Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Mullado‘stning gapi to‘g‘rimi?

Mullado‘stning gapi to‘g‘rimi?

Foto:«Abekov.com»

 «...Qozi kalon, sizlar nimaiki qilmang -  hammasi shariatga to‘g‘ri kelaveradi-ya?..»

Ta’na-iztehzo va  alamga to‘la bu gapni  Mullado‘st («Maysaraning ishi») aytganmidi? Topib aytilgan gap-da, sirasi! Shu asar yozilganigayam yuz yilcha bo‘ldi-yov. O‘tgan vaqt davomida zamonlar necha evrilib, tuzumlar qancha o‘zgarmadi, illo qozilarning xolisligiyu halolligi kun tartibidan tushganicha yo‘q... Oshirvordikmi?  Qaydam. Besh barmoq barobarmas, to‘g‘ri: halollikka yopishib olgan sud tizimi fidoiylariga dunyoning bor yaxshiligi bo‘lsin!  Biroq inkor etib bo‘lmas manzara shuki, sudlar faoliyatidan norozilar oz emas. Yo bundan tonamizmi? Tonaveramizmi? Mullado‘stning gapi bejiz nash’a qilayotgani yo‘q: qilarini qilib qo‘ygan qoziyam (sudya)  chiqargan qarorini  «qonuniy, asosli va adolatli», deb turaveradi va bunga hamma laqqa tushishi kerakday go‘yo!

...Fuqarolik ishlari bo‘yicha (FIB) Uchtepa tumanlararo sudida 2013 va 2018-yilning aynan  bitta sanasida (7may!)  ikkita hal qiluv qarori chiqarilgan ekan. Mohiyatan bir-biriga yaqin bo‘lgan da’volar yuzasidan chiqarilgan bu sud aktlarining oqibati ham bir xil: har ikki qaror natijasida ikkita xonadon  (nainki ikkita?!) tom ma’noda xonavayron  bo‘layozdi...

Avvaliga 2013-yilning 7-maydagi sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarori bilan tanishsak.  ...Nozimxon Musatayev «Nozimxon madad hamkor» MChJ ochib, ishga tushgandi. Orada nima jin urdi-yu ulgurji savdodan tushgan pullarni  kirim qilmaslikka o‘tdi. Banklardagi naqd pul bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lgan bunga? Ehtimol. Biroq bunaqa  «kasal»ni istimasi qachon oshkor qilmagan?! Xullas, vaqti-soati yetib, hammasi qalqib chiqadi:  kirim qilinmagan pullarning umumiy miqdori 7.739 067.000 so‘m (!) ekan... Haqli  ravishda javobgarlikka tortildi. Hozir gap jinoyat sudining hukmi haqida  emas. Gap shu mash-mashaga bevosita bog‘liq  keyingi jarayon – fuqarolik sudining  sirtdan chiqargan hal qiluv qaror  xususida.

Hal qiluv qarori sirtdan chiqarilganining o‘zi sud majlisida N.Musatayev ishtirok etmaganini  ko‘rsatib turibdi. Sud  Zangiota tuman Davlat soliq ispeksiyasining  N.Musatayev ham ta’sischi, ham rahbari bo‘lgan «Nozimxon madad hamkor» MChJdan boqimanda soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish haqidagi da’vosini qanotlantiradi. Rost, davlat bilan hazillashib bo‘lmaydi: soliq va majburiy to‘lovlar to‘lanishi shart! To‘lamayam ko‘r-chi?! Biroq hammasi qonun doirasida bo‘lishi kerak-da, akasi ko‘zidan?! Da’voni u yoq-bu yog‘iga qaramay qanoatlantirishi natijasida  javobgarning bo‘yniga 7.739.067.000 so‘m qarz, 1.547.813.580 so‘m davlat boji  «ilindi». Javobgar esa bu balodan to‘rt (!) yil o‘tib, qachonki Majburiy byuro ijrosi xodimi tagidagi avtoulov ( «Matiz»)ni «tortib» qo‘yganidagina xabar topdi! Sirtdan hal qiluv qarori chiqarilar ekan, go‘yoki  bir necha bor chaqirilganiga qaramay tomonlardan kimdir  kelmaganini asoslab-tekislab qo‘yish sud xodimlari uchun muammo emas. Shu sabab  masalaning ayni shu nuqtasi ustida bahslashishning foydasi yo‘q.  Biroq sud qarorini o‘z vaqtida tomonlarga jo‘natish va shu orqali holatdan boxabar etishda sudga beriladigan savollar ko‘p  amaliyotda. Keling, shu haqdayam bahslashishdan tiyilib,  asosiy gapga o‘taqolaylik.

 Odamni tiriklayin go‘rga tiqadigan buncha  summa qanday paydo bo‘ldi?

 Sud MChJ g‘aznasiga kirim qilinmagan summa miqdoridan qancha soliq va majburiy to‘lovlar  to‘lanishini hisoblab chiqib, shunga qarab bir to‘xtamga kelmayoq o‘sha pulni  boricha undirib qo‘yaqolibdi?!  Qonun talabi rostanam shunaqami?

O‘zbekiston Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy  makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida»gi  qaroriga (PQ-1245) muvofiq 2010- yil 1-yanvardan  ulgurji savdo korxonalari uchun o‘tkazilgan operatsiyalardan tushadigan tushum summasining 5 foizi  miqdorida yagona soliq to‘lovi bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘lash nazarda tutilgan. Bundan  MChJ  o‘sha 7.739.067.000 so‘mdan  besh foiz miqdorida  tegishli soliq  to‘lovni amalga oshirishi kerakligi kelib chiqyaptimi? Balli. Buning miqdori qancha bo‘ldi?  386.953.350 so‘m: (7.739.067.000x5%)!  Bu sud fuqaro bo‘yniga  7.352.113 650 (yetti miliard uch yuz ellik ikki millon bir yuz o‘n uch ming olti yuz ellik) so‘m ortiqcha  qarz ilib qo‘yganini anglatadi-a: (7.739.067.000 - 386.953.350= 7.352.113 650!)?

Sirtdan chiqarilgan hal qiluv qaroridagi  bunday dahshatli raqamlarni texnik  yoki  ochiq ko‘rinib turgan arifmetik xatomi? Yo‘q-da, yo‘q..

 Bu hali hammasi emas. Astronomik  qarzdorlik  o‘z-o‘zidan  tog‘dek davlat boji undirilishiga ham olib keldi.  Ajablanarlisiki, sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarorining  asoslantiruvchi qismida boj miqdori 66.169.800 so‘m,  xulosa qismida esa 1.547.813.580 so‘m  deya qayd etiladi?!  Bu miqdorlar  qanday hisoblab chiqarilgan – sud qarorida na  izoh bor, na asos...

Aslida-chi?                                   

Da’vo qanoatlantirilgan taqdirda ham hukumatning «Davlat boji stavkalari to‘g‘risidagi» qarori (1994-yil, 3- noyabr,553-son) bilan tasdiqlangan davlat boji stavkalariga ko‘ra (1-qism,  «a» bandi - o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan),  boj haqiqiy qarzdorlikning (386.953.350) ikki foizi miqdorida undiriladi va bu miqdor 7.739.067 so‘mni tashkil etadi (386.953.350x2%=7.739.067).

Qilmishi uchun jinoiy javobgarlikka tortilib, burniga suv kirgan bir odamni  keragidan ortiq darajada xonavayron etilayotganini tasavvur qilyapsizmi?

Albatta, shu ko‘rguliklar oqibatida  ro‘zg‘oridan ham, salomatligidan ham baraka ketib, tanga sanab qolish darajasiga tushgan N.Musatayev qarab turgani yo‘q. Sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni boshqatdan ko‘rishini so‘rab avval FIB Uchtepa tuman sudi raisi M.Imomovga  ariza  berdi.  Sud raisi arizasini rad  qildi. Keyin fuqarolik ishlari bo‘yicha  Toshkent shahar sudi, hatto Oliy sud ham. Sudlarning hamma bosqichidan kelgan javoblar mazmuni bir xil: shikoyat qilish muddatini o‘tkazib yuborgansiz, arizalaringizda hal qiluv qarori  mazmuniga ta’sir ko‘rsatuvchi dalillar yo‘q!  Rad qilishga asos shu ikkita gap. Shunga qaramay sudning birorta bosqichi astronomik summadagi qarzdorlik qanday paydo bo‘lganini asoslab bermaydiyam-da. Holbuki, yuqoridagi oddiy arifmetik hisob-kitoblarning o‘ziyoq sud qarori mazmuniga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan holat emasmi?  Shu va shu kabi savollar ochiq qolib kelayotgan ekan, Mullado‘stning gapini takror va takror yodga tushaveradi-da: “...sizlar nimaiki qilmang,  shariat... yo‘q, qonunga to‘g‘ri kelaveradi-ya?”.

Aslida-ku,  o‘tib ketgan da’vo yoki ariza muddatini tiklash, tegishli miqdorda davlat boji undirish yoki (bojni) to‘lashni kechiktirib turish masalalari fuqarolik sudlarida nechog‘li hal etilayotganining o‘zi alohida mavzu. Bu qonundan ko‘ra ko‘proq sudyaning xohishiga bog‘liqday ko‘rinadi: istasa –  rad etadi,  istamasa – yo‘q. Va eng qizig‘i, unisigayam, bunisigayam qonunga asos topaveradi-ya... Mana, ko‘rdik, N.Musatayev sirtdan chiqarilgan hal qiluv qaroriga nisbatan ariza berdi: qarorni bekor qilib, ishni boshqatdan ko‘ring, deb. Ariza rad etildi: muddati o‘tgan, toshingni ter! Erta-bir kun, yuqori bosqichdagi birorta sudya  shu o‘tgan muddatni uzrli deb topib, hal qiluv qarorini bekor qilsa, ishoning, bundan ko‘pchilik ajablanmaydi. Faqat Mullado‘stning gapini yana bir bor eslashi mumkin, xolos:  «...sudlar nima qilmasin, qonunga to‘g‘ri kelaveradi-de,okasi...».

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida yana bir hal qiluv qarori chiqqan (sud raisi M. Imomov). Bu qaror ham 7 may kuni qabul qilingan. Shu yil. Mazkur fuqarolik ishi mushtariylarga bir qadar tanish, olti oy burun qisman yoritilgandi saytimizda.  O‘tgan safar mavzuga qaytishimiz eslatilgani, qolaversa, N. Musatayev «ishi»ga taqqoslash imkoniyati yuzaga kelgani sabab  shu haqda yana so‘z ochsak, birov bizni aybsitmas.

...Bir qarashda manzara risoladagidek: A.Gaipnazarov degan fuqaro A.Smirnov va I.Xaytov degan tanishlarini sudga beryapti: «bular mendan juda katta miqdorda qarz, qarzniyam, unga qo‘shib foizi-yu ma’naviy zararniyam undirib bering!». Da’vogar qo‘lida na asos bor, na inkor etib bo‘lmas dalil. Kamiga da’vo muddati ham o‘tib ketgan deng. Ustiga ustak, da’vo qilayotgan summa otning kallasidan kattaki, undan to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat boji miqdori oddiy o‘qituvchining uch yillik (!) maoshidan ko‘p. Shunga qaramay da’vorgarning boj to‘lash siyoqi yo‘q. Sud raisi nima qildi? Da’vo arizani muammosiz ish yurituvga oldi (shuning o‘zi da’vo muddati hatto muhokama etilmay tiklanganini anglatadi). Qanday asos topmasin, «qonunga to‘g‘ri» kelaveradi-da.  Kamiga davlat bojini to‘lashni kechiktirib turish haqida ajrim chiqardi. «Ibi, qanday qilib?». A.Gaipnazarov o‘zining “kam ta’minlangan oila”dan  ekani haqidagi mahalla fuqarolar yig‘inidan keltirgan qog‘ozni  asos qilib. Shu tariqa eson-omon sud protsessini boshlab  yuborgandiki, kutilmaganda muammo chiqsami? Mahalladan keltirilgan hujjat soxta ekan: da’vogar kambag‘al-pambag‘al emas, «Kaptiva»ni uchirib yurgan boyvachcha bo‘lib chiqdi-ku?! Bu yoqda javobgar qistalang qilishni qilishni boshladi: «Qozi buva, da’vogarning qimmatbaho mashinasiga «arest» soling, bizning ham unga nisbatan da’volarimiz bor!». Qozon boshidagi odam quloqni qaydan chiqarishni bilmaydimi? Sud raisi soxta hujjat taqdim etgani uchun «da’vogarning javobgarlik masalasini hal etilsin», deya xususiy ajrim chiqarishni xayoliga keltirgani yo‘q. Ikkinchidan, javobgarlarning mashinaga ta’qiq solish haqidagi arizasini sa-al paysalga solgandi hammasi joyiga tushdi:da’vorgar «Kaptiva»ni sotishga (ehtimol, boshqa birovning nomiga o‘tkazib qo‘yilishiga) ulgurib, «kam ta’minlangan oila» sohibi maqomiga qaytdi go‘yo,  rais  esa xotirjamgina  da’voni qanoatlantirib berdi!

Qoyilmisiz?  Da’vogarning bunchalar peshonasi ochiq bo‘lmasa?  Rais da’vo muddati masalasida boshini qotirmadi. So‘ng davlat boji to‘lovi masalasida ham muruvvat ko‘rsatildi. Sudga taqdim etgan soxta hujjati fosh bo‘lishiga qaramay javobgarlikka tortilgani yo‘q. Eng muhimi - suddan murodi hosil bo‘lib ketdi!

Darvoqe, ushbu fuqarolik ishi FIB Toshkent shahar sudining kassatsiya bosqichida ko‘rilgan chog‘ unda saytimiz xodimlari ham ishtirok etgandi. Bu bosqichda avval  kuzatilmagan holat ro‘y bergani alohida ta’kidga loyiq: nihoyat, da’vogar sud majlisiga  keltirildi (avval  faqat advokatigina ko‘rinish berar ekan-da). Sud jarayonida A.Gaipnazarov gapini yo‘qotib qo‘ygan-yu poyma-poy  javoblaridan sudyalar mazza qilib kulishganini shu manzara guvohlari qotib-qotib aytib kelishdi.  Shunga qaramay, hal qiluv qarori, «qarz» summasidan foiz undirish qismi bekor qilingani aytilmasa, o‘zgarishsiz qoldi baribir! Qizig‘iki, sudga kelguncha da’vogar IIBga murojaat qilgan, bu jarayonda javobgarlarga nisbatan jinoyat ishi ochilib, ular bir muddat hibsga olingandi hatto. Ayovsiz tergovlarga qaramay ularning «qarz olib, bermay yurgani» isbotini topmadi. Kam uchraydigan holat: jinoyat ishi yopilib, gumondorlar qo‘yib yuborildi. Keyinroq IIB tergovchisining «jinoyat ishini tugatish haqidagi» qarori bir emas, uch marta bekor qilindi, shuncha marta qayta tergov o‘tkazildi, natija o‘sha-o‘sha: Smirnov va Xaitov aybsiz, firibgarligi ham, birovdan qarzdorligi ham tasdiqlanmadi... 

Uch karra tergov yo‘li (!) bilan o‘rganilganda isbotini topmagan A.Gaipnazarovning vajlari fuqarolik sudida «bir» degan asosli deb topilib, da’voning qanoatlantirilishi, bilgichlarning aytishicha, fantastikaga yaqinroq holat ekan... Balki, balki...

Albatta, sud qarorlariga nisbatan shikoyat berish mumkin. Hamma balo shundaki, birinchi bosqich sudining dastlabki majlislaridayoq javobgarlarning bor mulkiga ta’qiq solib qo‘yilgan (bu ta’qiqqa  javobgar I.Xaitov hamta’sischi bo‘lgan korxonayam tushib, faoliyati to‘xtab qolgani natijasida o‘n besh nafar ishchisining qozoni suvga tushganiga ancha bo‘ldi). Yuqoriga chiqish uchun esa boj to‘lash kerak. Boj to‘lay deyishsa, sotishi mumkin mulklari ta’qiqda.  Boj to‘lashni kechiktirib turadigan M.Imomovday mehribon sudya ularga uchramayapti...

Baribir Mullado‘stning gapi to‘g‘ri shekilli: «Qozi kalon, sizlar nimaiki qilmang – qonunga to‘g‘ri kelaveradi-ya... ».

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring