Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Normurodov

Bolalarni chorlovchi «xavfli nuqtalar». Lazzatning zararidan ogoh bo‘laylik

Bolalarni chorlovchi «xavfli nuqtalar». Lazzatning zararidan ogoh bo‘laylik

Foto: Xabar.uz

Bolalarimiz eng ko‘p yegulik sotib oladigan maktab bufetlari yoki o‘sha atrofdagi savdo rastalaridagi mahsulotlarga hech e’tibor berganmisiz? Rastalar rangli shirin suvlar, suxarilar, qadoqlangan chips, rang-barang so‘rg‘ichu va boshqa shunday sun’iy mahsulotlarga to‘la. Ular ichida yana bir eng xaridorgir yemak bu — qo‘lbola qilib tayyorlangan, ichiga arzon kolbasa yoki sosiska solib, yuziga mayonez va ketchup chaplangan xot-doglar.

Bolajon xalqmiz. Ertalab farzandimiz maktab ketar chog‘i biror yegulik olarsan, deb qo‘liga pul tutqazamiz. Nima olsa-olsinu, tengdoshlari orasida kam bo‘lmasin deymiz, lekin uning qanday mahsulot iste’mol qilishi bilan qiziqmaymiz. Bugun bolalarimiz kunlik iste’mol qilayotgan ba’zi mahsulotlar, hatto sigaretadan ham zararli ekanini bilasizmi?

Bu borada esa ba’zan biz kattalar ham yaxshigina «o‘rnak» bo‘lyapmiz. «Omad shou», «Boriga baraka»da yutuq chiqar ekan deb, uyimizga xaltalab suxarilar, energetiklar va boshqa shunaqa «noz ne’mat»lardan tashiymiz.

Bir safar shunaqa o‘yinlarda yutgan «omadli» bir insondan, yutuq sirini so‘raganimizda, «bu oson bo‘lmadi, minglab suxarilar qadog‘ini ochib ko‘rib, keyin yonimizdagi maktabga yarim narxiga o‘tkazganmiz», degan edi shoudan  «baraka topgan» bir do‘konchi tadbirkor. Maktabga, bolalarga o‘tkazilgan minglab suxarilar...

Aynan o‘sha mahsulotlarning zarari haqida. Suxarilar — gastroenterologlar avvalo bu mahsulotlar iste’moli organizmda gijja va parazitlar ko‘paytirishidan ogohlantiradi. Shu bilan birga, undagi tarkibiy qismlariga allergiyasi yoki ta’sirchanligi bo‘lgan odamlar ushbu mahsulotni iste’mol qilmasliklari kerakligi aytiladi. Shuningdek, oshqozon yarasi, gastrit, kolit va pankreatit kabi oshqozon-ichak kasalliklari bilan og‘rigan odamlarda hazm tizimi muammolarini keltirib chiqarishi va simptomlarni kuchaytirishi mumkin. Tish emaliga zarar yetkazishi ehtimoli yuqori.

Rastalarda suxarilar bilan yondosh turadigan yegulik — chipslar. Bu mahsulotda ham biz bilmagan zararli qo‘shimchalar bisyor bo‘lib, ular asosini un, kraxmal va lazzat kuchaytirgichlar tashkil etadi. Bunday mahsulotlar aralashmasini ko‘p miqdorda iste’mol qilish insonda ortiqcha vazn paydo bo‘lishiga, jigarning buzilishiga, yurak xuruji va aterosklerotik kasalliklarga ham sabab bo‘lar ekan. Bundan tashqari, mahsulot tarkibidagi ba’zi komponentlar hujayra darajasida mutatsiyaga olib kelishi va onkologik kasalliklarga ham sabab bo‘lishi mumkin ekan.

Bolajonlar navbatda turib olib iste’mol qiladigan xot-dog tarkibidagi kolbasalar. Bu mahsulotlar faqat tabiiy go‘shtni o‘z ichiga olsa, foydali deb atash mumkin edi, lekin, ular tarkibida yashirin yog‘lar, hajmni oshiruvchi mahsulotlar, rang beruvchilar va ko‘pgina ishlab chiqaruvchilar qo‘shadigan transgen soya mahsulotlari bor. Bu qo‘shimchalar tarkibidagi moddalar esa allergiya keltirib chiqarishi va ichki sekretsiya bezlarining faoliyatini buzishi isbotlangan. Shu bilan birga xot-dog yuziga chaplanadigan ketchup va mayonezlar — bu mazali qo‘shimchalar ham ma’lum sababga ko‘ra nosog‘lom ovqatlar ro‘yxatida. Ular tarkibidagi kimyoviy qo‘shimchalardan tashqari, ketchup tarkibida diabet, kariyes va oshqozon-ichak kasalliklarini qo‘zg‘atuvchi ko‘p shakar mavjud. Mayonezga kelsak, uning tarkibiy qismlaridan biri — trans yog‘lari bo‘lib, ular ko‘plab salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shunday ekan, avvalo, o‘zimizda xarid, iste’mol madaniyatini shakllantirishimiz, keyin esa jondan aziz farzandlarimizga nima foyda yoki zarar ekanini  tushuntirishimiz zarur. Aks holda, har qadamda ularni chorlovchi «xavfli nuqta»lar bolajonlarimizga zararli mahsulotlarni ulashaveradi.   

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring