Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

80 gektardan ortiq yer maydoni chiqindi poligonlaridan tabiatga qaytarildi

80 gektardan ortiq yer maydoni chiqindi poligonlaridan tabiatga qaytarildi

Foto: Gov.uz

Chiqindixonalar davlat tasarrufiga berilgach, ularga e’tibor, munosabat va boshqaruv ham tubdan o‘zgardi desa bo‘ladi. Egasiz va qarovsiz, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, ko‘z o‘ngimizdagi salbiy manzaradagi chiqindixonalar endi tartibga kiryapti

Prezidentning 2023 yil 31 maydagi 171-son Qaroriga asosan “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi tashkil etilib, chiqindi poligonlari boshqaruvini tizimlashtirish, modernizatsiya qilish hamda optimallashtirish vazifasi yuklatilgan edi. 

Hozir chiqindixonalarda atmosferaga chiqarilayotgan tashlanmalarni monitoring qilish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha suv havzasi, sanitar burchaklar, qorovulxona, hojatxona hamda suv quduqlari, dizbarer qurilmasi barpo etilib, uzluksiz elektr va ichimlik suvi ta’minotiga e’tibor qaratilyapti. 

 Jumladan, Ekologiya vazirligi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan poligonlardagi 300 ga yaqin maxsus texnikalarga zamonaviy GPS nazorat tizimi o‘rnatilgan. Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha 78 ta maxsus texnika xarid qilinib, hududlarga tarqatilgan. 

 Hozirda jami 184 ta maishiy chiqindi poligonidan 39 tasi tartibga keltirilib, o‘rtacha 70-80 sm tuproq qatlami bilan yopildi, aholi salomatligi, atrof-muhit va ekologiyaga salbiy ta’siriga chek qo‘yilib, yerlar tabiatga qaytarildi. 

 Joriy yilning birinchi choragida Toshkent, Namangan, Andijon, Buxoro, Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarining jami 14 ta tumanda joylashgan qattiq maishiy chiqindi poligonlarida surish, zichlash, tekislash ishlari amalga oshirildi. Qolaversa, manzilli dastur asosida 37 ta chiqindi poligoni avtotarozi va kuzatuv kameralari bilan jihozlanmoqda. 

Shuningdek, 2025 yil davomida 18 ta chiqindi poligonini rekultivatsiya qilib, tuproq qatlami bilan yopish maqsad qilingan. 

“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida respublika bo‘yicha 2024 yilda 123 ta chiqindi poligoni atrofida 461,0 ming tup hamda 2025 yil bahor mavsumida 130 ta chiqindi poligoni atrofida 367,7 ming tup terak, tut, qayrag‘och, saksovul, tol va boshqa turdagi daraxt ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘”lar tashkil etildi. 

Kelgusida 970 gektar yer maydonini rekultivatsiya qilib, tabiatga qaytarish, yiliga 58,5 mln tonna gaz sizib chiqishi hamda yong‘in xavfini oldini olish, sizot suvlarining atmosfera havosiga salbiy ta’sirini o‘rtacha 78 foizga kamaytirish, 116 ta shahar va tumanlarda sohadagi holatni to‘liq yaxshilashga erishish rejalashtirilgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring