Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

«Rost bo‘lamiz, qozijon! Do‘st bo‘lamiz, qozijon!» - 2

«Rost bo‘lamiz, qozijon! Do‘st bo‘lamiz, qozijon!» - 2

1

Yaqinda FIB (fuqarolik ishlari bo‘yicha) Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasi FIB Uchtepa tumanlararo sudi raisi M.Imomovning navbatdagi hal qiluv qarorini bekor qildi.

Nima bo‘pti, yuqori bosqichda bekor qilinayotgan yoki o‘zgartirilayotgan sud qarorlari yo‘qmi, dersiz?!

Sud hujjatlari sifatiga doir masala yaxshigina tahlil qilinadigan alohida va jiddiy mavzu. Bunga bizning tishimiz o‘tmog‘i ham mahol. Biroq ta’kid etilayotgan hal qiluv qarori bilan bog‘liq jarayonlar boshqacha kechgandiki, bu haqda takror gapirmoq ayb bo‘lmas.

2

Qarang: Azamat Gaybnazarov degan fuqaro ikki nafar tanishi — D.Smirnov va I.Xaitovni sudga beradi. Da’vogarga ko‘ra, ikkovlon undan katta miqdorda qarz olib, yillar davomida aldab, qaytarmay kelgan go‘yo, shu bois sudga murojaat etmoqda: pullarimni foizlari bilan undirib bering, deb...

Gap bo‘lishi mumkinmas: sud organlari, xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hamma uchun ochiq dargoh. Illo, kim yig‘lab borsa, shartta qaror chiqarib beradigan «ibtidoiy qozixona» emas. Da’voing bormi — marhamat, davlat bojini to‘lagin-da, dalil-isbotingni keltir!

A.Gaybnazarovning da’vosi mo‘l-u dalili mo‘rt ekani boshidanoq ma’lum edi. Negaki, u avval ichki ishlar organlariga arz qilgan, vajlari bir emas, uch bor (!) tergov yo‘li bilan ezg‘ilab tekshirilsa-da, tasdig‘ini topmagandi. Tergov jarayonida javobgarlar bir muddat hibsga olindi hatto. Shundayam ularga tirkalayotgan ayb isbotlangani yo‘q! Shaxsni qamoqqa tiqibki, biror nima «topilmabdimi», demak, bu hazilakam gap emas! Faqat bu orada aybsiz ikki inson salkam ikki oy hibsda o‘tirgani-yu ularni shoshma-shosharlik bilan qamoqqa tiqqan tergovchining ishdan ketgani qoldi, xolos.

3

Xullas, IIBga arz qilib, murodi hosil bo‘lmagan A.Gaybnazarov fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da’vo kiritdi. Da’vo-ariza sud ish yurituviga olinib, uni rais M.Imomov shaxsan ko‘rib chiqishni boshlagani hamono ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar boshlanib ketdi. Bundan qisman boxabarsiz, chunki bu haqda saytimizda «Rost bo‘lamiz, qozijon! Do‘st bo‘lamiz, qozijon!» sarlavhali feleton chop etilgan, unda muhtaram sudyaning xatti-harakatlari hayrat bilan qalamga olingandi.

4

Qonunchilikda «da’vo muddati» degan tushuncha bor. Deylik, ishdan g‘ayriqonuniy bo‘shatilgan fuqaro (tegishli buyruq qo‘liga tekkan kundan boshlab) bir oy ichida sudga murojaat qilmasa, keyingi «toat-ibodati»dan foyda yo‘q. Sud o‘tkazib yuborilgan muddatni (holatdan kelib chiqib) uzrli deb topsa — xo‘p-xo‘p, aks holda bir zarb bilan da’vo rad etilishi ehtimoli yuz foizga teng. Mulkiy nizoga oid nizolar xususida ham shu gap: uch yilda sudga murojaat qilsang — qilding, yo‘qsa, dodingni Xudoga ayt!

A.Gaybnazarov da’vo mudddati o‘tib ketganidan keyin sudga murojaat qilgandi. Sud raisi buni hatto muhokama qilgani yo‘q: da’vo-ariza shartta ish yurituvga olindi. Bunisi-ku, mayli, davlat boji to‘lash masalasi «o‘yin»larni ayting?! Ya’nikim, da’vogar boj tariqasida 1 million so‘m to‘lab, qolganiga mahalla fuqarolari yig‘inidan (MFY) «ushbuni ko‘rsatuvchi shaxsning sharoiti og‘irroq» mazmuni aks etgan bir parcha qog‘oz keltirdi. Sud raisi shugina ma’lumotnomani asos qilib, davlat bojini kechiktirish haqida ajrim chiqardi. Shu tariqa sud majlisini o‘tkazish uchun «zangori chiroq» yoqildi go‘yo...

Biroq ko‘p o‘tmay, bu «o‘yin»ning misi chiqsami?!

5

Javobgar tomon ilk sud majlisining o‘zidayoq A.Gaibnazarov kambag‘al-pambag‘al emas, aksincha, «Kaptiva»ni uchirib yurgan boyvachcha ekani, u sudga taqdim etgan MFY ma’lumotnomasi soxtaligini isbotlab qo‘ydi.

Sud raisi soxta ma’lumot taqdim etganga qonuniy chora ko‘rish masalasini hal etdimi?

Qayoqda! Aksincha, da’vogarga suvdan quruq chiqish imkoniyatini taqdim etdi! Ya’niki, javobgar tomonning «Kaptiva»ga taqiq qo‘yish so‘ralgan arizasini «keyingi sud majlisida muhokama qilamiz», deya tanaffus e’lon qilvordi. Bir haftaga cho‘zilgan tanaffus davomida A.Gaybnazarov mashinasini sotib (yoki boshqa birov nomiga o‘tkazib), yana «kambag‘alga aylanib» ulgurdi. Vaholanki, davlatga to‘lanishi kerak bo‘lgan boj miqdori kam emas, naq bitta «Spark» narxi bilan barobar edi!.. Bundan «bojdan qochish operatsiya»si raisning «badiiy rahbarligi»da amalga oshirilmadimikan, degan mantiqli shubha tug‘iladi. Yo‘qsa, u o‘ziga qo‘shib, davlatni ham aldayotgan shaxsning hech-yo‘g‘i «burniga chertib» qo‘ymasmidi?!

Qisqasi, sudya da’vogarga suvdan quruq chiqish uchun qancha imkoniyat taqdim etsa, javobgarlarga buning aksini qilgani-chi?! Ikkisiga ham mamlakatdan chiqishiga cheklov, bor mol-mulkiga esa xatlov solgani tushunarli. Biroq uning cheklov-u xatlovlari nizoga umuman aloqasi bo‘lmagan (!) Buxorodagi «OZPROMTEK-BUXORO» sho‘’ba korxonasining mol-mulkiyu hisob-raqamini ham chetlab o‘tmaganiga nima deysiz?!

6

Sud raisining bunday xatti-harakatlari da’vo qanoatlantirilishidan belgi ediki, ko‘p o‘tmay ayni bashorat o‘zini to‘la-to‘kis oqladi! Bir necha bor tergov yo‘li bilan tasdiqlanmagan-isbotlanmagan va  da’vogarning ko‘p holatda bir-biriga teskari vajlari fuqarolik sudida asosli (!) deb topilib, da’vo qanoatlantirildi!

Bu nima degani?

Jaydari tilda tushuntirsak, istalgan odam xohlagan insonini hech bir dalil-isbotsiz, quruq gap bilan sudga tortishi mumkin, uning da’vo-arizasi FIB Uchtepa tuman sudi raisi M.Imomov qo‘liga tushsa, bas: ko‘zni chirt yumib, bir zumda boyvachchaga aylantirib qo‘yishi mumkin.

Fantastika!

Bu gaplarda mubolag‘a yo‘q. Kimda ishtiboh paydo qilgan bo‘lsa, ana — fuqarolik ishi, undagi hujjatlarga yuzaki ko‘z tashlashining o‘zi kifoya...

7

«Rost bo‘lamiz, qozijon! Do‘st bo‘lamiz, qozijon!..» feletoni qanday aks-sado berdi, dersiz? Har holda, qumga singgan tomchidek bo‘lmadi. Uning aks-sadosi oradan yetti oy o‘tib yangradi: da’vogar feleton uchun muallifga qo‘shib, saytni ham sudga berdi! Raddiya chop etish va ma’naviy zarar uchun 50 million so‘m tovon so‘rab...

Hozir gap bundagina emas.

Gap shundaki, A.Gaybnazarov bizni sudga bergan paytda advokatga ehtiyoj tug‘ilgandi deng. Ancha qadrdon, issiq-sovuq kunlarda bir-birimizga dalda bo‘lgan advokat akamizga murojaat qildik. Qadrdonimiz avvaliga shoshib qoldi, so‘ng rosa ikkilandi... Oxiri ming xijolatda uzr aytdi: bizga advokatlik qilib, sud raisi M.Imomov bilan munosabatlariga putur yetishini xohlamas ekan...

Qadrdonimizni tushunishga harakat qildik. Nachora, demak, kasbiy salohiyati va mahoratidan ko‘ra ayrim sud raislari bilan «samimiy munosabat» o‘rnatgan ba’zi advokatlarning «ishi besh»ligi rost ekan-da?!

8

Har ishda hikmat bo‘lganidek, qadrdonimizning «uzri» bir sinoatni xiyol ochib qo‘ygandek. Uning andishasidan kelib chiqilsa, feleton muallifi va «Xabar.uz»ni rasman A.Gaybnazarov sudga tortgan bo‘lsa-da, buning ortida sud raisi turganday...  Qoyil. O‘zganing qo‘li bilan «o‘ch olmoq» buncha oson bo‘lmasa?! Da’vogar sudlarda umuman qorasini ko‘rsatmasligi, faqat vakillari ishtirok etgani, ular esa raisga begona advokatlar emasligini bilgach, shubhalar chandon ortgani bor gap. Shunga qaramay sudda o‘sal bo‘lganimiz yo‘q, shukr. Bizdan tovon talab qilgan da’vogar vakili sud yakuniga yetay-yetay deganda «ishni ko‘rishni boshqa kunga qoldirish»ni so‘rab, o‘sha «boshqa kun» kelganda esa «oq bayroq»ni ko‘targancha, hatto xayr-ma’zurni nasiya qilib ketvorganidan esa xabaringiz bor.

Ancha keyinroq, o‘sha qadrdonimiz sud raisiga  xayrxohlik bildirib, «Unga Oliy suddan aytilgan ekan-da, yo‘qsa, bunaqa qaror chiqararmidi?» mazmunidagi gaplariga-ku shubha qilmaganimiz rost. Chunki, bu orada ajabtovur hal qiluv qarori FIB Toshkent shahar sudida deyarli o‘zgarishsiz qoldirilgandi...

8

Biroq «Oliy suddan aytildi» degan gap puch bo‘lib chiqdi baribir. «Bu «ish»ning orqasida Falonchiyev(a) turibdi» degan gaplar ham shunchaki mish-mish bo‘lib chiqdi. Nega desangiz, «delo» aynan Oliy sudda abjag‘i chiqarildi, o‘sha hay’at tarkibida esa nomi armonsiz sotilgan Falonchiyev(a) ham bor edi...

Oliy mahkamaning fuqarolik ishlari bo‘yicha nazorat instansiyasida avvaliga sudya M.Imomovning nizoga umuman aloqasi bo‘lmagan «OZPROMTEK-BUXORO» sho‘’ba korxonasining mol-mulkiyu hisob-raqamiga taqiq solish haqidagi ajrimi bekor qilindi. Bu paytga kelib (oradan qariyb bir yarim yil o‘tgandi, axir), taqiq bois korxona faoliyati to‘xtab, kasodga uchrayozgan, shu yerda mehnat qilib, ro‘zg‘or tebratayotgan o‘nlab insonlar ishsiz — tang ahvolga tushib bo‘lgandi (qarang-a, bitta noqonuniy sud hujjatining kasofati necha taqdirga ta’sir qilmoqda?!)...

Oliy sud hay’ati yana zarb bilan FIB Uchtepa tumanlararo sudi hal qiluv qarorini qariyb o‘zgarishsiz qoldirgan FIB Toshkent shahar sudi ajrimini ham bekor qilib, ishni shu sudning o‘ziga kassatsiya tartibida boshqatdan ko‘rib chiqishga yubordi...

9

Qayta o‘tgan sud besh oyga cho‘zilgani endi ahamiyatsiz. Muhimi, unda FIB Uchtepa tuman sudi raisi M.Imomovning nizo bo‘yicha chiqargan ajabtovur hal qiluv qarori bekor qilindi. Shuning barobarida da’voni rad etish haqida yangi qaror qabul qilindi. Ayni jarayonda davlat boji masalasiga e’tibordan chetda qolmasligi tabiiy. Birinchi istansiya sudida MFYning soxta ma’lumotnomasi (garchi uning soxta ekani o‘z vaqtida isbotini topgan bo‘lsa-da!) asosida bojdan qochgan da’vogar zimmasiga endi avvalgisidan ham ko‘proq pul to‘lash majburiyati yuklatildi. Chunki, fuqarolik ishi kassatsiya instansiyasida qayta ko‘rilganda boj miqdori ikki barobar oshib ketadi-da...

10

Fuqarolik ishining «ichiga kirmay», uning ayrim nuqtalari va asosan, «ish» tevaragidagi holatlargagina to‘xtalinayotgani e’tiboringizni tortgan bo‘lsa kerak. Shularning o‘zi uning atrofidagi «o‘yinlar» borasida yetarlicha tasavvur hosil qilishga yetib ortadi. Tafsilotlar ortiqchalik qilmasdi-ku, ammo o‘quvchining sabr-toqatini ham ayash kerak.

Davlatimiz rahbari sudlar mustaqilligini ta’minlash haqida kuyib-pishib gapirar ekan, ayni dargoh «biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart»ligini alohida ta’kid etadi. Shundan kelib chiqilsa, ba’zi sudyalarning o‘zlari ham qandaydir ta’sirlarga tushib qolmasligi kerak. Qalamga olingan voqelik misolida sud raisi qandaydir ta’sirga tushganini da’vo qilishdan yiroqmiz, albatta. Biroq u qabul qilgan hal qiluv qarori xolislik va qonuniylikdan ancha uzoq bo‘lgani ham inkor etib bo‘lmas holat. Ochiqdan-ochiq bir tomonga yon bosib chiqarilgan noqonuniy sud hujjatlari oqibatida ikkita oila yillar davomida moddiy va ma’naviy azob chekdi, nizoga umuman aloqasi bo‘lmagan korxonaga band solinishi natijasida kasodga uchrayozdi, bir necha yuz millionlab zarar ko‘rildi, fuqarolar ishsiz qoldi. Bu jarayonda hatto davlat manfaatlariga zid harakatlar ham qilindiki, bunga shunchaki ko‘z yumib  yoki ish ko‘rilishi jarayonida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan protsessual xato deb bo‘lmas...

Eng yomoni, bitta qonunsiz sud qarori fuqarolarda nainki sudga, balki davlatning insonparvar siyosatiga ham ishonchsizlik paydo qilishi ehtimolini ham yuzaga keltiradi. Muammoning eng og‘riqli nuqtasi shunda!

Pirovardida, yana bir gap. Avvalgi va ushbu maqolaga bejiz «Rost bo‘lamiz, qozijon! Do‘st bo‘lamiz, qozijon!» sarlavhasi tanlanmadi. Undagi ohangga e’tibor bermang, asosiy niyat nekbin: rostgo‘y (adolatparast) qozi(sudyalar)ga do‘stligimiz naqd!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring