Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Bir tomonda hokimiyat, ikkinchi tomonda qonun: qay biri tosh bosarkin?

Bir tomonda hokimiyat, ikkinchi tomonda qonun: qay biri tosh bosarkin?

Foto: «Xabar.uz»

1

Xudoynazar Arziyev oltmish yetti yoshida (!) hibsga olinishini tush ko‘ribdimi? Oylab sudsiz-so‘roqsiz «o‘tirishini»-chi?! Yoshga qaramay «tiqib» qo‘yadigan o‘ta og‘ir jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, koshki?! Bor-yo‘q «aybi» tadbirkorligi ediki, boshiga tushgan sinovlarning chin sababi shu. Otaxon «ichkari»da qanday alpozda o‘tirganini isbotlash qiyin, to‘g‘ri. Chunki shaxsni hibsga olish asoslari kifti keltirilib qo‘yiladi-da hujjatlarda. Biroq tan olaylik: chorak asr tadbirkor-u ishbilarmonlarga yo‘l ke-yeng ekani tinimsiz vaysalganiga qaramay nohaqlig-u qonunsizlikka shu toifa vakillari ko‘p va xo‘p duch kelmadimi? Buning jabrini butun jamiyat tortmayaptimi hozir?!

2

...Xudoynazar ota hibsga olingach, «Falonchiga qancha pora bergansan? Fistonchiga-chi?» mazmunida bir-ikki marta so‘roq qilindi. So‘roqlarning «o‘zgacha usuli»ni sog‘lig‘i ko‘tarmagach, ruhiy bosim kuchaydi. Bundanam naf chiqmagach, oylab bezovta qilishmadi. Qo‘yvorishmadiyam: otaxon yo-yotaverdi. Nihoyat, hibsning yili to‘lib, ma’lum bo‘ladiki, tadbirkorlik faoliyati elakdan o‘tkazilib, ayblovlardan iborat «guldasta» yasalibdi. Hademay «ishi» sudga osharkan...

3

...Xudoynazar Arziyev nimalarda ayblanmadi? Qo‘l ostidagilarni-ku aytmang. Ayblovlar qanday boshlanadi deng: «...(tadbirkorlikka) keng imkoniyatlar yaratilganidan g‘araz maqsadlarda foydalanib»... Uyog‘i ke-yetadi: firibgarlik deysizmi, o‘zganing mulkini o‘zlashtirishmi, hujjatlarni soxtalashtirish-u soliqlardan bo‘yin tovlashmi, hamma-hammasidan bor. Tabiiyki, «jinoiy guruh rahbari» — otaxonning o‘zi: yoshiga qaramay «tiqib» qo‘yilgani e’tiborga olinsa, «guruh» a’zolarining ahvolini tasavvur qilavering...

4

Qahramonimiz bir umr ta’minot sohasida ishlab, rohatini ham, azobini ham obdon totishga ulgurganlardan. Rohatiki, qozoni qantarilmadi; azobiki, mudom qilichning damida o‘tdi kuni. Hozir-ku, biror joyni armonsiz o‘margan kimsa zararni qoplasa, turma yuzini ko‘rmaydi. Ilgari shunday tizim mavjud ediki, arzimagan kamomad (zarar qoplangan bo‘lsayam!) kamida uch-to‘rt yil «ilib» ketishga yetib ortar, kamiga sudlanuvchining mol-mulki musodaraga tushardi. Xudoynazar ota insof bilan ishlagani rostdirki, ne-ne tekshiruv (hozirgiday ruxsat olib kelish qayda?), to‘satdan «bosadigan» reviziyalardan sog‘-omon chiqdi. Keyinchalik, zamonlar evrilib, davlat korxonalarining mulk shakli o‘zgara boshladi. Natijada otaxon ishlayotgan «Qarshi oziq-ovqat korxonasi» ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantildi. «Aksiya», «ulush» haqida u paytlar ko‘plarning tasavvuri yo‘q edi hatto, bori ham bir parcha qog‘oz (aksiya) bilan qorin to‘ymagani uchunmi ularni sotishga tushdi. Otaxon chorak asrdan ko‘p shu dargohda ishlagani, qolaversa, yaxshi kunlar umidida aksiyalarning aksariyatini sotib olib, «Qarshi oziq-ovqat»ning asosiy hissadoriga aylandi.

5

2000-yillar boshlariga kelib, korxonaning davlatga tegishli 30 foiz ulushi ham sotuvga qo‘yildi. Va uni «Xo‘jaquduq» xususiy korxonasi qonuniy tartibda sotib oladi. Shu tariqa «Qarshi oziq-ovqat» aksiyadorlik jamiyatining umri poyoniga yetadi. Chunki, davlat ulushi qolmadi, hammasini xususiy shaxslar qo‘liga o‘tdi. Endi korxonaning egasi ular, nima qilishmasin — ixtiyor o‘zlarida. Qonun taqiqlagan ishga qo‘l urilmasa, bas.

Shu tariqa uch yirik aksiyador — X.Arziyev, N.Xudoyberdiyeva va J.Xayrullayev («Xo‘jaquduq» xususiy korxonasi egasi) birlashib, «Orzu quvonchi» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga asos soldilar.

6

«Orzu quvonchi»!..

MChJning nomiyoq ta’sischilar niyati nechog‘liq nekbin ekanini bildirmayaptimi? Mulkdor bo‘lish orzusida edilar, mana, niyat ijobat bo‘lib turibdi. Bu quvonchga arzigulik sabab emasmi? Korxona Qarshi shahrining qoq markazi — Xonobod ko‘chasida joylashganini ayting. Bu katta qulaylik-ku. Yana bir qulaylikki, «Qarshi oziq-ovqat»dan «Orzu quvonchi»ga meros bino va inshootlar o‘z vaqtida ishlab chiqarishga mo‘ljallab qurilganida edi. Ishlayman, degan odamga yana qanaqa qulaylik kerak? To‘qqiz turdagi bino va inshootlarning raxti-rextini to‘g‘rilab, to‘xtab qolgan ishlar zamonga moslab jildirvorilsa , eh-he, qancha odam rizq terishi mumkin bu joydan?

7

...Ishlar boshlanib, ma’lum bosqichga yetganda Qarshining o‘sha paytdagi hokimi I.Asadovdan kutilmagan taklif tushdi deng. Ya’niki, oqsoqol, yaxna ichimliklar ishlab chiqaraman deyayotganingiz yaxshi, hatto a’lo deyish mumkin, biroq ko‘rib turibsiz, bozorlarga chanqovbosdilar sig‘may ketgan, raqobatga dosh berish qiyin-ov, yaxshisi, shu joyga savdo kompleksi qursangiz-chi, a? Shahardagi bozorning ahvolni ko‘rib turibsiz: it egasini, mushuk bekasini tanimaydi, Qarshiga esa zamonaviy savdo majmuasi judayam kerak, uni siz kabi mulkdorlar qurmasa, mahalliy budjetda ortiqcha pul yo‘q...

Bu 2004-yildagi gap.

8

Taklif yaxshiku-ya, biroq bunga mablag‘ qayda? «Orzu quvonchi»ning ta’sischilari, xususan, Xudoynazar Arziyev borini shu joyni xususiylashtirish-u boshqa chiqim-xarajatlarga chaplab bo‘lgan. Sal ilgariroq «Pepsi-kola» chiqaraman, deb Germaniyadagi bir firma bilan rosa muzokara olib borgandi, unga respublika miqyosidagi idoralar aralashganiga qaramay nihoyasiga yetmadi baribir. Bu jarayonda katta miqdordagi kredit oluvdi, uni yopguncha beli chiqdi... «Siz uddalaysiz, — deydi hokim. — Hujjatlarni tayyorlang, tezda tegishli qaror qo‘lingizda bo‘ladi».

Shu tariqa 2004-yilning 21-sentyabr kuni Qarshi shahar hokimining «Orzu quvonchi» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga Xonobod ko‘chasidagi o‘ziga qarashli ishlab chiqarish bazasidagi mavjud binolarni ta’mirlab-qayta qurib, «Savdo majmuasi»ga aylantirish to‘g‘risida»gi X-625/9-sonli qarori chiqdi...

9

...Qurilish ishlariga qariyb to‘qqiz yil (!) ketdi. Avval birinchi, keyin ikkinchi bosqichi ishga tushdi. Bitta chog‘roq tovuqxona qurishning o‘zi bo‘lmaydi bilganga. Zamonaviy savdo majuasi qurishning mashaqqatu minnatini aytmang. Taklif-tavsiya beruvchi ko‘p, amaliy yordamga kelganda... Yaxshiki, inshootning dastlabki bosqichlari bitib, kimgadir ijaraga, kimgadir sotib olish sharti bilan berilib, ozdir-ko‘pdir pul tusha boshladi. Shu tushumlar madad bo‘lib, nihoyat, 2013-yilning bahorida «Orzu quvonchi» qurgan «Orzu «savdo majmuasi foydalanishga qabul qilindi, mulklarga nisbatan egalik huquqini berish haqida Qarshi shahar hokimining qaror chiqdi ham (07.05.2013 y.X-354/5-son).

Mehnatu zahmatlar tugab, «Orzu quvonchi» ta’sischilari yengil nafas olgandir, dersiz? Hech-da. Aksincha, yetti uxlab tushga kirmagan voqealar shundan keyin boshlandi...

10

...Ungachayam goh oshkora, goh pinhona oyoqdan olishlar bo‘lib turgandi. Ayniqsa, savdo majmuasi ko‘tarilib, ko‘zga tashlana boshlangach, kimlarningdir halovati buzildi chog‘i, qandaydir asoslar ko‘rsatib, tekshiruvchilar paydo bo‘la boshladi. Bu orada jinoyat ishi qo‘zg‘atildi ham. Biroq masala sudgacha yetib bormadi: davlat ulushi bo‘lmagan dargohdan ayb topish qiyin ekan-da. Biroq bu qurilish ishlarining hammasi, shuningdek, dastlabki bosqichdagi foydalanishga topshirilgan do‘konlar bilan bog‘liq masalalar sip-silliq edi, deyish qiyin. Xato-kamchik kimda yo‘q? Ishlamagan odamgina kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligi ayon... Qisqasi, avval imi-jimida bo‘layotgan hujumlar inshoot foydalanishga topshirilgani hamono oshkor tus olib, otaxon oyog‘i yerga tekkizmay tiqib qo‘yildi. Xuddiki «Orzu»ning bitishini kutib turgandek... Qahramonimiz hibsda qanday o‘tirganini aytdik, endi u va boshqalarning «jinoyat»lari haqida gaplashsak...

11

Jinoiy javobgarlikka tortilgan bitta otaxonning o‘zi emasligini yuqorida aytdik-a? Unga qo‘shilib, «Orzu quvonchi»ning hisobchisi-yu nazoratchisi, mazkur MChJ qoshida tashkil etilgan «Charos kamalagi» sho‘’ba korxonasi rahbari, hisobchisi, iqtisodchisi... xullas, o‘nga yaqin insonlar sudning kora kursisiga o‘tqazildi. Ayblovlar? Buniyam yuqorida aytdik, takrori zarar qilmas: o‘zganing (?) mulkini o‘zlashtirish (167-modda), firibgarlik (168-modda), soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan bo‘yin tovlash (184-modda), mansab vakolatini suiiste’mol qilish (205-modda), mansabga sovuqqonlik bilan qarash (207-modda), pora olish (210-modda), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (243-modda)... Yetar-a? Qolgan «qilmish»larini sanash shartmi? Ularning har biriga alohida-alohida to‘xtalish-chi? Bunga imkoniyat qayda? Voqealarning rivoji tahlilini qo‘ying, quruq bayonning o‘ziga bir necha o‘nlab sahifa ketadi. Yaxshisi, adoqsiz sud majlislarini kuzataylik, ular ko‘p narsalarda belgi beradi...

12

2014-yilning 26-sentyabr kuni X.Arziyev va boshqalarning «ishi» jinoyat ishlari bo‘yicha (JIB) Qashqadaryo viloyat sudining birinchi bosqichida ko‘rilib (sudya S.Ro‘ziyev), hukm chiqarildi. Hukmning bir jihatigina e’tiborli: Xudoynazar Arziyev qamoqdan ozod etildi. Oqlanibmi? Yo‘g‘-a, amnistiya aktiga asosan. Amnistiya tushgan sudlanuvchining maqomi shundayki, ozodlikka chiqarilgani aybsiz ekaningni anglatmaydi, aybdorsan, qilmishingni davlat kechirdi, xolos. Tergov paytidayoq hibsga olingan ayrim sudlanuvchilarga ham shu tariqa ozodlik ravo ko‘rilgan bo‘lsa, ochiqdagi ba’zilari... sud zalidan qamoqqa olindi. Eng yomoni, «Orzu» savdo majmuasi jinoyat predmeti deb topilib, to‘lig‘icha davlat egaligiga o‘tkazildi.

Og‘iz oshga yetganda burun qonatish shu bo‘ladi.

13

Buncha ayblovlar qaydan va qanday paydo bo‘ldi? Ularning o‘zagi nimada? Bu savollarga qisqa va lo‘nda javob berish mumkin: bozor bilan savdo majmuasining farqiga bormaslik-da. Shuginani tergov yoki sud organi bilmaydi? Bilganda qandoq. Biroq otaxon eldan burun qamoqqa olinib, qaysidir mansabdorga pora bergan-bermaganini «fosh qilishga» qilingan harakatlar zoye ketdi, shu-uncha ovoragarchilikni nimadir bilan yopish kerakmi? Ikkinchidan, mahalliy budjet chok-chokidan so‘kilib, tushumdan baraka uchib yotganda bitta boboy savdo majmuasi qurib, yaqin kelajakda falonchiboyga aylansinmi? Savdo majmuasi hokim qaroriga asosan qurildi, boz xususiy, unda davlat ulushi yo‘q? Nima qipti? Hammasiga ko‘zni chirt yumish qiyin ekanmi? Oson, oson... Yo‘qsa, shu choqqacha Qarshida hech kim qilmagan ishni ming mashaqqat bilan amalga oshirgan «Orzu quvonchi»ning rahbar-u ishchilariga yetti pushti Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatilarmidi?!

Shu bilan hammasi tamommi? Birovning bir umr yiqqan-tergani evaziga barpo etilgan majmua, egalari abgor etilgan etilib, mahalliy hokimiyatga o‘tib ketaveradimi?

14

Hukmga nisbatan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi kiritgan protest ko‘ngilda umid uchqunlantirgani bor gap. Protestga asosan hukm bekor qilingani esa umidni bir qadar quvvatlantirdi ham. Biroq natija baribir «alixo‘ja — xo‘jaali» shaklida yakun topaverdi-da. Mazkur jinoiy ish viloyatning o‘zida ikki bor «sindi», O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida bir karra abjag‘i chiqarilib, Qashqadaryoga yuborildiki, baraka topkurlar, sal u yoq-bu yoqqa qaranglar-da, oqsoqolni-ku aybi bor-yo‘qligi xususida tuzukroq bosh qotirmabsan, bunga chidash mumkindir balki, biroq davlat ulushi bo‘lmagan majmuani davlat egaligiga o‘tkazishga muncha shoshdilaring? Ustiga-ustak, xususiy shakldagi korxona egasini o‘zlashtirish-u firibgarlikda ayblash nimasi? Odam degan o‘z mulkini o‘zlashtirgani uchun javobgarlikka tortiladimi? Xullas, savol ko‘p, boshqatdan, jiddiyroq ko‘ringlar-yey «ish»ni...

15

...Shunday qilib, 2013-yilda boshlangan «sud poyga»si 2018-yilga ham yetib keldi. O‘tgan yilning ayni yoz chillasida JIB Qashqadaryo viloyat sudi X.Arziyev va boshqalarning «ishi»ni yana ko‘rib chiqdi. Ta’kidlash shart, unda jinoyat ishi «xas-xashaklar»dan (ta’bir joiz bo‘lsa, albatta) yaxshigina tozalandi. Ya’ni, oqsoqol gardaniga ilingan o‘nta epizod (!) olib tashlandi, qolgan-qutgani o‘rab-chirmab amnistiyaga «tushirildi». Boshqa sudlanuvchilar zimmasidagi qator ayblar ham bekor qilindi, «ichkari»da qolib ketganlari esa ozodlikka chiqdi.

Darvoqe, jinoyat ishini birinchi bosqich sudida ko‘rgan sudya hukm chiqarishda rostdanam u yoq-bu yoqqa qaramagan, chog‘i. Nega desangiz, ilk sudda ochiqda yurgan uchta sudlanuvchini «...bular jinoiy faoliyatini davom ettirishi mumkin», degan asos bilan qamoqqa tiqib, keyin bir necha yilga «kesvorgandi». Keyinchalik, o‘shalardan biri — Vahob Otaniyozov («Charos kamalagi» sho‘’ba korxonasi rahbari)ning aybi «javobgarlikka tortish muddati o‘tgan» degan asos bilan bekor qilinib, qamoqdan ozod etiladi (bungacha ikki yarim yil «o‘tirdi» sho‘rlik). R. Bashirov esa tamoman oqlanadi...

Albatta, avvalgi sud hukmlariga qaraganda JIB Qashqadaryo viloyat sudining oxirgi ajrimining ko‘p qirralari e’tirofga loyiq. Shunga qaramay haqiqat qaror topdi, deyishga til bormaydi. Nega?

16

Sudlanuvchilarga jazo tayinlashda ancha xolislikka intilgan viloyat sudi sudyasi A.Jalilov raisligida sud hay’ati «Orzu» savdo majmuasi taqdirini hal qilishga kelganda toza ikkilangan ko‘rinadi. Majmuani mahalliy hokimiyat egaligida qoldirib bo‘lmaydi. Chunki, buni qonun ko‘tarmayapti. Haqiqiy sohibi — «Orzu quvonchi» MChJga qaytarishga esa imkon bor-u iloj yo‘qdek... Vaziyat shudayki, bir tomonda hokimiyat, ikkinchi tomonda qonun!

Sud nima qildi?

Sud hukmning «Orzu» savdo majmuasini jinoyat predmeti deb topib, davlat egaligiga o‘tkazish qismini bekor qildi. So‘ng... jinoyat sudiga yarashmagan («vakolatidan chetga chiqib» degimiz kelmadi) to‘xtamlarga keladiki, rosti, bunaqasi amaliyotda kam uchrasa kerak.

Ajrimga qarang:

«Orzu» savdo majmuasi ilgari bozor shaklida faoliyat ko‘rsatgan tashkilot deb e’tirof etilsin.

«Orzu» savdo majmuasi ustav fondi qaytadan takil etilsin.

«Orzu» savdo majmuasining majburiy tartibda ustav fondidagi ulushi 51 foizi mahalliy hokimiyat, ya’ni Qarshi shahar hokimligiga berilsin

17

Ajrimni o‘qib, angrayib qolgan bo‘lsangiz kerak. Bu jinoyat sudi ajrimimi yoki birorta korxonaning umumiy yig‘ilishi qarorimi? Jinoyat sudi tayyor «delo»ni ko‘rib, saragini sarakka, puchagini puchakka chiqarib, oqlov yoki ayblov hukmi chiqaradi, odatda. Illo, mahalliy hokimiyat yoki xususiy korxonaning ichki ishlariga aralashib, ustav fondini qanday shakllantirish lozim-u undan kimga qancha ulush ajratish kerakligini belgilab beruvchi tashkilot emas. Bu kabi masalalar iqtisodiy yoki fuqarolik sudida ko‘rilsayam bir navi. Ammo bunaqa to‘xtam, juda yumshoq aytganda, jinoyat sudiga yarashmas ekan...

Hokimiyatni rozi qilish uchun qonunga ters qarash sudga qachon obro‘ keltirgan?

18

Kechikibroq bo‘lsayam sud savdo majmuasini hokimyat va tadbirkor o‘rtasida teng taqsim qilibdi-ku, deysizmi? Rost aytasiz, biroq haqiqat chala bo‘lganmi? Ikkinchidan, birinchi instansiya sudi hukmi chiqqani hamono shahar hokimi qarori bilan «Orzu» majmuasi tag-tomiri bilan «Oqtepa savdo fayz» degan MChJga berib bo‘lingan. Bir necha yilki, birovning mashaqqatiga barpo etilgan majmuada boshqa birovlar gurillab ishlamoqda. O‘sha vallomatlar majmuaga haqiqiy egalarini yaqinlashtirmoqchi emas. O‘z mulkiga nisbatan egalik huquqi qisman tiklanganiga qaramay. Bu jarayonda hatto Majburiy byuro xodimlarining ham qo‘li kaltalik qilayotgandek, go‘yo. Masalaga esa hali qonuniy nuqta qo‘yilgani yo‘q. Xullas, bir tomonda hokimiyat, ikkinchi tomonda qonun: endiyam qay biri tosh bosarkin?

Bu savol javobini Oliy suddan kutamiz...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring