Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

28 yil qamoqda o‘tirgan amerikalik oqlandi

28 yil qamoqda o‘tirgan amerikalik oqlandi

Lamar Jonson.

Foto: Christian Gooden / Pool St. Louis Post-Dispatch / AP

AQShda 28 yil qamoqda o‘tirgan Lamar Jonson oqlandi.

Jonson 1994-yilning oktyabrida, Markus Boydni o‘ldirganlikda aybdor deb topilib, ozodlikdan mahrum etilgan edi. Boydni o‘z uyi yonida niqobli ikki kishi otib ketgan. Politsiyaning taxminicha, qotillikka narkotiklar savdosidan tushgan pullar ustidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan.

Jonson avval-boshdanoq aybsizligini, qotillik yuz bergan vaqtda sevgan qizi bilan bir necha kilometr olisda bo‘lganini isbotlashga urinib kelgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha guvohlardan biri Jeyms Elking politsiyaga dastlabki ko‘rsatmasida hujum qilganlarni taniy olmaganini aytgandi. Keyingi ko‘rsatmasida esa Jonsonni tilga olgan.

Jonsonga qarshi dalillardan yana biri qamoqxona qo‘riqchisi «tasodifan» eshitib qolgan suhbat. Uning aytishicha, kamerada saqlanayotgan Kempbell yoki Jonson «oq tanli yigitni otib tashlash kerak edi» degan, qo‘riqchining fikricha, Elking (guvoh) nazarda tutilgan.

Oxir-oqibat olis 1994-yilning kuzida Missuri shtati sudi Lamar Jonson aybdor deb topib, bir umrga ozodlikdan mahrum etdi. Qizig‘i, ikkinchi gumonlanuvchi Fil Kempbell, aybiga iqror bo‘lgani uchun, yengilroq jazoga loyiq ko‘rildi — yetti yil qamoq.

Keyinchalik, shu ish bilan shug‘ullangan Sent-Luis okrugi prokurori ofisi aniqlashicha, guvoh Elkingga bosim o‘tkazilgan, ko‘rsatma berishga roziligi uchun unga kamida 4 ming dollar to‘lashgan.

Kecha, 14-fevral kuni Missuri shtati sudyasi Lamar Jonsonga 28 yil avval o‘qilgan ayblov hukmini bekor qildi. Sudya Devid Meyson ushbu qarorni ayblov uchun dalillar yetarli darajada ishonchli emasligi bilan izohladi.

Haqiqat egiladi, ammo... 22 yoshida panjara ortiga tashlanib, 50 yoshida chiqarilgan Lamar Jonson...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring