Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

30 avgust: Napoleonning mag‘lubiyati, malika Diana va Gorbachyov o‘limi, Gabon to‘ntarishi...

30 avgust: Napoleonning mag‘lubiyati, malika Diana va Gorbachyov o‘limi, Gabon to‘ntarishi...

Foto: sun’iy intellekt

30 avgust sanasi tarixda juda ko‘p dramatik, siyosiy va hatto g‘ayrioddiy voqealar bilan bog‘liq. Ularning ayrimlari dunyo tarixining yo‘nalishiga ta’sir ko‘rsatgan.

1757-yil – Gross-Yegersdorf jangi

Yetti yillik urush davrida Rossiya qo‘shinlari Prussiya armiyasi ustidan muhim g‘alabaga erishgan.

1813-yil – Kulm jangi

Napoleon Fransiyasi qo‘shinlari Avstriya, Prussiya va Rossiya ittifoqi tomonidan mag‘lub etildi. Bu Napoleonning Yevropadagi mavqei zaiflashib borayotganini ko‘rsatgan muhim janglardan biri bo‘lgan edi.

1835-yil mashhur shaharga asos solindi

Avstraliyaning bugungi eng mashhur shaharlaridan biri bo‘lgan Melburnning yevropaliklar tomonidan doimiy joylashuvi shu sana bilan bog‘liq.

1836-yil – Xyuston tashkil topdi

AQShning Texas shtatida keyinchalik ulkan megapolisga aylangan Xyuston shahriga asos solindi. O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov shu shaharda hayotdan ko‘z yumgan (2016 yil 5 noyabr).

1862-yil – Amerika fuqarolar urushidagi ikkinchi Bull-Ran jangi

Konfederatsiya qo‘shinlari Ittifoq armiyasini yirik mag‘lubiyatga uchratdi. Bu Amerika fuqarolar urushidagi muhim burilishlardan biri bo‘lgan.

1914-yil – “Nashriyot” tuzildi

O‘rta Osiyo jadidchilik harakati yo‘lboshchisi, XX asr o‘zbek milliy matbuoti va yangi usuldagi milliy maktab asoschisi Munavvarqori boshchiligida bir guruh taraqqiyparvarlar “Nashriyot” shirkatini tuzdilar. Uni tuzishdan maqsad gazeta, jurnal va kitob nashr qilish yo‘li bilan aholini ma’rifatli qilish va Yevropa madaniyati yutuqlaridan bahramand etish edi.

1916-yil – Ernest Shekltonning mashhur qutqaruv operatsiyasi

Bu 30 avgust tarixidagi eng ta’sirli voqealardan biri. Mashhur qutb tadqiqotchisi Ernest Sheklton to‘rtinchi urinishda Antarktidadagi Elefant orolida qolib ketgan 22 nafar ekipaj a’zosini tirik holda qutqardi. Ular Endurance kemasi halokatga uchraganidan buyon bir necha oy davomida og‘ir sharoitda yashagan edi.

1922-yil – Turkiyaning G‘alaba kuni (Zafer bayrami)

1922 yil aynan 30 avgustda Dumlupinar jangida turk qo‘shinlari yunon armiyasi ustidan hal qiluvchi g‘alabaga erishgan. Keyinchalik bu sana Turkiyada milliy bayramga aylandi.

1941-yil – Leningrad qamali boshlanishidagi og‘ir kunlar

Ikkinchi jahon urushi davrida Germaniya qo‘shinlari Leningradga olib boruvchi so‘nggi temiryo‘l yo‘lini uzib qo‘ydi. Keyinchalik shahar uzoq va dahshatli qamalga duchor bo‘ldi.

1963-yil – Moskva–Vashington “Qizil telefon”i ishga tushdi

Sovuq urushning eng xavfli davrlaridan keyin AQSh va SSSR rahbarlari o‘rtasida tezkor aloqa kanali ishga tushirildi. U yadroviy mojaroning oldini olish uchun juda muhim vositaga aylandi.

1967 yil – Turgud Marshall yaratgan tarix

AQSh Senati Turgud Marshallni Oliy sud sudyasi etib tasdiqladi. U AQSh Oliy sudidagi birinchi qora tanli sudya bo‘ldi.

1995-yil ordenlar ta’sis etilgan

O‘zbekiston Respublikasining “Mehnat shuhrati” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”, “Shon-sharaf” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida” Qonunlari qabul qilindi.

1997-yil – Diana fojiasi

Dunyo matbuoti Parijda sodir bo‘lgan avtomobil halokati haqida xabar tarqatdi. Fojia 30 avgustdan 31 avgustga o‘tar kechasi ro‘y bergan. Halokatda Britaniya qirollik oilasining mashhur vakili, Uels malikasi Diana, Dodi Fayed va haydovchi Anri Pol halok bo‘lgan.

2005-yil – “Katrina”dan keyingi dahshat

“Katrina” to‘fonidan bir kun o‘tib, Nyu-Orleanning katta qismi suv ostida qoldi. Qutqaruvchilar vertolyot va qayiqlar yordamida yuzlab odamlarni olib chiqishga harakat qildi.

2010-yil 18 metrli monument ochildi

Buxoroda “Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumenti qad ko‘tardi. Uning markazida uch avlod – ota-ona va bola, nihol o‘tqazayotgan bobo va nabira hamda uy qurayotgan ota-o‘g‘ilning barelefli haykallari aks ettirilgan. Obida tepasiga balandligi 5 metr, vazni 32 tonnadan iborat aylanib turuvchi ulkan Yer shari o‘rnatilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston xaritasi tasvirlangan.

2021-yil – AQSh Afg‘onistondan chiqib ketdi

30 avgust kuni AQShning Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy ishtiroki amalda yakunlandi. Oxirgi AQSh samolyotlari Kobul aeroportini tark etdi.

2022-yil – Mixail Gorbachyov vafot etdi

Sobiq ittifoqning so‘nggi rahbari, “qayta qurish” va “oshkoralik” siyosati bilan tanilgan Mixail Gorbachyov 91 yoshida vafot etdi. Uning siyosiy merosi SSSRning yemirilishi va sovuq urushning tugashi bilan chambarchas bog‘liq.

2023-yil – Gabonda davlat to‘ntarishi

Gabonda harbiylar prezident Ali Bongo Ondimbani hokimiyatdan chetlatilganini e’lon qildi. Ular uni korrupsiyada ayblashgan.

A.Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring