Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-martdan nimalar o‘zgaradi?

1-martdan nimalar o‘zgaradi?

2024-yil 1-martdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgartirishlar sharhi Norma.uz portali tomonidan taqdim etildi.

Oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchilarni moliyalashtirish 

Oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchi korxonalarga eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun 2 yil muddatgacha eksport hajmi:

  • 100 ming AQSh dollaridan 1 mln AQSh dollarigacha bo‘lganda –100 ming AQSh dollarigacha;
  • 1 mln AQSh dollaridan 2 mln AQSh dollarigacha bo‘lganda –1 mln AQSh dollarigacha;
  • 2 mln AQSh dollaridan 4 mln AQSh dollarigacha bo‘lganda –2 mln AQSh dollarigacha;
  • 4 mln AQSh dollaridan ortiq bo‘lganda – 3 mln AQSh dollarigacha moliyaviy resurslar ajratiladi.

Qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish tartibi o‘zgaradi

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga elektron onlayn auksion savdolari joriy etiladi.

Shuningdek, ochiq elektron tanlovga chiqarilgan va g‘olib aniqlanmagan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari avtomatik tarzda elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishi nazarda tutilmoqda.

Ayrim tovarlar bojxona bojidan ozod qilinadi

2026 yil 1 martga qadar tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra olib kiriladigan, o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan bir qator tovarlar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

 Quyosh panellarini olib kirishda yangi talablar

 Texnik hujjatlarida yoki markirovkasida quyosh elementlarining sifat ko‘rsatkichlarini ifodalovchi  «A», «B», «C» va «T» tegishli  sinfi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud  bo‘lmagan quyosh panellarini chetdan olib kirish taqiqlanadi.

 Ruxsat berish tartib-taomillari soddalashtiriladi

 2024 yil 1 martdan boshlab:

  • faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar bekor qilinadi;
  • litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga qo‘llanilgan jarima summasi miqdori 15 kun ichida to‘langanda 50 foiz, 30 kun ichida to‘langanda – 30 foiz miqdorida chegirma beriladi.

2025 yil 1 yanvarga qadar huquqiy eksperiment tariqasida rentgen uskunasidan foydalanish va veterinariya laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish faoliyatlarini boshlash uchun o‘tish va moslashish davrini belgilaydigan «Biznesga litsenziyasiz kirish» maxsus rejimi joriy etiladi.

 Farmatsevtika mahsulotlarining davlat xaridlari

Davlat xaridlarini amalga oshirishda davlat buyurtmachisi bir lotda faqat bitta farmatsevtika mahsulotini (xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha dori vositalari va tibbiy buyumlar) kiritishi mumkin.

 Ijtimoiy xodimlar assistentlari qanday ishlaydilar

Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining soatbay asosda haftaning barcha kunlari xizmat ko‘rsatishi uchun  moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi. 

Har oyda bir marotaba ijtimoiy xodim assistentlarining faoliyati yolg‘iz keksalarning o‘zlari, mahalladagi ijtimoiy xodimlar va maxsus dastur tomonidan baholanadi. Baholash natijalaridan kelib chiqib «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari ijtimoiy xodim assistentlarini rag‘batlantiradi.

 Shaharsozlik sohasida litsenziya talablari o‘zgartirildi

Respublikasi hududida doimiy muassasasi bo‘lgan norezident yuridik shaxslar ham balandliklarda sanoat alpinizmi usullarida ta’mirlash, qurilish-montaj ishlarini bajarish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishlari mumkin.

Yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan baland va (yoki) umumiy maydoni 500 kv. metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar, agar ularga tutash hududlardagi yerlarning kamida 25 foizi ko‘kalamzorlashtirish maydonlariga ajratilmagan va ularda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirilmagan taqdirda, davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi.

Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga kiruvchi sanoat korxonalari loyiha hujjatlari bo‘yicha beriladigan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarida o‘z va tutash xududlarida «yashil belbog‘»lar barpo etish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirish majburiy talab etib belgilanadi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi biznesni qo‘llab-quvvatlaydi

Kompaniya tomonidan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlarining ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish loyihalari bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.

Sportchilar uchun ID-kartalar

Sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan O‘zbekistonning rasmiy musobaqalari, chempionatlari va kuboklarida ishtirok etish uchun sportchilarning mansubligi va ularning malakasini identifikatsiya kartalari (ID-karta) orqali aniqlash tartibi joriy etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring