Aziza Umarova: «Nahot, 196 tumanda hokimlikka loyiq birorta ayol bo‘lmasa?!»
Davlat boshqaruvi sohasidagi mutaxassis Aziza Umarova bilan intervyu qilganimizda hali «gender tenglik» masalasi eng yuqori minbarlarda tilga olinmagan edi. Balki shu jihati bilan fikrlarning ahamiyati va e’tibori yanada yuqori baholanmog‘i kerak.
– Aziza xonim, sizni zamonaviy o‘zbek ayollarining peshqadam vakili deb bilamiz. Matbuot va ijtimoiy tarmoqda jamiyatimizdagi muhim voqea-hodisalar yuzasidan hozirjavoblik bilan taklif-mulohazalar bildirib borayotganingiz tahsinga loyiq. Bir necha yil davomida BMT tizimida xizmat qildingiz. Umuman, keyingi yillardagi faoliyatingiz davlat boshqaruvi islohotlari bilan bog‘liq kechmoqda. Shu bois suhbatimizni boshqaruv va ayollar mavzusidagi savol bilan boshlasak.
Yurtimizda rahbar ayollar safi siyrak ekani ayon. Xotin-qizlarimiz yuksak lavozimlarda faoliyat yuritishi uchun nima qilmoq kerak?
– Shu masala meni ham ko‘p o‘ylantiradi. Darhaqiqat, jamiyatimizda muhofazakor (konservativ) kayfiyat kuchli. Shunga ko‘rami, ayollarimizning yuqori rahbarlik lavozimlarini egallashi imkonsizdek. Boshqa tarafdan, bizda sovet davrida rahbar ayollar ko‘p bo‘lganini ham unutmaslik kerak. Ular zimmasidagi vazifalarni sidqidildan ado etib, e’tiboru e’tirof qozongani ma’lum. Sirasi, «o‘zbek jamiyatida ayollarning rahbarlik qilishi amrimahol» degan nuqtai nazarga qo‘shilmayman. Agar imkon berilsa, ayollar har qanday mansab-maqomda munosib faoliyat yurita oladi. Ammo, boya ta’kidlaganimdek, bunga jamiyat hali tayyor emasdek.
Hozir Slovakiya, Estoniya, Janubiy Koreya, Singapur va boshqa davlatlarni ayol prezidentlar idora etmoqda. Yaponiya o‘ta muhofazakor mamlakat bo‘lgani va boshqaruvda xotin-qizlar kam ekaniga qaramay, Tokio hokimligiga ayol kishi saylandi. E’tibor bersangiz, bular bari yuksak ma’rifatli mamlakatlardir. Demak, jamiyat ma’rifatli bo‘lsa, fuqarolarning shaxsiy fazilatlari qadrlansa, davlat raiyatning unib-o‘sishini rag‘batlantirsa, inson kapitali shakllantirilsa, ta’lim sifati yuksalsa... bunday o‘lkada ayollar bemalol yuksak rahbarlik lavozimlarini egallaydi.
Aslida, ma’rifatli jamiyatda davlatni kim idora etishi u qadar muhim ahamiyat kasb etmaydi. Fikrimni hayotiy misol bilan tushuntirsam: ma’lum belgi, ko‘rsatkich va svetofor bilan tartibga solingan hamda biror belgi o‘rnatilmagan, qoidalar joriy etilmagan ikki yo‘lni tasavvur qiling. Birinchi yo‘lda haydovchilar biri biriga xalal bermay harakatlanadi. Ikkinchi turdagi yo‘l har qancha kengaytirilmasin, qoidalar belgilanmas va ularga rioya etilmas ekan, avtohalokatlar ro‘y beraveradi.
Davlatni idora etishda ham shunday: mukammal boshqaruv instituti shakllanar ekan, rahbarning xato qilish ehtimoli kamayadi. Mukammal boshqaruv deganda hokimiyat tarmoqlarining to‘g‘ri taqsimlanishi, ularning biri birini tiyib turishini nazarda tutayotirman. Deylik, hokim, bojxonachi yoki sudya o‘z vazifasiyu vakolati nimadan iborat ekanini aniq biladi va shunga muvofiq faoliyat yuritadi. Bunday sharoitda yoshi, jinsi, kasbi va boshqa mezonlardan qat’i nazar, munosib nomzod yuksak lavozimga saylana oladi.
– Ayol rahbar ko‘paysa, sizningcha, jamiyatda qanday o‘zgarishlar yuz beradi?
– Savolingizga Ruanda davlati misolida javob bersam. Sharqiy Afrikadagi ushbu mamlakat 1994 yilda mudhish qatliomni boshdan kechirgan. O‘shanda qariyb bir millionga yaqin inson qurbon bo‘lgan. Hozir Ruanda qonunchilik idorasida faoliyat yuritayotgan ayollar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi (61%). Ayollar parlamentga kelgach, birinchi galda davlat budjetidan onalar va bolalarni muhofaza etishga ajratiladigan mablag‘ miqdori qayta ko‘rib chiqildi.
Menimcha, ayol rahbar ko‘paysa, jamiyat yanada rahm-shafqatli, insonparvar va ma’rifatli bo‘ladi. Chunki ayolga vakolat berilsa, u aksar ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladi, g‘azna pulini ko‘proq maktabu shifoxona qurishga yo‘naltiradi. Erkaklarning «urush-urush» o‘yinlari ham andak tizginlanadi. Ayollarni rahbar sifatida tan olish ham jamiyat nechog‘li ma’rifatli ekanini ko‘rsatuvchi mezonlardan biri, aslida.
Bugun jamiyatimizga ayollarning moslashuvchanligi, mehri, zukkoligi va zakiyligi yetishmayotgandek. Biz oxirgi yillarda ko‘p qadriyatlarimiz qatorida «ilg‘or ayol» siymosini ham boy berdik. Axir, butun mamlakat bo‘yicha birorta ayol hokim yo‘qligini boshqa qanday izohlash mumkin?! Yaqinda Xorazmda taniqli arbob ayol Shakarjon opa qazo qildilar. U kishi hokim vazifasida ishlagan sanoqli ayollarimizdan biri edi. Xo‘sh, endi ularning o‘rnini egallaydigan ayollar bormi? Nahot, 196 tumanda hokimlikka loyiq birorta ayol bo‘lmasa?! Oliy ta’lim muassasalarida nega rektor ayollar yo‘q? Nega ayol vazir va vazir o‘rinbosarlari barmoq bilan sanarli? Kechagina toliblar hukmi ostida bo‘lgan Afg‘onistonni xorijda besh nafar ayol diplomat tamsil etayotir, bizning elchilar orasida esa birorta ayol kishi yo‘q.
Sho‘ro davrida yetishgan uch nafar dirijyor ayolimiz bor edi, ulardan biri vafot etdi. Afsuski, katta sahnada ularning munosib vorislari ko‘rinmayapti. Umuman, ko‘plab sohalarda ayol kadrlar taqchil ekaniga qaramay, ularni tayyorlashga e’tibor berilmayapti. Ayol ijrochilar bor, ammo ayol rahbarlar yo‘q!
Nazarimda, uddaburon va ilg‘or xotin-qizlarimiz talaygina, ammo ularning iqtidoridan unumli foydalanilmayapti. Agar ayollarimiz ko‘proq rahbarlik lavozimlarini egallasa, besh-olti yilda buning samarasini ko‘ramiz. Zarur bo‘lsa, ularning malakasini oshiraylik, qobiliyatini to‘liq yuzaga chiqarishga imkon beraylik.
Biz jamiyatda muqallidlar, labbaygo‘ylarning emas, shaxslarning qadrini ko‘tarsak, dadil odim otishdan qo‘rqmaydigan avlod shakllanadi. Bu esa mamlakat ravnaqiga kuchli turtki beradi.
– Ayol rahbarlar ko‘paysin deyapmiz, ammo bugun jamoatchilik nigohida bo‘lish yukini uncha-muncha erkaklar ham ko‘tara olmayapti-da! Omma e’tiboridagi arbobning yutuqlari, ehtimol, ko‘p-da e’tirof etilmas, ammo u biror kamchilikka yo‘l qo‘ysa, baloga qolishi tayin. Shaxsan men jamoatchilik xatoga yo‘l qo‘ygan erkak va ayolga birdek adolatli munosabatda bo‘ladi deya olmayman. Shunday vaziyatda yetakchi ayol qanday yo‘l tutmog‘i darkor?
– Chindan ham, jamiyatimiz, kezi kelganda, ayolga nisbatan qattiqqo‘l va shafqatsiz. Bu borada yozilmagan, ammo qat’iy amal qilinadigan qoidalar mavjud. Ayol u yoki bu jabhada o‘z o‘rnini topishi uchun albatta oilali va farzandli bo‘lishi talab etiladi. Oila, ta’bir joiz bo‘lsa, unga legitimlik beradi. Turmush o‘rtog‘i va farzandi bo‘lmagan ayolning malakali mutaxassis sifatida tan olinishi, yuksak rutbaga erishmog‘i va xalq mehrini qozonishi kam uchraydi. Istaymizmi-yo‘qmi, Sharq jamiyati shunday barpo bo‘lgan va bu tartibot bilan hisoblashishga majburmiz.
Yana bir xavotirli jihat: menga ayollarni obro‘sizlantirish, unga yengiltaklik yorlig‘ini yopishtirish juda osondek tuyuladi. Biror masalada ayolni tanqid qilish boshlansa, kasbiy sifatlari emas, shaxsiy hayoti elga dasturxon qilinadi. Demokratik jamiyatda insonga faqat professional sifatlariga ko‘ra baho berilishi kerak-ku! Ayolni faqat ayol bo‘lgani uchun kamsitish na qonunchilikka, na insoniylikka to‘g‘ri keladi. Deylik, ommaviy axborot vositasi vakili ishiga baho bermoqchimisiz, farzandini qanday tarbiyalayotgani bilan ishingiz bo‘lmasin, uning ijodiy mahoratini muhokama qiling. Ijtimoiy tarmoqda telejurnalist Mavjuda Mirzayeva, mas’ul rahbar Nargiza Saidova haqidagi muhokamalarda shaxsiy hayot daxlsizligi tamoyili buzildi.
«Bulling» (inglizcha bullying – muayyan jamoaga mansub insonning ko‘pchilik tomonidan tahqirlanishi, sazoyi qilinishi) rivojlangan jamiyatlarda keskin qoralanadi. Afsuski, bizda xatoga yo‘l qo‘ygan insonni butun mahalla, butun jamiyat malomat qilishini me’yor deb biladiganlar yo‘q emas. Bu hol rahbar ayollar yetishib chiqishiga g‘ov bo‘ladi.
– Gap aylanib ayollar ta’limiga taqalmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan va erta turmushga uzatilayotgan qizlar ko‘rsatkichini solishtirsangiz, o‘rtadagi farq xavotir uyg‘otadi. Viloyatlarda maktabni bitiriboq, kasb-hunar ta’limini olmay turmushga uzatib yuborilayotgan qizlar talaygina. Bu boradagi daqqi qarashu stereotiplardan qutulushimiz oson bo‘lmaydi chog‘i?
– Siz qayd etgan holatni rad etib bo‘lmas, lekin hozir ahvol birmuncha yaxshilanib borayotganini ta’kidlashni istardim. Davlat idoralari qizlarni erta turmushga berish muammosi bilan jiddiy shug‘ullanyapti. 11 yillik ta’lim tizimiga qaytish ham shu yo‘ldagi qadamlardan biri. Ayrim ota-onalarning qizini olisdagi litsey-kollejga yuborish uchun imkon yoki xohishi bo‘lmagani ma’lum. Boz ustiga, ayrim hududlarda «9 yillik maktabni bitirgan qizni turmushga uzatish mumkin» degan yanglish qarash shakllangan, ya’ni qizlar uchun turmush qurish yoshi pasayib qolgandek edi. 11 yillik tizimga qaytilishi bilan, nazarimda, qizlar ta’limiga e’tibor kuchayadi.
Ammo asosiy masala boshqa. Qizlar o‘rta maktabni bitirdi degani murod hosil bo‘ldi degani emas-da! Biz endi qizlarimizning oliy ta’lim olishini rag‘batlantirishimiz kerak. Buning uchun ilmu ma’rifatning ahamiyatini keng targ‘ib qilish, yangi universitetlar ochish, bilim olish imkonini kengaytirish talab etiladi. Demak, xotin-qizlarimizning ijtimoiy maqomini ko‘tarish uchun bugun birinchi galda oliy ta’limga e’tibor qaratish kerak. Bilimsiz ayol yaratuvchi, olg‘a boshlovchi, kelajak avlodni tarbiyalovchi bo‘la olmaydi, arzon ishchi kuchidan boshqaga yaramaydi.
Ko‘pchilik «Hozir aksar oliy ma’lumotlilarga ham ish yo‘q-ku?» deb e’tiroz bildirishi mumkin. Ehtimol, ish darrov topilmas. Ammo har ne bo‘lganda ham, oliy ma’lumotli insonning dunyoqarashi va imkoniyat doirasi kengayadi. U vaqti kelganda o‘zi ish o‘rni yaratadi.
Oliy ma’lumotli ayol farzandini munosib tarbiyalaydi. Hayot sinovlarga to‘la, ayol turmushdan ajrashi, beva qolishi, taqdirning turfa zarbalariga duchor bo‘lishi mumkin, ana shunday vaziyatlarda hunariyu ilmi joniga ora kiradi.
Xotin-qizlarni oliy ta’limga jalb etish davlatning ijtimoiy yukini yengillashtiradi. Negaki, bilimli ayol ijtimoiy to‘lovlarga ko‘z tikib o‘tirmaydi, farzandlari unib-o‘sishi uchun bor kuchi bilan mustaqil harakat qiladi.
Pul topish dardida BAA, Turkiya kabi davlatlarga ketayotgan ayollarimiz orasida oliy ma’lumotlilar bormikan?.. Xo‘sh, ular nega bu ahvolga tushmoqda? Ma’lumoti yo‘qligi uchun jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmagani sabab! Ishoning, to‘rt yil akademik ta’lim olgan odam baribir muammolarini o‘zi hal qilishga intiladi, og‘irligini davlatga colmaydi.
Jamiyat taraqqiy etsa, mamlakat boy bo‘lsa va qizlarga munosib ta’lim berilsa, oilada qiz farzand, jamiyatda esa ayollarning kamsitilishi barham topadi.
– Yetakchi ayollar muammosiga faqat ta’limni sabab qilib ko‘rsatish to‘g‘rimikan? Balki bugungi rahbarlarning ish sharoitini ham o‘rganish kerakdir? Me’yorga solinmagan ish kuni, zalvorli yuklamalar, ruhiy zo‘riqishlar... Harqalay, erkakning uyida bir kosa osh-ovqat tutadigan, farzandlarini yuvib-tarab o‘tiradigan rafiqasi bo‘ladi. Ayol rahbar esa qo‘sh aravani tortishi kerak...
– Albatta, rahbar lavozimlarda xotin-qizlarning kamligi davlat xizmati shart-sharoiti bilan ham bog‘liq. Afsuski, mamlakatimizda hali ham davlat xizmati to‘g‘risida qonun qabul qilinmadi. Hanuzga qadar ayrim davlat idoralari xizmatchilarining yarim kechagacha ishlashi kuzatilmoqda. Davlat xizmati sohasida kutilayotgan islohotlar amalga oshib, sho‘ro davridan qolgan eskicha ishlash uslubidan voz kechilsa, rahbarlikni shaxsiy hayot bilan uyqash olib borish imkoni tug‘iladi, mas’ul lavozimlarda ishlash istagidagi ayollar safi ham kengayadi.
Rahbarlikka kadrlarni ochiq tanlov asosida qabul qilish amaliyotiga to‘liq o‘tish – zamon talabidir. Kadrlar hozirgidek ma’lumotnoma va tavsiyanoma asosida tanlanadigan bo‘lsa, xotin-qizlar nomzodi chetga surilishi mumkin. Qog‘ozda nomzodning kasbiy malakasi to‘liq namoyon bo‘lmaydi, axir. Aksincha, o‘sha hujjatlarda ko‘pincha nomzodning tug‘ilgan joyi, qarindoshlari kabi mahalliychilik va qarindosh-urug‘chilikka yo‘l ochib beradigan ma’lumotlar aks etadi.
Jamiyat xotin-qizlarga doir muammolarni har tomonlama tahlil-taftish etib, taraqqiyot darajasini o‘lchab borishi kerak.
– Bugun davlat idoralari mushkul ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ko‘mak berish, oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasida ancha samarali faoliyat olib borayotir. Sizningcha, xotin-qizlarga davlatdan yana qanday ko‘mak va qo‘llov kerak?
– Davlat ayollarga og‘ir pallada yelka tutishi lozim. Men bu o‘rinda faqat bir martalik yordam yoki kamtarona ijtimoiy to‘lovlarni nazarda tutayotganim yo‘q. To‘g‘ri, davlatning barcha ijtimoiy muammolarni hal qilishi amrimahol. Ammo u nodavlat tashkilotlarni ko‘paytirish orqali yordamga muhtoj qatlam hamda o‘zining og‘irini yengil qilishi mumkin.
Yurtimizda mushkul ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatuvchi markaz – «shelter»lar u qadar ko‘p emas. O‘tgan asrning 90-yillarida Buxoro va Samarqandda ochilgan ko‘mak muassasalari hamon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, ammo ular sanoqli. Shelterlarning birinchi sharti – anonimlik. Ya’ni ushbu muassasalar xavfsizlik nuqtai nazaridan manzilini har kimga oshkor qilmasligi, ayni choqda, murojaat qiluvchilarning ham shaxsi sir tutilishi lozim. Davlat shelterlar tashkil qilsa, anonimlikni saqlash imkonsiz bo‘lib qoladi. Shu sababli bu ishni mutaraqqiy dunyodagi kabi nodavlat-notijorat tashkilotlarga topshirish maqsadga muvofiqdir.
Biz nega xotin-qizlar masalasida bunchalik kuyib-yonamiz? Chunki bir ayol ortida uning bolalari, turmush o‘rtog‘i, ota-onasi – o‘nlab insonlar taqdiri turadi. Shu bois ham rivojlangan davlatlarda ijtimoiy xizmat xodimlari birgina ayolning emas, balki butun oila muammosini tadqiq etadi va ularga ko‘mak beradi.
– Ijtimoiy soha vakillarining mas’uliyati zalvorli ekani ma’lum. Ammo bu tizimning muammolari ham oz emas-da. Dangal aytsak, bugun yurtimizda ijtimoiy soha jiddiy oqsayotir. Sizningcha, buning sababi nimayu chorasi qayerda?
– Amaldagi ijtimoiy himoya tizimi boqimandalik kayfiyatini rag‘batlantiradi. Deylik, boshiga tashvish tushgan yurtdoshimiz muammosini xalq qabulxonasi yoki portalga yozib hal qilib oladi. Keyingi safar yana o‘sha usulga murojaat qiladi, chunki u samara beryapti-da. Asta-sekin boshqalar ham unga ergashadi. Afsuski, bitta-bitta hal qilish bilan muammolarning oxiriga yetib bo‘lmaydi. Bu o‘rinda tizimli yondashuv zarurligini ta’kidlash lozim. Jumladan, nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz qariyalar, yetimlar, ehtiyojmand va oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari bilan ishlashda muammoning ildiziga qadar yetish talab etiladi.
Yaqinda bir xushxabar o‘qib qoldim, mamlakatimizda ijtimoiy himoya bo‘yicha yagona davlat organi tashkil etilar ekan. Davlat sohadagi muammolarni hal qilishga jiddiy kirishgani rost bo‘lsin, deymiz.
Rivojlangan davlatlarda ijtimoiy xizmat xodimi qiyin ahvolga tushib qolgan kishining uyiga keladi, turmush sharoitini o‘rganadi, psixologik test va so‘rovnoma o‘tkazadi. Yig‘ilgan ma’lumotlar asosida o‘sha oilaga yordam ko‘rsatish rejasi tuziladi, shu tariqa muammo butkul hal bo‘lgunga qadar ishlanadi.
Xo‘sh, bizda ahvol qanday? Deylik, oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol «shelter»ga murojaat qildi. Unga bir-ikki kun boshpana beriladi, «yaralari bog‘lanadi», asabi bir oz tinchlantiriladi va... yana oilasi bag‘riga – muammolar o‘chog‘iga qaytarib yuboriladi. Oqibatda ijtimoiy xizmatdan hafsalasi pir bo‘lgan ayol keyingi safar qaltis choralarga borishi hech gap emas.
Yoki maxsus markazda giyohvandlik bo‘yicha davolanib chiqqan bemorni oling. Muolaja uchun g‘aznadan kattagina mablag‘ sarflanadi. Ammo u davolanib chiqqach, unutib yuboriladi. Tayinli ishi bormi, oilasi tinchmi – bu masalalar e’tibordan chetda qoladi. Oqibatda u yana o‘sha noma’qul ishga qo‘l uradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, maxsus markazda davolanib chiqqanlarning 50 foizi o‘sha yerga qaytib boradi. Bunday yuzaki yondashuv ham mablag‘ni havoga sovurish, ham yaraning gazaklashiga olib keladi. Sirasini aytganda, biz isitmani tushirish bilan cheklanmay, dardning o‘zini davolashni o‘rganishimiz kerak.
Ijtimoiy xizmatni shunchaki majburiyat deb bilish ham to‘g‘ri emas. Masalan, yolg‘iz qariya ijtimoiy yordamga muhtoj, unga faqat nafaqa berish bilan ish bitmaydi. Qariyani kimdir parvarishlashi, hech bo‘lmasa haftada ikki marta uyiga borib yumushlariga ko‘maklashmog‘i, kunda bir mahal bo‘lsa ham unga issiq ovqat yetkazib berishi kerak. U ertaga vafot etsa, kvartirasi yoki uyi, qonunga ko‘ra, davlat hisobiga o‘tadi. Shunday ekan, qariya to‘laqonli ijtimoiy himoyaga olinishi adolat talabidir.
Demak, ijtimoiy sohaning ish uslubi isloh etilsa, yopiq halqa, labirintdan chiqish mumkin bo‘ladi.
– Ziyoli ahlini o‘ylantirib kelayotgan yana bir masala – yurtimizda til mavzusi turli fitna va siyosiy maqsadlar uchun qurolga aylanib qolayotgandek. Sizningcha, qutblanishlarga barham berish, tillararo murosaga erishish yo‘li nimada?
– Mamlakatimizdagi til siyosatini liberal deb hisoblayman. Rus tilining maqom-martabasi ham joyida. Toshkentda maktab o‘quvchilarining 49 foizi shu tilda tahsil ko‘radi. Ya’ni rus tili O‘zbekistonda rasmiy maqomsiz ham emin-erkin nafas olmoqda. Aslida muammoga duch kelayotgan til – o‘zbek tili!
«Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilingandan bir necha yil o‘tib lotin yozuviga o‘tish rejalashtirildi. Bu strategik jihatdan to‘g‘ri qaror edi, ammo uni amalga oshirish mushkul bo‘lib chiqdi. Katta miqdordagi kitob fondlarini lotin alifbosida chop etish masalasi naqadar murakkab ekanini endi-endi anglayotirmiz. Oqibatda, rus tili ko‘proq ma’lumot va bilim olish vositasiga aylandi.
Keyingi yillarda o‘zbek tilida ilmiy ish yozish go‘yo urfdan qoldi. Gumanitar fanlarda-ku ahvol bir navi, ammo tabiiy fanlar tadqiqotchilari ilmiy ishni avval rus tilida yozib, keyin imkon bo‘lsa o‘zbek tiliga tarjima qildirmoqda. Tarjima tili o‘ta chuchmal ekani – alohida masala.
Qonun qabul qilish bilan ish bitmaydi. Til, alifbo singari millat kelajagiga daxldor jiddiy masalalarda, albatta, mablag‘ muammosini avvaldan hal qilib qo‘yish kerak. Bizning birinchi xatomiz shu edi. Qonun chiqdi-ku, deya o‘zimizga taskin-tasalli bera olmaymiz. Muhimi – qabul qilingan qarorni oxirigacha ijro etish.
O‘zbek tili ravnaq topsin desak, davlat tili hamda lotin yozuviga o‘tish haqidagi qonunlarni to‘liq amalga tatbiq etmog‘imiz darkor. Bu nafaqat millat savodxonligi, mamlakat yalpi taraqqiyoti uchun ham muhim.
Yana bir gap. Hozir rus tilida ta’lim olganlarning oliy o‘quv muassasalarida tekin o‘qish imkoni kengroq. Masalan, Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Novosibirsk universitetlari yoki Qozog‘iston oliy ta’lim dargohlari grantlar taklif etmoqda. Qolaversa, yurtimizda oliy ta’lim tizimi korrupsiya balosidan butkul xalos bo‘lmas ekan, rus tilida ta’lim olishga ishtiyoq kuchayib boraveradi.
Boya Toshkentda ko‘p sonli bolalar rus tilida ta’lim olayotganini ta’kidladik. Ammo viloyatlarda vaziyat boshqa. Demak, yaqin kelajakda yana bir muammoga ro‘baro‘ bo‘lsak ajab emas: o‘n yildan keyin nafaqat kirill va lotinda o‘qiganlar, balki o‘zbek va rus tilida ta’lim olganlar o‘rtasida keskin tafovut yuzaga kelishi mumkin.
Ona tilining maqomini yuksaltirish uchun avvalo ta’lim tizimidagi muammolarni hal qilish lozim. O‘zbek tilida ta’lim olish imkoni kengaysa, albatta, uni o‘rganishga ishtiyoq ham kuchayadi. Bugungi shiddatli davr «Najot – maorifda» deya bong urgan jadid bobolarimiz naqadar haq ekanini yana bir karra tasdiqlamoqda. Bobolardan ulgi olib, ta’limni yuksaltirish uchun tabiiy resurslar eksporti orqali tushayotgan mablag‘dan «Bizning kelajak» degan jamg‘arma tashkil qilish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, o‘zbek tilini hartomonlama rivojlantirish, jumladan, lug‘atlar tayyorlash, o‘zbek tilini norma ijodkorligiga faol joriy etish, tilimizni akademik miqyosda keng qo‘llashga o‘tish lozim.
Til masalasining siyosiylashib borayotgani bor gap. Ammo har qanday holatda davlat mustaqilligi til mustaqilligi ekanini unutmaslik kerak.
Aslida, til inqirozi mafkuraviy inqiroz alomatidir. Yuzaga kelgan shu xil tanglikni bartaraf etishda jadid bobolarimiz merosidan foydalanmoq darkor. Jadidlar mafkurasi qadriyatlar mafkurasi edi, shu sabab bir asr o‘tsa-da, ahamiyatini yo‘qotmadi. 1990-yillar oxiri – 2000-yillar boshida jadid ma’rifatparvarlarining kitoblari ko‘p nashr qilingani ma’lum. Ammo keyingi yillarda ularga e’tibor birmuncha susaydi. Jadid harakati ilmiy-badiiy merosini lotin alifbosida chop etish, ularni internetga to‘liq joylash lozim. Ma’rifatparvar bobolarimiz xalqni qoloqlik botqog‘idan qutqarish va ijtimoiy me’yorlarni isloh qilishdek ezgu maqsad yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan edi. Jadidlar mafkurasi ahamiyati milliy libos, pazandalik yoki hunarmandligimizdan kam bo‘lmagan bebaho meros, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zbekligimizning asl mohiyatidir. Yosh avlod bu qimmatli ma’naviy merosni o‘zlashtirmog‘i shart va zarur!
«Tafakkur» jurnali, 2019-yil, 2-son
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter