‘tishgan.

Asarda ekstraktiv institutlar texnologik yangiliklardan, innovatsiyalardan qo‘rqishi aytilgan. Nega ekstraktiv institutlar texnologik yangiliklardan qo‘rqadi?

Behzod Alimov, iqtisodchi:

– Texnologik yangiliklardan ekstraktiv institutlarning tepasida turgan elita qo‘rqadi. Nega? Chunki elitaning legitimligini ta’minlab turgan kuch – eski siyosiy va iqtisodiy texnologiyalar. Masalan, oligarxiya kuchli bo‘lgan mamlakatlarda oligarxlar davlat bilan chambarchas bog‘lanib ketadi. Ular iqtisodiy sektorlarni bo‘lib olish orqali boylik to‘plagan. Agar mamlakatga yangi texnologiya va innovatsiyalar kirib kelsa, bu oligarxlarning boyish manbalariga jiddiy zarar yetkazadi. Kitobda bunga juda chiroyli misol keltirilgan. Angliyadagi sanoat inqilobi davrida ip yigiruvchilar tikuv mashinalarini buzib tashlagan. Chunki ip yigiruvchilar yangi texnologiya sababli ishsiz qolishayotgan edi.

XX asrning mashhur iqtisodchisi Yozef Shumpeterning «bunyodkor buzg‘unchilik», degan g‘oyasi bor. Unga ko‘ra, buzg‘unchilik innovatsiyalar bilan birgalikda yuradi. Ya’ni, yangi texnologiyalar eski texnologiyalarni yo‘qqa chiqaradi. Natijada yangi bizneslar paydo bo‘lib, eski biznes turlari yo‘qolib ketadi. Tabiiyki, eski biznesda faoliyat yurituvchi insonlar bundan norozi bo‘ladi. Bundan norozilikning kuchayishi elita uchun ham xavf.

Jahongir Akramov, siyosatshunos:

– Ekstraktiv institutlar tepasidagi guruhlar juda konservativ bo‘ladi. Ular eski tizimni davom ettirishdan manfaatdor. Vujudga keladigan yangiliklar ularga xavf tug‘dirishi mumkin. Ular yangiliklarning kirib kelishidan manfaatdor emas. Shuning uchun ham ekstraktiv institutlar innovatsiya va yangiliklarga turlicha byurokratik to‘siqlar qo‘yib tashlaydi. Oqibatda aql egalari va kashfiyotchilar mamlakatdan chiqib ketadi.

Kitobda burilish nuqtasi haqida so‘z ketadi. Xususan, Yevropada burilish nuqtasi «qora ajal»ning tarqalishi bilan boshlangani aytiladi. Bizda burilish nuqtasi qachon va qaysi vaziyatda bo‘lishi kerak?

Jahongir Akramov, siyosatshunos:

– Burilish nuqtasi har bir davlatda o‘ziga yarasha bo‘ladi. Masalan, sharq davlatlarida juda ko‘p burilish nuqtalari mustaqillik qo‘lga kiritilganda yoki hokimiyat almashinuvi natijasida sodir bo‘lgan. Masalan, Qozog‘iston uchun 2022 yilda bo‘lgan yanvar voqealari burilish nuqtasi bo‘ldi. O‘sha voqealardan so‘ng mamlakat prezidenti bo‘lib o‘tgan namoyishlardan to‘g‘ri xulosa chiqardi va o‘zining vakolatlarini chekladi. Men hokimiyatda shaxsga bog‘liqlikni yoqtirmayman, lekin alohida shaxslarning o‘ziga yarasha siyosiy qarorlari burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Rossiya va Ukraina o‘rtasida boshlangan urushdan keyin yuz berayotgan geosiyosiy turbulentlik Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Buning natijasi 5 yillardan keyin ma’lum bo‘ladi.

Behzod Alimov, iqtisodchi:

– Kitob mualliflari tarixda bo‘lgan voqealarni o‘rganib, bu voqealar qaysi mamlakatlarda inklyuziv, qaysi mamlakatlarda ekstraktiv institutlarni yuzaga keltirganini tahlil qilishgan. XIV asrda Sharqiy va G‘arbiy Yevropa davlatlarida ekstraktiv institutlar hukmron edi. Lekin butun Yevropa bo‘ylab «qora ajal»ning yoyilishi Angliyada inklyuziv, Sharqiy Yevropa mamlakatlarida esa ekstraktiv institutlarni kuchaytirib yubordi.

Jahongir aka, yuqorida ta’kidlab o‘tgan holatlar haqiqatda burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Lekin bu inklyuziv institutlarni rivojlantirishga xizmat qiladimi yoki aksincha, buni hozir aytib bo‘lmaydi. Chunki burilish nuqtasi inklyuziv institutlarga o‘tishning yetarli sharti emas. Burilish nuqtasida vujudga kelgan o‘zgarishlardan jamiyatdagi qaysi guruhlar foydalanib qolishiga ham bog‘liq.

Ekstraktiv siyosiy institutlar hukmron bo‘lgan davlatlarning aksari kambag‘allikdan chiqish uchun ta’limga e’tibor qaratadi. Ekstraktiv siyosiy va iqtisodiy institutlar hukmron mamlakatda ta’lim najot bo‘la oladimi?

Behzod Alimov, iqtisodchi:

– Aholi ta’limga investitsiya qilishi uchun mamlakatda inklyuziv institutlar bo‘lishi kerak. Kitob mualliflari ham ayni shu narsani ta’kidlashgan. Ya’ni, inklyuziv institutlarning mavjudligi ta’limga bo‘lgan rag‘batni oshiradi. Mamlakat taraqqiyotida sifatli ta’lim juda muhim rol o‘ynaydi. Ekstraktiv institutlar sharoitida elita jamiyatga sifatli ta’lim berishidan manfaatdor bo‘lishi mumkinmi? Ma’lum bir darajada ta’limga e’tibor berilishi mumkin. Lekin ekstraktiv institutlar har doim o‘zini bardavom ushlab turadigan kadrlarni yetishtirishdan manfaatdordir. Ya’ni, ekstraktiv institutlarni boshqaruvchi elita kelajakda o‘ziga tahdid bo‘lishi mumkin bo‘lgan va uni tanqid qiladigan insonlarni yetishtirishni istamaydi. Ekstraktiv institutlarni sifatli ta’lim orqali inklyuziv institutlarga o‘tkazishga men biroz shubha bilan qarayman.

Jahongir Akramov, siyosatshunos:

– Aslida ekstraktiv institutlar ta’limga o‘zining legitimligini kuchaytirish uchun e’tibor qaratadi. Ekstraktiv institutlarning ta’limga e’tibor berishdan yana bir maqsadi – o‘ziga sodiq qatlamni chiqarish. Ya’ni, ekstraktiv institutlar ta’limning rivojlanishidan manfaatdor emas.

Suhbatning to‘liq qismini «Xabar.uz»ning YouTube-sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Sardor Ali suhbatlashdi

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring