Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mahkumlarga ruhiy va jismoniy bosim qilingani haqida 147 ta shikoyat kelib tushgan – Ombudsman

Mahkumlarga ruhiy va jismoniy bosim qilingani haqida 147 ta shikoyat kelib tushgan – Ombudsman

2023-yilning 10 oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi yuzasidan Ombudsmanga 147 ta shikoyat kelib tushgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy Majlis huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova ma’lum qildi.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarga ruhiy, psixologik bosim hamda jismoniy qiynoqlar qo‘llangani haqidagi arizalarning 28 tasi bevosita monitoring tashriflari davomida amalga oshirilgan yakka tartibdagi qabullarda, 23 tasi  yopiq muassasalardagi «Ombudsman qutisi» orqali, 46 tasi penitensiar muassasalar ma’muriyati va mahkumlarning (mahbuslarning) yaqin qarindoshlari tomonidan pochta aloqasi xizmati orqali, 22 tasi Ombudsman va uning mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshirilgan shaxsiy qabullar paytida ma’lum qilingan. Yana 22 ta murojaat elektron tarzda va 6 tasi Ombudsmanning “Ishonch telefoni” orqali kelib tushgan.

«Alohida ta’kidlash joizki, ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 21 ta xabarlar o‘rganilib, bu bo‘yicha munosabat bildirilgan. Mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning 9 ta talabnomasi kiritilgan», deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq Kun.uz nashri 2023-yilning olti oyida Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakiliga kelib tushgan murojaatlar asosida mahkumlar qiynoqqa solingani haqida 45 ta holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani haqida xabar bergandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning avgustida bosqinchilik va boshqa jinoyatlar uchun gumonlanib Toshkent shahar IIBB binosiga olib kelingan 33 yoshli shaxs so‘roq vaqtida vafot etgan, buning ortidan prokuratura tomonidan IIBB xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

4-iyun kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIB xodimlari o‘g‘irlikda gumon qilib, tergovga jalb qilingan yigitni tergov vaqtida urib o‘ldirib qo‘ygani ma’lum bo‘lgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring