Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

43 ming kishining hayotini butkul izdan chiqargan hodisa

43 ming kishining hayotini butkul izdan chiqargan hodisa

Foto: CBC

2023-yil 7-oktyabrdan keyin G‘azo sektoridagi urushda jarohatlangan 172 ming kishining 43 ming nafari mehnatga layoqatsiz majruhga aylandi. Hayoti butkul salbiy tomonga o‘zgargan 43 ming kishining 10 ming nafari bolalardir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tahlillari ana shundan dalolat beradi.

Hisobotda Isroil harbiy harakatlari oqibatida jarohatlanganlar keltirilgan, G‘azo sektori sog‘liqni saqlash tizimi butkul izdan chiqqani oqibatida tibbiy xizmatdan foydalanish imkonidan mahrum bo‘lgan bemorlar, nogironlar bu sanoqqa qo‘shilmagan.

Nogironlar aravasi, protez kabi qo‘shimcha jihozlar u yoqda tursin birlamchi tibbiy uskunalari ham yetishmayotir.

«G‘azo sektorida tibbiy xizmat tizimi ko‘makka muhtoj holda qolar ekan, davolash mumkin bo‘lgan nogironlik bedavo xastalikka aylanmoqda. G‘azoda tibbiy xizmat uchun vaqtincha choralar emas, balki doimiy sarmoya, uskunalar, bemorlar tiklanishi va sog‘lom hayotga qaytishi uchun tizim va shart-sharoit kerak», – deydi JSSTning ishg‘ol ostidagi Falastin yerlaridagi vakili Reynxilde van de Veyerdt.

JSST xalqaro hamjamiyatni G‘azoda sog‘liqni saqlash tizimini qayta tiklash, tibbiy uskunalar hamda dori-darmon ta’minotini yo‘lga qo‘yishga undamoqda.

Ekspertlar ko‘pdan buyon G‘azo sektorida minglab tinch aholi vakillari o‘ldirilgani, xususan, ko‘p sonli bolalar va ayollar qo‘l-oyog‘idan ayrilgani, mayib-majruh bo‘lib qolganiga e’tibor qaratib kelmoqda.

«Barcha urushlar ham odamlarning o‘limi, jarohatlanishi va nogiron bo‘lib qolishiga olib keladi. Ammo G‘azoda ikki yildan buyon davom etayotgan tizimli genotsid oqibatida tana a’zolari amputatsiya qilingan (kesib tashlangan) odamlar soni juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning aniq soni ma’lum emas. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan ma’lumotga qaraganda, 2023-2025-yillar mobaynida 4500 kishining quyi va yuqori tana a’zolari amputatsiya qilingan. Ularning asosiy qismini xotin-qizlar va bolalar tashkil etadi», – deb yozgan edi inson huquqlari eksperti.

Avval xabar berganimizdek, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham G‘azodagi vaziyatni «dahshatli va halokatomuz» deb baholagan edi.

«Ayni paytda sog‘liqni saqlash tizimi butunlay yakson bo‘lgan G‘azo sektori amputatsiya qilingan bolalar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turibdi. Ko‘plab bolalar (tana a’zolarini kesish) amaliyotlarini hatto anesteziyasiz o‘tkazmoqda. Biz ko‘rib turgan voqelik og‘ir xalqaro jinoyat deb malakalanishi mumkin», – degan BMT bosh kotibi.

G‘azo hududidagi shifoxona va tibbiy muassasalar bombardimonlar oqibatida vayron bo‘lgan.

Isroil G‘azodagi shifoxonalar va boshqa fuqarolik obyektlariga tanlovsiz bomba yog‘dirganini Harvard universiteti olimlari ham tasdiqlagan.

2023-yil dekabr oyida Isroil askarlari Kamol Advan shifoxonasidagi falastinlik bemorlarni buldozerlarda bosib o‘ldirgani ham xalqaro hamjamiyatning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.

BMT xulosasicha, Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan noteng urushda 72769 nafar falastinlik halok bo‘ldi, yana minglab jasadlar vayronalar ostida qolmoqda.

2025-yil sentyabr oyi BMT komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb tan oldi. Amnesty International inson huquqlari tashkiloti ham ana shunday xulosaga kelgan

17 yil qisman blokada sharoitida yashagan G‘azo sektori 2023-yil oktyabr oyidan buyon to‘liq qamal ostida. Hududga suv, oziq-ovqat, yonilg‘i kirishi cheklangan.

2,3 million aholi hayotiga Isroil bombalaridan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solib turibdi. 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring