Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1972 yilda uchirilgan «Kosmos-482»ning O‘zbekiston hududiga qulashi ehtimoli baholandi

1972 yilda uchirilgan «Kosmos-482»ning O‘zbekiston hududiga qulashi ehtimoli baholandi

Bir muddat oldin bundan 53 yil oldin «Venera-8» missiyasi doirasida uchirilgan «Kosmos-482» sayyoralararo kosmik apparatning yerga qulashi bilan bog‘liq xabar berilgan edi. 

Bir qator manbalar uning geolokatsiyasi Osiyo yoki Markaziy Osiyo davlatlari hududiga to‘g‘ri kelishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Uzcosmos agentligi mutaxassisi mazkur kosmik apparatning O‘zbekistonga qulashi ehtimolini tahlil qildi.

Agentlik bo‘lim boshlig‘i Ahror Agzamovning ma’lum qilishicha, haqiqatdan 1972 yil 31 mart sanasida Sobiq Sovet Ittifoqining «Venera» dasturi bo‘yicha «Kosmos-482» sayyoralararo kosmik apparati fazoga uchirilgan. Biroq raketa-tashuvchining yakuniy bosqichi muvaffaqiyatsiz ishlashi oqibatida u Yer orbitasida qolib ketgan.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, apparatning yerga qulashi 9-11 may kunlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. 

«Kosmos-482»ning aniq qayerga qulashini aytish biroz mushkul. Uning O‘zbekiston hududiga tushishining ehtimoli esa hozircha 0,3-0,5 foiz oralig‘ida baholanmoqda.

Apparatning katta qismi atmosferaga kirishi bilan yonib ketsa-da, Veneraning og‘ir sharoitlarida qo‘nish va ishlash uchun mo‘ljallangan yarim tonnaga (500 kg) yaqin massali titan shari alohida xavf tug‘diradi. Bu komponent yer atmosferasiga kirishda omon qoladi va butunlay qulab tushadi. Parashyut borligiga qaramay, koinotda 53 yil bo‘lganidan keyin u ishlamasligi mumkin. Yerga urilish tezligi esa soatiga 500 km. gacha yetishi kutilmoqda», – deydi Ahror Agzamov.

Qayd etilishicha, bo‘laklar topilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan rasmiylarga xabar berish va hech qanday holatda apparat qoldiqlari bilan aloqada bo‘lmaslik tavsiya etiladi, chunki ular tarkibida xavfli kimyoviy moddalar bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, sobiq Toshkent mashinasozlik konstruktorlik byurosi mazkur «Venera» dasturining so‘nggi bosqichlarida munosib ishtirok etgan. U «Venera-13 va 14» (1982) va «Vega-1 va 2» (1985) apparatlari uchun grunt olish va burg‘ilash qurilmalarini loyihalashtirgan hamda ishlab chiqargan. Ularni sinovdan o‘tkazish esa Toshkent viloyatidagi Nevich qishlog‘ida joylashgan sinov markazida amalga oshirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring