2030-yilga borib O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor — Prezident

O‘zbekiston prezidenti jamiyatning eng quyi bo‘g‘inigacha tushib, «mahallabay» ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani o‘zini har tomonlama oqlaganini ta’kidladi.
Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlash, daromadini oshirish uchun yetarli resurs ajratildi. Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 2,5-3 milliard dollar yo‘naltirilmoqda.
Qishloq aholisini daromadli qilish uchun 235 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, odamlarga 30-50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmi joriy qilindi. Bu ishlar 800 ming odamning daromadini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
Lider tadbirkorlar ko‘magida tomorqada serdaromad ekinlarni ekish va kafolatli sotib olish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
«Bir so‘z bilan aytganda, har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimiz hisobiga O‘zbekiston 2030 yilga qadar kambag‘allikni 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti.
2030-yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor», — dedi Prezident.
Hozirda mamlakatimizda yettita ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga olgan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi amalga oshirilmoqda.
Eng avvalo, kambag‘al aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratilmoqda.
Qulay ishbilarmonlik muhiti hisobiga o‘tgan sakkiz yilda 700 ming tadbirkor o‘zining barqaror biznesiga ega bo‘ldi.
«E’tiborlisi, davlat biznesga sharoit yaratib beryapti, tadbirkorlar esa o‘ziga ijtimoiy mas’uliyat olib, ehtiyojmand aholini ishli va daromadli qilishda ko‘makchi bo‘lmoqda.
Mana shunday samarali hamkorlik tufayli shu yilning o‘zida 270 mingdan ziyod kambag‘al oila a’zosi doimiy ishli bo‘ldi», — dedi Prezident.
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va nufuzli moliya institutlari bilan faol ishlanmoqda. Bu borada Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikdagi qishloqlarda yashash sharoitini yaxshilash, yo‘l qurilishi, tibbiyot va ta’lim xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha 5 milliard dollarlik loyihalar alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter